Jump to content

Bid’atmi majusiyatmi?

From Wikisource
Bid’atmi majusiyatmi? (1914)
by Hamza Hakimzoda Niyoziy
334507Bid’atmi majusiyatmi?1914Hamza Hakimzoda Niyoziy

Maydoni islomiyatda jaholat tig‘i ila zahmlanmish bir jarohatimiz to‘g‘rusi Turkiston musulmonlari boshiga nosir marazi kabi yopishmish bir balo bor bo‘lsa, ul, shubhasiz, nikohdan so‘ngra kelinni kuyovning uyiga kelturulg‘on kecha hovliga zo‘r o‘t yoqub, kelinni yangalari ila ul o‘tning atrofidan aylanturmaklikdur. Bu bid’at umumiy urfu odat bo‘lub, islomiyatdan ilgarigi majusiyatdan bir namunalar, desam shoyad yolg‘onchi bo‘lmasman. Ikkinchi biri esa xotunlar tarafidan yosh kelin o‘lg‘onda qilinadirgan «yuz ochuv» rasmu qoidasidurki, bunisi majusiylikning butun hayoti ila kishining ko‘z oldiga mujassam suratda ko‘rsatadir. Misol uchun o‘zimni kichkinalik vaqtimda bir ko‘rub qolgan bu rasmni so‘ylab o‘tsam, kifoya qilur.

Mundan bir necha yil muqaddam o‘z aqrabolarim orasida shunday yuz ochuv rasmi bo‘lub o‘tmish edi. O‘shal rasm bo‘ladurgan kuni man bir uyning terazasidan qarab turgan edimki, ko‘zlari yoshli bir necha xotinlar ko‘rpaga o‘ralgan bir narsani go‘shanga (chodir) tortilgan uydan ko‘plashub olub chiqdilar. Ko‘z oldimni xotinlar to‘suvi sababli eshikni yopub, yorug‘idan ohistagina diqqatlab qarab turdim. O‘choqqa zo‘r o‘t yoqub, qozon osdilar. Qozonga bir qadoq chamasi zig‘ir moy soldilar. Bir tarafdan o‘choq boshiga bir sufra yozub, ichiga biror taboq un soldilar. Darrov besh-o‘n dona cho‘bchirog‘ hozirlab, ikki-uch dona shag‘amlar ila cho‘bchirog‘larni yondurub, sufradagi unga suqub qo‘ydilar. Shul ishlar qiling‘ondan so‘ng otunoyim kitobini qo‘ltug‘lab sufra boshiga o‘turub, boyagi ko‘rpaga o‘ralgan narsani yerga kelturdi va o‘z qo‘li ila ko‘rpani ochdi. Ba’zi xotunlar ohista-ohista ho‘ngrab yig‘lab yubordilar va ko‘rpa ichidagi harakatsiz gavdaning boshini ko‘tarub qo‘ydilar. Shu holda bildimki, bechora kelinning navnihol g‘uncha hayoti xazoni margg‘a mubaddal bo‘lub, o‘lum yo‘ldoshi bo‘lgan ekan. Badanim seskanub ketub, ko‘zimni zulmat qopladi. Haqiqatini bilmak uchun yana qarab turdim. Alhosil, ul jasadning qo‘llari ila undan changallatub qozonga soldirdilar va o‘choqg‘a ta’zim qildirdilar. Otun oyim jasadga qarab: «Endi eringizning haq-xizmati bo‘yningizdan soqit bo‘ldi. Sizdan qaynota, qaynonalaringiz ham rozi bo‘ldi»,— dedi. Bundan so‘ng ul bechoraning ruhsiz jasadini yana ko‘rpaga o‘rab, go‘shangalik uyga olub kirdilar. O‘turg‘uzub qo‘yub, harir kiyimlar kiydirdilar. Marjon, uzuk va ziraklarni tamom taqdurdilar. Qoshig‘a o‘sma, ko‘ziga surma, yuzig‘a upa degandek tamom ziynatlab, so‘ngra yotquzub, yuziga bir oq pardani yopub qo‘ydilar. Bu orada otunoyim bir xotung‘a qarab: «Amma-xolalarni chaqiring, kelub ko‘rsunlar», — deb uydan chiqardi va uydan turub manga ko‘zi tushub qoldi. Darrov xotunlarga qarab: «Ana u kim? Urib chiqaringlar, bu yerda turmasin», — degan hamon bir xotun kelub yoqamdan sudrab, ul joydan haydab chiqarub yubordi. Noiloj uyga qaytdim. Ammo, oxirig‘acha ko‘rolmaganim xayolimni ko‘p parishon qilmakda edi.

