Jump to content

«Tavakkaltu alolloh»ni degan er — na talqonu na qalqonning g‘amin yer

From Wikisource
«Tavakkaltu alolloh»ni degan er — na talqonu na qalqonning g‘amin yer (1923)
by Abdulla Qodiriy
334198«Tavakkaltu alolloh»ni degan er — na talqonu na qalqonning g‘amin yer1923Abdulla Qodiriy

Mana bu bir juft bayt, o‘zimizning ota-bobodan qolib kelgan halol molimizdur. Ushbuni ham kim maniki, desa boshi o‘lumda, moli talondadur. Agar qo‘ni-qo‘shnilarning ko‘z olaytirishlaridan qo‘rqmay, doirani kengaytiribroq yuborsaq bu baytdan butun Sharqni ham nasibador qila olamiz. Ammo boshqalarg‘a yo‘l-yo‘ruq yo‘qdur.

Chunonchi bu bir juft baytning ma’xazini tekshirsak, tarixning quloch-quloch ichkarisiga kirib ketamiz; varaq-varaq tarix hamoqat va shaqovatidan o‘quy-o‘quy nihoyat hazrat Odamga, nihoyat almisoqqa borub yetamiz. Roviylarning rivoyatiga qarag‘anda, almisoq kuni bir farishtaning qo‘lida: «Al-harakatu fal-baraka», ikkinchi farishtaning qo‘lida «Man tavakkal fatasaqqal» degan shiorlar ko‘tarilibdur. Shul vaqtda jarchi chaqiribdurkim: «Ey, arvohi bani Odam, ushbu ikki shiordan bittasini qabul qilishg‘a erklikdirsizlar!»

— Olha… Qarabsizki arvohi millati najib o‘zbek «Man tavakkal fatasaqqal» shiorini ushlagan farishtaning ustiga tutdak to‘kulub:

«Tavakkaltu alolloh»ni degan er:

Na talqonu na qalqonning g‘amin yer!

— degan baytni xo‘r bilan o‘qub yetti qat ko‘kni titratibdirlar.

Bu tekshirishimiz, da’vomizni tarix bilan isbot qilish bo‘lub, ammo dalil va isbotni xalqimiz va tirikligimizning o‘zidan olg‘anda ish yana abjaq. Kimning og‘zig‘a quloq solsang «Bo‘lsa bo‘lar — bo‘lmasa g‘ovlab ketar», «Umaralixonu Ma’dalibek, taralagijdangu taralagijdang», qahramonlar bilan bitta-bitta tanishib boqsaq tag‘in ishlar joyida.

— Muallimlarimiz: «Chalakam chatti yoram zuvalam zavzi kalam chanta?»ni bilib olg‘anlar-da, narigi yog‘ig‘a bir orqa tavakkul!

— Ishchilarimiz og‘zidag‘i: «Qo‘li qadoq, peshonateri, ur kaltak — sur kaltak» so‘zi quloqlarni garang qilsa ham amalda ehe…

— Xotunlarimiz: «Qozonda jiz-biz, o‘runda siz-biz» she’rini o‘quydirlar-da, natijada besh-oltita duvaraklar millat uchun hadya: ya’ni avlod, vatan, deysiz-da, qulbachchalarni!

— «Ziyolik, yosh ko‘z ochg‘an va yangi fikr» — sarlavhasidagi muammolar eshitishimizga qarag‘anda «Millatga ilm kerak, ma’rifat kerak!» deb hovliqar emishlar-da, ishka kelganda «La havla va la quvvata illa billah…»

— Toshmat akamizning burunlaridan ip taqilg‘an bo‘lsa ham hamon tavakkaltu alolloh…

Bas, bu bir juft bayt har jihatdan ham biznikidir, bizning ila aljipsu va la bilimdir.

«Tavakkaltu alolloh»ni degan er:

Na talqonu na qalqonning g‘amin yer.

Mushtum

«Mushtum» 1923 yil, 3-son, 2-bet


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"