Andijon ulug‘ kunlar arafasida
Chinakam, Andijon mundoq kunlarni umrida ko‘rmagandur.
Olomon qo‘zg‘alishi va “ur Bobirni, ur!” deb qora kaltaklarning qo‘zg‘alib chiqishlari, Bobir kabi usta bir hukmdorni Andijondan qochirg‘an bo‘lsa ham Andijon aholisi hozirg‘idak ajoyib kunlarni ko‘rmagandur.
Besh-oltita kallasi xom, kibr va g‘ururi botmon-botmon bo‘lg‘an sarkardalarning yovvoyi istaklarini qondirmoq uchun bir-biriga yov bo‘lushub qirilishqan o‘zbek, qirg‘iz va qipchoqlar ham Andijon shahari qo‘ldan-qo‘lg‘a o‘tub yurgan vaqtlarida bu kungidek g‘alati damlarni kechirgan emasdur.
Otasi Xudoyor bilan “taxt va baxt” talashqan Nasritdinbek Andijon begi (voliysi) edi. Otasig‘a qarshi yurgizgan hamma fitna va mojarolarini u ham shu Andijonda o‘tkazgan. Lekin, “Nasritdinbek to‘palangi” deb yurgizilgan to‘palanglarda ham Andijon xalqi bu kunlarning bilib yugurishini ko‘rmagandur.
Undan keyin ichki urushlar, bosmachiliq davrlari… U davrda Andijon shahari har kun bir nechta fojea ko‘rar, haftada nechta to‘palang va “qoch-qoch”larning boshini yer edi. Lekin, bu kunning “po‘sht-po‘sht”lari Andijon aholisining ko‘kragidan boshqacha joy oldi… boshqacha!
Boshqacha!
Chinakam, boshqacha!
Ko‘chalarda – yurushlar boshqacha!
Mahkamalarda – harakat boshqacha!
Firqada – majlislar boshqacha!
Hamma narsa boshqacha!
“Oyishaxonim” tomondan kelib, bebozor kuni bozorg‘a o‘tub ketayotqan ikkita qari cholni ko‘rdim. Vofurushlikning narigi boshidan tortib, “Birja”gacha orqalaridan ergashib keldim. Ana u ikki “siyosiyun”ning suhbatini eshiting:
– Bu nima to‘palang yana?
– Kattasi kelar emish.
– Nelinimi?
– Yo‘q-yey… Nelini o‘lgan emasmi?
– Munisi qaysi bo‘lmasa?
– Samarqanddagi kattasi emish…
– Xayriyatlikmi ekan, ishqilib?
– Juda xayriyatlik deydi… Yurtni obod qilish maslahati deydi.
– Ko‘chalarni tozalatdirg‘ani shunga desangiz-chi.
Shu choqda Andijon tuman-shahar ijroqo‘mining rais noibi o‘rtoq Xalilif “tasira-tusur” qilib izvoshda o‘tub ketdi. Haligilar atlas qorovul (“Atlas poshsho” demadik. Savlat tog‘amiz xafa bo‘lub qolarmikan?)ning bo‘tkasiga yaqinlashib kelib, ijroqo‘mning uchar otlari va “gumbir” foytuniga “zavq” qilib qarab turadilar-da, burulub bordon bozor tomong‘a ketdilar. Shunda, haligi chollardan ma’lumoti ko‘pragi narigisiga qarab, boyag‘i gaplariga guvoh keltirganday qilib dedi:
– Ana monovisining hovliqqanini qarang. Hammasi ham o‘sha haligi “keldi-keldi” uchun-da…
Chinakam bechora Xalilif o‘rtog‘imiz tuzuk-quruq uxlayolg‘ani ham yo‘qdur.
Undan ancha og‘ir bo‘lg‘an Hakimxo‘ja o‘rtog‘imiz ham, kecha-kunduz ko‘chalarda ish ustida bo‘ldi.
Markaz ijroqo‘m tomonidan hozirliq ko‘rushga ta’in qiling‘an vakil – o‘rtoq Rahimbobo o‘g‘li qora popkasini ko‘tarib, kula-kula tegirman toshini har kun o‘n martaba aylandi.
Kamayef bilan Abdulhayning hovliqqanig‘a had yo‘q!
Melisalarimizning hech bittasi bir dam tingani yo‘q desak yolg‘on bo‘lmas.
Mana bu – Andijon shaharidagi hukumat vakillarining arafa kundagi ahvollari!
O‘zbekiston markaz ijroqo‘mining bu 3 nchi yoppa majlisi Andijon shahrining bir necha xil “yoppa” va tuzalmas jarohatlariga juda yaxshi doru – davo bo‘lub qoldi. Andijon ijroqo‘mining qayta-qayta qilg‘an qarorlari, siyosiy maorifdagi Kamayef bilan Abdulhayning shuncha yugurub yelishlari – na yozliq sahnani va na qishliq sahnani ko‘ngildagidek tuzata olmag‘an edi. Yoz o‘tub, kuz tugay deb, qish yaqinlashib qolg‘ani uchun bu yil ularning butub ketishlariga ham umud qilmag‘an edi.
Birdan “lop!” etib bu yoppa majlis chiqib qoldi va shuning sharofati bilan haligi sahnalar ham ko‘ngildagidak bo‘lub, bitib ketdi. Endi, mundan keyin qolg‘an-qutqani bo‘lsa, shahar o‘zi to‘ldirar, to‘ldira olmasa – undan keyin birgalashib “jirtak” cholisharmiz.
Hozir Andijon shahrini ko‘rsangiz taniy olmaysiz. Temiryo‘l bekatidan tushub asta-sekin tegirman toshig‘acha, undan o‘tub Jome’gacha balki Soyg‘acha boring – ozodalikdan boshqa narsa ko‘rmaysiz.
Qizil bayroqlar.
Ozoda yo‘llar.
Harakat.
Yelish-yugurush.
Mana – Andijonning bu kungi ta’rifi.
Gap – shahardagina bo‘lsa, hisob emas. Bu tumtaroqlarning hammasi qishloq uchun, to‘g‘risi – qishloq bilan shaharning ikkalasi uchun qilinmoqdadur. Shaharning ishchi-kosiblari bilan qishloqning qo‘shchi va batraklari uchun shu yelish-yugurushlar bo‘lub turadur. Shu uchun bu kunlarni na Bobir, na Xudoyor va na boshqalarning davriga o‘xshatib bo‘lmaydur.
Chinakam Andijonning bu ulug‘ kunlariga o‘xshatilaturg‘an narsa uning o‘z tarixida bo‘lmag‘an.
Qalandar al-Andijoniy.
“Farg‘ona” gazetasi,
1925-yil, 3-oktyabr.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|