Jump to content

«Talabalar o‘yuni»

From Wikisource
«Talabalar o‘yuni» (1927)
by Abdulhamid Choʻlpon
335253«Talabalar o‘yuni»1927Abdulhamid Choʻlpon

(o‘zicha)

2-iyunda shanba kuni davlat teatri binosida Ozarbayjon davlat teatri texnikumi talabalarining birinchi o‘yunlarini ko‘rish sharafiga erishdik. Kelgusida sahnamizni gullatmak uchun bu kun tubli bir bilim yurtig‘a kirib o‘qub yotqan azamatlarimiz ikki yilgina bir tahsildan so‘ng sahnada birinchi tajribalarini ko‘rsatalar. Shu uchun bu o‘yunni biz juda quvonib, yayrab tomosha qildiq. Asar va uning o‘ynalishi to‘g‘risida o‘z fikrimni aytib o‘tmakchi bo‘lg‘animda azamat yigitlarimizning hali ham ikki yoshliq talabagina ekanliklari hamma vaqt ko‘z oldimda turdi va shu nazar bilan qarab turub bu mulohazani yozdim.

***

Asar rus adiblaridan biriniki deyilgan. Chinakam u rus talabalik turmushini ko‘rsatadi. Inqilobdan burung‘i talabalarning o‘qushdan ko‘ra ko‘prak qizlar bilan o‘ynashish va boy bo‘lish uchun chalishqanlarini, bu asar bizlarga – bu kunning odamlarig‘a bilintirib qo‘yadi. Bu jihati yaxshi, lekin akturni o‘sdirish katta bir masalani ochib berish kabi fazilatlari bo‘lmasdan yengil va bachkana bir kulgi bo‘lg‘anlig‘idan uning sahnada ko‘rilishini katta bir voqea deb bo‘lmaydi. Rus va ajnabiy turmushdan oling‘an asarlar orasida juda yaxshi asarlar bo‘lg‘ani holda bu asarning tanlanishi ko‘bda maqtalib bo‘lmayturg‘an xizmat. Xayr bu jihatini ham haligi tajriba degan nuqtasi yopib ketadi deylik…

Asar «lashdirilgan» ya’ni Ozarbayjon kebatasiga kirgizilgan. Bu bizningcha yaramaydi. Har qanday bu asarning asl ruhi nuqtalarini topib o‘shalarni boshqa bir elning ruh nuqtalarig‘a to‘g‘rilab o‘ynash yaxshi. Dunyoning eng yuksak teatri bo‘lg‘an rus teatrida ajnabiy asarlarga shunday yo‘l bilan yaqinlashadilar. Asl ruh, asl javhar boyag‘iday qoldirilib yolg‘iz “ustubosh” kiygizilsa va “Tursinboy, Eshmat” kabi nomlar qo‘yulsa undan ko‘b ham yaxshi natija chiqmaydi. Bu asarda ham ismlar “Ramziy, Ilyas, Shavkatzoda” bo‘lg‘an. Lekin bashara (bet) boyag‘icha qolabergan. Muning ustiga ozarbayjonchadan o‘zbekchaga tabdili 50 parasan kam bo‘lg‘an, ya’ni 50 parasan o‘zgartirilmay qolg‘an. Shu uchun bu kungi tomoshada ikki shevaning baravar poygalashganini ko‘rdik. Bu juda qiziq bo‘lar ekan… Umud qilamizkim, kelgusida bu jihati tuzalar.

Munda qiziq bir narsa bor. Asarning “lashdirilgani” bundan to‘g‘ri bo‘lmasa-da, shu safar u o‘yin uchun ko‘b hayotli chiqdi. Bu “lashdirish”dan talabalarimiz (qaytarib aytaman: talabalarimiz!) bundaylar agar ozarbayjonlashtirish bo‘lmasa o‘yun bir necha parasan muvaffaqiyatsiz chiqar edi. Chunki talabalarimizning saviya va tahsil darajalari bir emas. So‘ngra maktabda bizning talabalar hali piraktik (tajriba) yo‘lig‘a o‘tmaganlar. Shu hollar asarning muvaffaqiyatini shubhada qoldirar edi. Ayniqsa, qizlar, ular Ozarbayjon va, umuman, Sharqning uyalchan, tortinchoq va adabli qizlarini ko‘b yaxshi o‘ynadilar. Uning o‘rnig‘a sho‘x, dadil va erkin Ovrupo qizi basharalari berilsaydi. Albatta, bir yilgina maktab ko‘rgan qizlarimiz qistalab qolardilar.

Men ayrim akto‘rlarning o‘yunlarig‘a to‘qtalmayman. Negakim, talabalarni chuqur tekshirib bo‘lmaydi. Bir necha og‘ir gap bilan aytib ketilmakchi bo‘ling‘anda shunigina demak lozimdirkim, hamma o‘ynag‘uchilar astoydil berilib o‘ynaydilar. Ayniqsa, yaxshi qizlarimiz birinchi martaba sahna ko‘rganlari holda ancha erkinlik ko‘rsatdilar. Burun sahna ko‘rmagan yigitlarimiz kelgusi uchun umud berdilar. Burun sahnaga chiqib kelganlari maktab ko‘rganlarini ko‘rsatdilar. Burundan bilib va tanib kelganimiz Sayfi qori shunday bir ro‘lda chiqdikim, uni tanqid qilishg‘a mahal qolmadi. Ya’ni bir erkak sufati bilan ko‘rsatgan kamchiliklarini xotinlig‘i yopadi va bir xotin sufati bilan qilg‘an xatolarini erkakligi yopadi. Lekin uning eski sahna odami ekani bilib turadi. Qadimg‘i Karim o‘z ro‘lida bo‘lmag‘ani uchun bo‘lsa kerak, o‘zini ortiqcha sezdirmadi. Umuman, o‘yun tekis o‘tdi. So‘zlar “atala til” bilan bo‘lsa-da ochiq va anglayishli qilib aytildi. So‘z oxirida bu azamat talabalarimiz va ayniqsa jur’atli umudli qizlarimizni yana bir qur olqishlab o‘tamiz. O‘zbekiston maorif xalq komissarligi bu talabalarga ham yaxshi qunt qilib qarab ularning tilaklariga javob berish lozim. Umudli talabalarimizning birinchi o‘yunlari shuni talab qiladi.

Cho‘lpon

“Zarafshon” 1927-yil 9-iyun.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"