Jump to content

1921-yil 2-yanvarda oʻtkazilgan „Imlo qurultoyi“ning 2-oʻltirishida soʻzlangan nutq

From Wikisource
1921-yil 2-yanvarda oʻtkazilgan „Imlo qurultoyi“ning 2-oʻltirishida soʻzlangan nutq (1921)
by Abdulhamid Choʻlpon
3683311921-yil 2-yanvarda oʻtkazilgan „Imlo qurultoyi“ning 2-oʻltirishida soʻzlangan nutq1921Abdulhamid Choʻlpon

Qurultoyning 2 nchi oʻltirishi 2 nchi yanvarda kunduz soat 11 da Behbudiy qlubida ochildi. Majlisda Shokirjon Rahimiy – rais, Vadud Mahmudiy – sarkotib edilar.

Boshlab hay’ati idora ismida Vadud oʻrtoq hay’atning qarori boʻyincha qurultoygʻa Shokirjon Rahimiy raislikga, Fitrat ila Shahid Ahmadiy muovun raislikga, Vadud ila Nurulla kotiblikga belgulanganliklarin eʼlon qildi.

Galdan tashqari: Abdulhamid Yunus oʻrtoqning taklifi boʻyincha qurultoy ochiluv munosabati bilan markazga (Maskavga) Maorif qoʻmisari Lunacharskiyga tabrik telgʻiromi yuborishgʻa qaror qilinub, buni oʻrniga yetkarish idora hay’atiga topshurildi.

Galdagi mas’alalardan 1 nchi oʻrinlardan boʻladirgan maʼruzalarni tinglarga qaror berildi. Boshlab Avliyoota vakili Vahob Dovud oʻrtoq ushbu maʼruzani oʻqudi:

VAHOB DOVUD: – bizning shaharda boʻlgʻan oʻquchi – oʻqutuchilar imlomizning turliligi jihatidan koʻb qiynaldilar. Unlar soʻnggʻi zamonda oʻquchilar orasida shahar va uyaz oʻqutgʻuchilarini bir yerga yigʻib til va imlo ham boshqa oʻquv-oʻqutuv yoʻllaridagi qiynoqlarni bir tomon qilish uchun har maktablarda bir turli ish koʻruv ham bola tarbiyasi yoʻllarinda harakatlar boshlangʻan edi. Toshkandga chaqirilgʻan qurultoy bizning oʻqutgʻuchilarimiz va oʻquchilarimizni juda sevindirdi.

Avliyoota shahrida piyesa yozishuv, tiyotrlar qoʻyuv, muziqa oʻrganuv ishlari yaxshi yoʻlga qoʻyilub boradir. Bu ishlar avval toʻdalar orasida boshlangʻan boʻlsa-da, soʻnggʻi vaqtda maorif shoʻbasining yonida tiyotru truppalari tashkil etildi. Bundan ikki oy burun oʻzbaklarga maxsus muziqa maktabi ochildi. Anda darslar milliy turk kuylarida juda yaxshi davom etadir. Yoshlar orasida sanoyi’ nafisaga boʻlgʻan havas juda zoʻrdir. Bu hol bizdagi umidlarni ortdirsa ham oʻqutgʻuchilarning yetishsizligi yoʻlboshchilarning yoʻqligʻi xafagarchiligimizni ortdiradir; bizda tiyotrlik osbob yoʻq, noʻta yoʻq va boshqa koʻb narsalar yoʻq…

Markazdan atrof shaharlarga va qishloqlargʻa yaxshi ahamiyat bermagin tilaymiz.

VADUD MAHMUDIY: (Jizzax vakili) – oʻquv-oʻqituv sanoyi’ nafisa ishlari markazda qanday boʻlsa-da yoʻlga qoʻyulgʻan, lekin atrof shahar va qishloqlar bu holdan mahrumdir. Otrofdagʻi ishlar buzuq, oʻquv uchun darsliklar yoʻq, matbuot yoʻq, oʻqutgʻuchilarimiz taʼlim yoʻllarini bilmaylar, bu yoʻllarni oʻrgatuchilar ham yoʻq.

