Jump to content

Forscha alifbolar tarixi

From Wikisource
Forscha alifbolar tarixi (1926)
by Hoji Muin
334476Forscha alifbolar tarixi1926Hoji Muin

Turkistonda usuli jadid maktablari uchun forscha-tojikcha risolalar yozish faqat Samarqandda boshlanadir. 1903nchi yidda Samarqandda yangi maktablar ochila boshlashi bilan barobar unga muvofiq tojikcha kitoblarga ehtiyoj sezildi. Bu vaqtda munday kitoblar yo‘qlig‘idan Totoristonda bosilg‘on ba’zi bir forscha risolalarni oldirib qo‘llanishg‘a majburiyat ko‘rildi. Bular esa: «Bad’ ul-maorif», «Sad pandi Luqmoni hakim», «Nasihat ul-hukamo» va «Tarjimali go‘zal nasoyih» kabi narsalar edi. Zarurliq vaqtida ba’zi maktablar «Savodxon» (Alifbo), «Avval un-nazofa» va «Bad’ ul-amoni» kabi totorcha kitoblarni ham vaktincha dars jadvaliga kirgizdilar.

Mana shunday ehtiyojlarni ko‘zda tutib, yangi maktablar uchun forscha kitoblar yozib bosdirg‘uvchi Vasliy va undan keyin Behbudiy bo‘ldi.

Men munda yolg‘iz forscha alifbolarni yozib o‘tmakchi bo‘laman.

1. «Bayon ul-huruf»

Bu alifbo Vasliy tomonidan 1904nchi yilda yozilib, kitobchi Qori Abduraufning xarji bilan toshbosmada faqat bir martaba ming dona bosildi. Qirq bet miqdorida bo‘lg‘on bu risolaning 18 sahifasi alifbo, boshqasi aqoid va amaliyoti islomiyadan iboratdir. Munda ko‘prak huruf va so‘zlarning turli harakatlar bilan qanday o‘qilishi ko‘rsatilgandir. Bu asar har jihatdan juda noqis va yaramas bir holda chiqqan bo‘lsa-da, kitob qahatlig‘i vaqtida ba’zi maktablarning dardiga davo bo‘lg‘on edi.

2. «Asbobi savod»

Bu alifbo 1905nchi yilda Behbudiy tomonidan tuzilib, 1906nchi yilda o‘z masorifi bilan toshbosmada ikki ming dona bosildi. Risola qirq betlikdir. «Asbobi savod»ning bosh tarafidagi dars va huruf tuzilishi Olimjon Borudiyning «Savodxon» alifbosiga o‘xshaydur. Bu alifboda boshlab, hurufi hijoning hammasi yolg‘iz holida va so‘ngra birdan ularning turli shakllari ko‘rsatilgandir.

3. «Rahnamoi savod»

Muning yozg‘uvchisi Hoji Muin va noshiri muallim Abduqodir Shakuriydir. 1908nchi yilda toshbosmada faqat bir qatla ikki ming besh yuz dona bosildi. Yuzi 36 sahifalikdir.

Bu alifboning boshida harflar tadrijiy suratda ko‘rsatilib, so‘z va jumlalar ham mad usuli (cho‘zg‘i) bilan yozilg‘on. Munda eng avval forscha harflar tadrijiy yo‘l bilan ayri yozilib, so‘ngra arabcha harflar ko‘rsatilganligi uchun o‘sha vaqtda usuli jadid dushmanlari: «Jadidlar o‘z kitoblaridan arabcha harflarni chiqarib tashlabdurlar», deb xalq orasida ig‘vo tarqatg‘on edilar.

4. «Rahbari maktab»

«Rahnamoi savod» tartibida chiqqan bu alifbolarning tuzg‘uvchi va bosdirg‘uvchisi muallim Rahmatillazodadir. Bu alifbo 1913nchi yidda toshbosmada ikki ming dona bosilg‘on. Muning oxirida birmuncha yengil manzumalar ham bor. Yuzi 36 sahifadir.

