Jump to content

Gullaysan, maorif!

From Wikisource
Gullaysan, maorif! (1923)
by Abdulhamid Choʻlpon
334296Gullaysan, maorif!1923Abdulhamid Choʻlpon

«56 yil chorlar vaqtida, olti yil inqilob ichida yerlik xalqqa maorif berish masalasini o‘y o‘ylash bilangina o‘tkazdik. Endi amalga, ishga kirishish kerak»! (O‘rtoq Sulton Sakizboy o‘g‘li).
Bu – juda to‘g‘ri bir fikr. Buni o‘rtoq Sakizboy o‘g‘lidan bosh­qa yana ko‘b kishilardan eshitib yotibmiz.
Inqilobning oltinchi yil bayramida ham g‘oyat tabiiy va g‘oyat kuchlik bir mayl bilan og‘izlarimizdan shior chiqdi:
«Inqilobning yettinchi yili maorif yili bo‘lsun!»
Gazetamizning 118-sonida bosilg‘an o‘rtoq Mirzohid Oqilning maqolasi bilan o‘rtoq Lapinning yana bir maqolasi shu shiorning juda vaqtida maydonga tashlang‘anini ko‘rsatadur.
Bundan so‘ng: «Maorif kerak!» – desak, unda samimiyatdan boshqa narsa bo‘lmas. Nimaga desangiz, Farg‘ona xalqining 5 yildan beri tortub kelgan hamma kulfatlari shu tilakning shu choqqacha samimiyat bilan aytilmaganligidan keldi. Ilgari: «Maorif kerak!» – deb biz aytdik, hukumat aytdi, anglaguvchi, bilguvchi yigitlar aytdi. Endi hozir xalq, ko‘bchilik, omma, qishloq va ovul aytmakdadur. «Farg‘ona»ning 118-sonida bosilg‘an Qo‘qon uyezdidagi maorif ishlarining hisobi qishloqdagi to‘xtatub bo‘lmas tilakning tilmochidur.
Qo‘qon uyezdidagi «Maorif kerak!» degan xalqning tilagi butun Farg‘ona xalqining tili bilan har kun har soat aytilub turubdur. Shuning uchundurkim, hozirgi vaqtda maktab ko‘bchiligi shaharlardan qishloqlarga, demak, xalqning g‘ujum bo‘lub o‘lturg‘an joyig‘a ko‘chdi. Muallim topub, ta’mir qilib maktab ochturayotkanlar qishloq dehqonlari bo‘lub qoldilar.
Xalqdan chiqqan bu tilaklarni silab-siypab joyig‘a qo‘yaturg‘an maorif idoralarimizning boshdan buzuq bo‘lub kelganligini ko‘b gapurdik, ko‘b yozdik. Lokin uzoq vaqt tovushimiz cho‘llarga qarab ketdi.
So‘ng vaqtlarda jumhuriyatimizning Maorif kamisarligida jindak almashinish bo‘ldi. Ya’ni kamisarlikning boshig‘a unda turub ishlayturg‘an, maorif qayg‘usig‘a berilgan kishilar qo‘yildi. Bu yaxshi harakatning natijasi ko‘rilmakka boshladi. Albatta, Maorif kamisarligini qo‘zg‘atish bo‘­yincha bo‘lsa kerak, ushbu oyning 11-kuni Toshkantda Davlat rejasi (Gosplan) binosida katta bir kengash bo‘lub, ul kengashda Turkiston jumhuriyatining maorif siyosati masalasi ko‘rildi. Kengashga firqa markazqo‘mi, markaz ijroqo‘mi, komissarlar sho‘rosi a’zo­lari, turli komissarliklarning kollegiya a’zolari, yuqori maktablarning mudarrislari, xususiy maorif-madaniyat tashkilotlarining vakillari va mao­rif ishiga qiziqqan ayrim kishilar aralashdilar.
Kengash natijasida maorif ishlariga doim yordam berib turmoq uchun eng obro‘lik firqa va hukumat idoralarining vakillaridan iborat bir yordam byurosi tuzildi.
Demak, xalq maktab so‘raydur, maorif talab qiladur: jumhuriyatning eng yuqori idoralari ham shu tilakni, shu talabni qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham amalga keltirmak uchun yeng shimarlaydurlar, xalqning tilak, markazdan rahbarlik va yordam bo‘lsa, har bir haqiqatning asosi bo‘lg‘an bilim va uni el orasiga tarqatish ishi haqiqat(an) yangi, to‘g‘ri va umidlik yo‘lga kirgan bo‘ladur.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"