Bizning Jizzaqda ishlarimiz shu holda. Sanoyi’ nafisa jihatiga qarasaq, maorif idorasi qoʻl ostida bir truppa tuzilgan boʻlsa-da piyesalarning yetishsizligi, sahnamizning yoʻqligʻi sababidan hech bir ish qila olgʻani maʼlum emas.

Maorif idorasi tomonidan bir sahna vujudga kelturmak uchun 2 milyon soʻm chiqarilgʻan boʻlsa-da hozirgʻa qadar bir narsa ham ishlagani yoʻq. Uning bilan ishlanuvi ham mumkin emas. Bundan necha vaqt ilgari muziqa oʻrganuv ishlari bosh koʻtargan boʻlsa-da asossiz boʻlgʻani uchun, bu harakat oʻz oʻzidan yoʻq boʻlub ketdi.

Oʻrtoq ZEHNIY: (Samarkent vakili) – bizning maktablarimiz va qurslarimizda boshda yangi imlo bilan darslar berilub kelgan boʻlsa-da, soʻnggʻi vaqtda qaysi bir mutaassib eski kishilar tomonidan bir qancha igʻvolar tarqatilib bu ishga qarshu harakat boshladilar.

Muziqa dastalari va tiyotru truppalari ishlari gʻoyat ayanch holdadir. Maorif shoʻbasining ahamiyat bermaganligi orqasida soʻng vaqtda tiyotru truppalari siyosiy idoraning qoʻl ostigʻa koʻchdi.

Samarkentning ikkinchi vakili ham bu soʻzlarni kuchlab ilgari oʻquv-oʻqutuv ishlari yangi imlo bilan yurutulub turgʻanda oʻzini proʻpessoʻr onglagʻan bir mutaassiblarning harakati bilan ularning yoʻliga sadlar chekildi. Lekin oʻquvchilarimiz doimo yangi imloni suyuvda boqiy qoldilar dedi.

ASHURALI ZOHIRIY: (Xoʻqand vakili) – imlo toʻgʻrisida man hozir bir narsa demayman.

Bizning shahrimizda tiyotru truppalari bor, biri agit-prosvet qoʻl ostida „Qizil arslon“ otida, boshqasi maorif idorasi qoʻl ostida. Bu truppalar har qancha yoʻlga qoʻyulgʻan boʻlsa-da ishlari olgʻa bormaydir. Bizda yetarlik piyesalar yoʻq, oʻz turmushimizga doir dekaratsiyalar yoʻq, artiskalar yoʻq. Sahna toʻgʻrilarida musulmonlar „Turon“ muziqachilar toʻdasi tuzulub duxovoy muziqalar oʻrganub namoyishlarda oʻzlarini koʻrsatub turalar. Dorulmuallimiyn shogirdlari 2 yildan beri qilli muziqa oʻynab, endi duxovoy muziqa chala boshladilar.

Bizdagi yetishsizliklarni Maorif qoʻmisarligʻining toʻlduruvga harakatda boʻluvini soʻraymiz.

NURULLA MURODIY: (Kattaqoʻrgʻon) – oʻtkan yil bizning Kattaqoʻrgʻonda imlo ishlari turli yoʻlda borgʻan boʻlsa-da bu yil yangi imloda oʻqitub turadir. Oʻqituvchilar bir-ikki martaba yigʻin yasab, oʻzlarining tushunmagan yerlarini bir-birlaridan onglab, tekshirub, tushunub turalar.

Oʻqugʻuchilarning barchasi yangi imloni qabul qilgʻan boʻlsalar-da baʼzi domlalar arabcha soʻzlarni oʻz qoidasi bilan yozuv tomonida qoldilar.

Oʻzbeklarning truppasi boʻlsa-da kamchiliklar ichida koʻb qiynoqlar chekalar. Bizning turmushdan olingʻan dekaratsiya yoʻq, tiyotru kiyimlari, asboblari yoʻq. Yaqinda oʻzbeklar uchun yozliq sahna tuzuv toʻgʻrisida harakat boradir.