«Rahbari maktab» alifbosi o‘ktabr inqilobig‘acha tuzatilib, uch qatla bosilib chiqqan.

O‘ktabr o‘zgarishidan keyin bu kungacha chiqqan forscha alifbolar:

5. «Bahori donish»

Bu alifbo Samarqand viloyati maorif idorasining siporishi bilan mustashriq Viyatkin tomonidan yozilg‘on. 1918nchi yilda faqat bir martaba yigirma ming dona bosilg‘on. Yuz oltmish to‘rt betdan iboratdir.

Bu ham «O‘rtoq» alifbosidek buzuq yozilg‘onlig‘i uchun maktablarimiz undan keragicha foydalana olmadilar.

6. «Soli naxustin»

Muning yozg‘uvchisi Samarqandda Saidrizo Alizoda bo‘lib, noshiri Turon maorif komissarligidir. Bu alifbo 1920nchi yilda birinchi daf’a besh ming dona bosilg‘on edi. Yana 24-25nchi yillarda ikki qatla bosildi. Uchinchi bosilishida anchagina tuzatiddi. Muning oxirg‘i noshiri Abduqayum Qurbiydir.

7. «Miftoh ut-ta’lim»

1922nchi yilda toshbosmada bir daf’agina besh ming dona bosilg‘on bu alifboning tuzguvchisi mirzo Muhammad Samadzoda (Sobit) bo‘lib, noshiri Turkiston davlat nashriyotidir. 57 betdan iborat bo‘lg‘on bu alifboning yigirma beti muallimlar uchun qo‘llanma bo‘lsa-da, o‘zi juda qiyin ravishda tuzilgandir.

8. «Alifboi zaboni tojik»

1924nchi yilda bu alifbo Nisor Muhammad tomonidan yozilib, O‘rta Osiyo davlat nashriyotining xarji bilan bir qatla toshbosmada besh ming dona bosilg‘an. Bosh taraflarida birmuncha rasmlari ham bor. Yuzi 48 betlikdir.

Bu alifboning ta’limi bolalar nari tursin, kattalarga ham qiyinliq qiladir. Tushunishi qiyin arabcha so‘zlari va qoidadan tashqari iboratlari ham yo‘q emas.

9. «Alifboi tojik»

Bu rasmli alifboning tuzguvchilari Mazhar Burhon bilan Sadriddin Kirom bo‘lib, noshiri Tojikiston maorif nazoratidir. O‘zi 92 betlik bo‘lib, 1925nchi yilda Maskovda besh ming dona bosilgan. Bu alifboning boshlaridag‘i darslar mad usuli (harakati harfiya bilan) yozilg‘onida muvaffaqiyatli chiqishi mumkin edi. Faqat shunga diqqat qilinmabdir. Yo‘qsa, avvalgi bir necha saboqlarida yolg‘iz harflar bilan tuzilib ko‘rsatilgan so‘zlar juda munosib tushkan. Bu alifbolardagi rasmlardan ba’zisining ostida ismlari nomuvofiq va yanglish yozilg‘on (Buqalamun, oftaba kabi).

10. «Rahbari besavodon»

Katta kishilar uchun Amriqo usulida yozilg‘on bu rasmli alifboning murattiblari Rahmatullazoda bilan Hoji Muin bo‘lib, noshiri «Savodsizliqni bitiruv favqulodda komissiyasi»dir.

Bu alifbo 25nchi yil oxirida birinchi qatla yigirma ming dona bosiddi. Rasmlari bir oz qo‘pol chiqqan. O‘zi eskirak huruf bilan bosilg‘on.

11. «Dabistoni tojik»

Bu alifbo yaqinda Saidrizo Alizoda tomonidan yozilg‘on bo‘lsa-da, o‘zi hali bosilg‘on emas.

Bulardan boshqa Lohutiy tomonidan yozilg‘on bir alifbo chiqqan bo‘lsa ham uni ko‘rmadik.

«Maorif va o‘qitg‘uvchi» jurnali, 1926 yil, 7—8-son


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"