Ertasiga o‘shal xotunlar ichida bo‘lg‘on mahalla dasturxonchisi bizning uyg‘a kelub qoldi. Man ondan ishning oxirin so‘radim. Dasturxonchi ko‘rganlarimni erkaklarga aytmasligimni shart qilub, javob bermoqchi bo‘ldi. Man oni qabul qildim.

Dasturxonchi o‘lukning amma, xola va jiyanlari tirik vaqtida olub kelub ko‘radirg‘on ko‘rmanalarini olub kirurlar. Alarning har qaysilarig‘a o‘lukning yuzini ochub ko‘rsatilur. Alar ila ko‘rishtirilur va salom qildirurlar.

— Nima uchun?

— Agar shunday qilinmasa, qiyomatda o‘lukning yuzi yopuq qolur emish.

— Sizning bu so‘zingizga ko‘p hayron bo‘ldim. Man o‘qig‘on kitoblarning hech qaysisida bunday so‘zlar yo‘q edi.

— Yo‘q, otinbibilarimizning kitoblarida bor ekan, bizlarg‘a necha martaba o‘qub berdilar. Ham bu rasm qadimdan ota-bobolarimizdan qolub kelub yotgan rasm. Bu ish har yerda bor, bolam.

— Bu rasmni erkaklar ham biladilarmi?

— Erkaklarning xotinlarda nima ishlari bor? Erkaklar avval o‘zlarini tuzatsunlar, ondan keyin gapursunlar.

— Erkaklarga nima bo‘lubdur?

— Erkaklar bachcha o‘ynaydi, qimor o‘ynaydi, ichkulik ichadi, shariatda yo‘q ishlarni qiladi. Biz nima qilubmiz? Biz hali momolarni ischirog‘, rasm-qoidalarini qilamiz-da. Alarni bizda nima ishlari bor?!

Mana shunday dashnomlarni eshitgandan so‘ng har ikki tarafni aybli qilmasdan, boshqa aning ila munozara qilishdan butun ojiz qoldim.

Xotunlarning bu ishlarini nima deb hukm qilasiz? Majusiylikmi? Yo‘qmi? «O‘tgan aylanturish bu bid’at rasm va urf, muni man qilub bo‘lmaydur», deydurg‘on zavi al ehtirom ulamolarimiz buni ham «Bid’at, urf» debgina qo‘yaverarlarmi yoki uy ichida majusona bo‘lub kafanlangan o‘lukni «Shariat zohirini ko‘zlaydir. Bu xudo rahmati»,— deb bergan to‘nlarini olub, ko‘mub yuborurlarmi? Kishi bunday rasm va odatlarni isbot qilmak uchun uy ichiga ikki shohid olub kirub voqeani ko‘rsatsunmi yoki «sinematugraf» kabi toshqarida ko‘rsatub tursunmi? Bu qanday g‘aflatdurki, ahvolimizg‘a boqmaysiz? Bu asrorni bilmaydirgon kishi yo‘q. Hammamiz bilsak kerak. Imom va ulamolarimizg‘a xalqning bunday bid’at va majusiylik amallaridan qaytarmak, masjid va jomelarda, xususan, juma kuni xutbalarda va’z va nasihat qilub amru ma’ruf, nahi munkar qilmak ulug‘ vazifalardan emasmi?

Bu bid’at va majusiyatlar «bid’at, urf, urf» deb qonimizg‘a singitub, go‘yo ota-bobodan bizg‘a meros qolgan kabi bo‘lub ko‘rinadir. Mundan so‘ngra yana «urf, urf» deyavermak istiqbolda bular yonig‘a yana bir nechalari qo‘shulub, bizdan keyin keladurg‘on avlodlarimizg‘a ko‘proq meroslar qoldirurmiz. Ul bechoralar o‘z gunohlarini hazm qilsunlarmi? Bizdan qolg‘on meroslarnimi? Agar bu ahvolda yashayversak, bir muddatdan so‘ng bu bid’atlar orasida bir millat tug‘ulub butun islom faqat ismi bor, jismi yo‘q bir holg‘a kelub qolur. O‘zimizning bid’atlarg‘a mubtalo bo‘lg‘onimiz yetar. O‘zimizdan keyingi avlodlarimizning xurshid saodatlarin zavolg‘a yetkurmayluk va hozirdan bu dardlarning davosig‘a kirishub, chorasini izlayluk.

Mana bu ishlar na yerdan chiqdi? Albatta, ilmsizlikdan, xotun-erkaklarimiz uchun yaxshigina muntazam maktablar yo‘qlig‘idan chiqdi. Buning kabi bid’at va majusiyat odatlarini yo‘q qilmak uchun yolg‘uz ikki kalima so‘zni yaxshi tushunmak lozim: o‘qimak va o‘qitmak.

“Sadoyi Turkiston” gazetasi, 1914 yil, 20 may


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"