Muziqa maktabi ochilub 3 oydan beri Ovstriya asirlaridan darslar olib 20 choqli oʻqugʻuchilar oʻqub turgʻan boʻlsalar-da soʻnggʻi vaqtda ovstriyalilar oʻz asboblarini olib yurtlariga ketkanlaridan soʻng oʻquvchilar bekor qolaberdilar, Maorif shoʻbasining oʻz idorasida oʻqutgʻuchi va asbob boʻlmagʻani uchun oʻqugʻuchilarni qondira olmadilar.

HAMID YUNUSUF: (Andijon ahvoli toʻgʻrisida) – bizning Andijonda imlo toʻgʻrisida bir necha oqim bor: eski imlo, oʻrta imlo, yangi imlo. Oʻquvchilar yangi imlo tomonidalar. Bir maktabda butun yangi imlo birlan yozadirlar. Bir vaqtlar maktab shogirdlari igʻvo yasagʻan eski imlochi bir oʻqutgʻuchini maktabdan quvib chiqargʻanlar. Oʻqutgʻuchilar eski imlo ila dars bersa shogirdlar savol berib ojiz qoʻyurlar. Koʻb maktablarda yangi imloda oʻqitiladir.

Eski shahar yoshlar boʻlagi tomonidan bir tiyotru truppasi tashkil etildi, bu truppa yoʻlboshchilari boʻlmagʻani uchun olgʻa boruvda qiyinliq chekadir, dekaratsiyalar yoʻqligʻi uchun ishlari yaxshi yoʻlda emas, Yangi shaharda qoʻyuladir. Eski shaharga bino solish harakati yoʻq.

XAYRULLA: (Xoʻjand vakili) – bizning shaharda 50 ga dovur musulmon maktablari bor. Bu maktablarda ona tili darslari juda qiyin va bir holda boradir, oʻqutgʻuchilar maʼlumotsiz boʻlgʻanliqlaridan imlodan xabarlari yoʻq, unlar qaysi imloda darslar berishlarin bilmaylar. „Sovgʻa“ alifbosi oʻqitila boshlagʻandan beri maktablarga yangi imlo oʻrnashib qoldi.

Havaskar oʻqutgʻuchilar tomonidan hozir shaharda tiyotrular oʻynalub turadir, bular tiyotru kitoblari yoʻqligʻi sababdan qiynoqlar chekub turadir.

Yaqinda arabalar bilan qishloqlargʻa chiqib tiyotrular qoʻymoq harakatidalar.

Yangi shaharda ikki tiyotr binosi bor, yaqinda Eski shaharda musulmonlar uchun bir sahna qurilmoqchidir.

Shahar konservatoʻriyasida musulmon shogirdlari oʻqumaylar, oʻrganuvchilar ovstris asirlaridan oʻrganub turub edilar, ular ketkandan soʻng bekor qolgʻanday boʻldilar.

Kechki qurslar yaxshi holda davom etadir, choyxonalar yopilgʻan sababli kurslarda oʻquvchilar koʻbdir.

BAHRIDDIN: (Oʻratepa vakili) – Oʻratepa oʻqutuvchilari bu kun imlo toʻgʻrisida oʻzlaricha bir qarorgʻa kelganlar. Olar maktablarda yangi imlo bilan dars berib turalar, yolgʻuz arabcha soʻzlarni qaysi imlo bilan yozuv toʻgʻrisida hali bir qarorgʻa kelmadilar. Koʻblari arabchalarni oʻz imlosi bilan yozib turalar.

ABDULLA AVLONIY: (Toshkent vakili, Toshkentning sanoyi’ nafisa boshlanuv tarixidan, oʻzgarishdan soʻng vujudga kelgan toʻdalardan-da hozirgʻi truppa va tiyotrlardan, sahna va muziqa ishlarining oyoqgʻa bosmagʻanidan zorlanib soʻylaydir.)

