Jump to content

Hajvi ahli rasta

From Wikisource
Hajvi ahli rasta (1905)
by Zavqiy
293528Hajvi ahli rasta1905Zavqiy

Arzim buki Qori sumalakka,
Yetkursa boshini ham falakka.

Gah-gah nazora aylasin ul,
Ibrat ko‘zi birla bu samakka.

Sangyoda nosdonni maqtab,
So‘z naqdini urmasun mahakka.

Ulfatlari, shamgarmi ahmoq,
Sham qaychini bog‘lasin etakka.

Sallohbachcha otlari Jalilboy,
To‘rt tepkini yedilar xo’rakka.

Shokir qora tarzi odam ermish,
Ming la’nat o‘shal qora eshakka.

Ko‘p haddidin oshmasin Nazirbek,
O‘xshaydi ul oshqovoq xamakka.

Pul kelmasa bankadin boyvachcha,
Karnay choladur bo‘lar-bo’makka.

Ul lokicha boyvachcha dastor,
(Yelgani)da o‘xshatur bo‘zakka.

Kofircha degan bir Ahmadjon bor,
Ko‘p shug’li baland hangramakka.

A’lamni(ng) o‘g‘illari Olimjon
Hayfi to‘nu salla gungalakka.

Bir zarra rioya qil to‘ramni
Qo’sh ramzi suxan bilan ko makka.

Sil aft oriqqina Muhiddin
Ahvoli ayon bo‘lur kuzakka.

Fozilxo‘ja degan oqfurush bor,
Daf har maraz iyla zindalakka.

Olib borur o‘ldi Qosim oxund,
Bizni Qorako‘lga, handalakka.

Usmonchani(ng) soati yarashmish,
Rishxo’r alishurmu mo’ychinakka.

Mavlon eshigida ota Fozil,
O‘xshaydi baroq desam ko‘pakka.

Kir ko’ylak o‘libdilar Umarjon,
Sotmoq uchun emdi jun jiyakka.

Chinni bila choy sotur Jalolxon,
Jononni qo‘shilturur xashakka.

Mirhamza boyo‘g‘li Kichkinajon,
Nisfigaz emas, kelur seyakka...

Iqonbachcha birla Bulbul o‘g‘li
O‘xshaydi har ikkisi pufakka...

Ul hoji Hasan degan zakiy ta’b,
Yo‘q toqatim anga so‘z demakka.

Nusrat bila oshnoligim bor,
Tentakkina, shatrama-shatakka.

So‘fini(ng) bolasi Abduqodir
Qattiqlig’i o‘xshemish danakka.

Hoji kasal o‘g‘li bodraftor
Dog’uliki, pand berur Kamakka.

Qosim shamol andaki yengilroq,
O‘xshab uchar xuddi bodparakka...

Ortiqbachani samirtiringlar,
O'q bo‘lg'usi katta zambarakka.

El ani(ng) akasin o‘xshaturlar,
Burnin sumak, og‘zini tuvakka.

Ko‘r, ishtahasini Xo‘jabachcha,
Osh solib ichar emish chelakka...

Yo‘ldoshni demish Xitoy tabibi,
Bodbar muxolifi yurakka.

Ellikboshi o‘g‘li mokiyanboz,
Ustoz bo‘libdi kurkurakka.

Qoribacha sinchalakka o‘xshar,
Farzinbacha misli voyvayakka.

Qozi qiziga duolar ayting,
Ul nasli bashar emas malakka.

Farzin bisoti lolaruxlar,
Olamni musaxxar etdi yakka.

Ey Xo‘ja jahon, ko‘p achchig’im tez,
Ham yetdi pichoq borib suyakka.

Nusratga yarashdi yaqosi,
Boshin suqadurki, har katakka.

Abdullahoji ko‘p suyulganidin,
Ming martaba chap berur kurakka.

Mashhur o‘sha ko‘r Meli erursan,
Boshing agar yetsa ham falakka.

Kirsa xaloga uch kun uxlab,
Ko’knar kayfida ketar pinakka.

Gap ta’sir aylamaydi senga,
Ablah, til slepoy eshakka...

Gap ta’siri kutmasun Mo‘minshoh,
Osh yeb, og’iz artmasin patakka.

Toshkent o‘tag‘asi Fayzi shayton,
Qo‘l qo‘ydi po’kon bilan tezakka...

Izvesni vagonchi tund ko‘r Odil,
O‘lmay turib o‘xshaydi kesakka.

Ko‘r bo‘lmasa pul oqib kelurmu,
Bu badshakl, slepoy durakka.

Qirq olti qishni fasona qildim,
Kim chiqsa o’qiydi Mo’ymarakka.

Ta’bingni arobasini to’xtat,
Shotisini bog‘la g’ildirakka.

Zavqiy osilurg‘a himmatidin,
Dor bog‘ladi bir baland terakka.

1905


This work was published before January 1, 1929, and is in the public domain worldwide because the author died at least 100 years ago.