ABDUMANNON RAMZ: (Eski shahar Maorif shoʻbasi) – inqilobdan burungi maktablarda imlo degan narsa yoʻq edi. Inqilobdan soʻng imlo mas’alasi toʻgʻrisida tushunadurgʻan kishilar topildi. Bu yangi imlochilar degan bir firqa maydonga keldi.

Tabiiy yangi imlo qulay boʻlgʻani uchun hukumat maktablarida shogirdlar orasida tez tarqala boshladi.

Oʻz oʻquvchilarimiz yetishmagan uchun necha usmonli zobitlar oʻqugʻuchiliqqa qoʻyuldi. Olarning shevalari arab va forsiy tilidan butalib turkchalikdan chiqib qolgʻangʻa koʻra bizning yangi imlo yoqmadi. Oʻz yoqlarigʻa yigʻilgʻan odamlari orqali turli xabarlar tarqatib yangi imloning taralmogʻigʻa zoʻr sad boʻla boshladilar.

Bir vaqtlar Maorif qoʻmisari boʻlub turgan Afandizoda oʻqutgʻuchilarning yalpi yigʻinida yangi imlochi oʻqutgʻuchilarni qattigʻ soʻkub siz nima oʻylaysiz, siz biladirganni komissariyat ham biladir, agar mundan buyon yangi imlo bilan dars bersangiz mas’uliyyatga tortilasiz, deb tanbiha qildi.

Mundan soʻng ushbu kishining taʼsiri orqasida Eski shahar Maorif shoʻbasi tomonidan maktablarga qogʻozlar yuborib, eʼlonlar yopishtirib yangi imlo bilan dars bermavga buyruqlar berildi. Lekin bu harakatlar bu tirishuvlar butunlay taʼsirsiz qoldi. Oʻquchi oʻqituchilar yangi imloga kirib ketdilar va aning taʼsiriga berildilar va bu yoʻlni butun oʻlkaga tarqatuv fikriga kirishdilar. Mana hozir qoʻmisarliq tomonidan chaqirilgʻan bu imlo qurultoyi shu mas’alani hal qilsa kerak.

Bundan bir necha kun avval Toshkand oʻqutgʻuchi va oʻqugʻuchilari imlo qoʻnfiransida oʻz xat harakatlarini belguladilar. Olarning bergan qarorlari barchangizgʻa maʼlumdir.

Avloniy oʻrtoqning toʻdalar toʻgʻrisida soʻylagan soʻzlariga shunday isprafka berib oʻtamanki: toʻdalarning foidadan koʻbrak zararlari boʻldi. Olar tiyotru toʻgʻrisida har qaysi choʻp charni piyesa ot qoʻyub chiqara beradilar. Hatto bir xurmacha qatiqni toʻkub sahnada masxarabozliqlar qilindi. Bu sanoyi’ nafisa yoʻliga xizmat emas edi.

Soʻngra bu toʻdalarning buzuqligʻini koʻrub toʻdalar toʻdasi tuzuldi. Agar bu boʻlmasa har kun bir toʻda tugʻar edi. Toʻda ochmoq toʻxtalgʻach Maorif shoʻbasi tomonidan ochilgʻan har bir qurslarda toʻdaning qoʻli ochildi. Bu qoʻllar tuzuluv birlan kechki oʻqushlarning tartibi bitmakka sabab boʻldi.

Soʻngra bu yerdan „Milliy ruh berildi“ degan soʻz boʻldi. Bundan berilgan ruh oʻzbek ruhi emas, balkim usmonli imperiyalistlar ruhi edi, demakchi edi Avloniy afandi.

Bundan soʻng Toshkentdan tagʻin bir necha kishi bu toʻgʻrida soʻylab oʻtdilar.

Soʻngra hay’ati rayosat tomonidan tuzulgan majlis tuzugi (reglament) oʻqulub tasdiq qilindi. Soat 3 da majlis yopildi.

1921-yil, yanvar 2.