Jump to content

Jum’a qandoq kun?

From Wikisource
Jum’a qandoq kun? (1917)
by Hamza Hakimzoda Niyoziy
334509Jum’a qandoq kun?1917Hamza Hakimzoda Niyoziy

Mana biz bori jum’a kuni debgina qo‘yamiz. Lekin jum’a qandoq kun, jum’a kunlarida bizga nima qilmoq lozim, jum’a namozini har bir masjidda o‘qilavurmay, katta jomelarga jamoat bo‘lub o‘qumoqda» maqsad nima? Xutbadan murod nima? Ko‘pimiz butun bexabarmiz.

Eski hukumat vaqtida jum’a fazilatlarindan ba’zi muhimroq yerlardan ochub aytmoqg‘a tillarimiz siyosat muhrlari bila tamg‘alangan edi. Shukrlar o‘lsun janob tangrigakim, karam shevasi bila umumiy hurriyat, musovot, adolat bo‘ldi. Qo‘l-oyog‘imizdagi zanjiri siyosatni yeshdi, ozod qildi. Tillarimizdagi qizil tamg‘alar-da, qirqildi, to‘kuldi. Har bir to‘g‘ridan oson-ochuq so‘zlab, qichqirub, xalqimizi uyg‘otmoqqa, ogoh qilmoqqa keng yo‘l berildi. Qo‘rqunch, bosqunch kabi nafas bila ichga kirub chiqub turgan zaharlik gazlardan yuraklarimiz tozalandi. Emdi jum’a xususindagi u muhum yerlarini aytub, yozub, xalqlarimizga tushundurub va taklif etuvga huquqimiz komildur.

Jum’a qandoq kun?

Jum’a kunlarning sayyidi yer yuzindagi 400 million musulmonlarning hammalariga ham haftalik ulug‘ bayram kunidur.

Jum’a kuni kosiblarga kasblarin, savdogarlarga savdolarin, ulamolarga maktab-madrasalarin, quzzotlarga mahkamai shar’iyalarin, do‘kondorlarga do‘konlarin to‘xtatub va bu ishlar o‘rniga namozi zuhrdan so‘ng bayram qiluv — bir-birlariga mehmon bo‘lub bormoq; notob qardoshlarni borub hol so‘rmoq; shogird muallimlarini ziyoratiga bormoq. Mehmonxonalarda, darsxonalarda beshlab, o‘nlab majlis qilmoq va bu majlisda din va millat uchun kerak bo‘lgan zaruriyotdan bahs va muzokaralar qilmoq. Ulamolar avomga, ag‘niyo, fuqaroga yordam qilmoq va alarni jaholatdan va asoratdan xalos qilmoq chorasiga kirishmoq uchun oson bir yo‘llarni kengashmoq, maktablar ochmoq, ko‘hna madrasalarni tuzatmoq, ko‘r, shol yoxud zaiflik majburiyati bila tiriklikdan butun ojiz qolgan tul xotun, beva-bechora, yetimlarni tarbiya qilmoq uchun arodagi bir-birimizga farz, vojib bo‘lgash zakot, sadaqotlarni yig‘ishib, tarbiyaxonalar solmoq va ul majruhlarni tarbiya qilmoq yo‘llarin izlamoq, xususan, o‘quv-o‘qutuv usullarin zamonga muvofiq tahsil qilmoq choralarin axtarmoq, hosil, din va millatimizdagi bunday kamchiliklarni fikrlashmoq, so‘ngra o‘n minglab xalqimizi bag‘riga to‘plab turgan jomelarimizda voizlarimiz orqali yuqoridagi zaruriyotdan xalqimizi ogoh qilmoq, holi ba qudrat yordamga taklif qilmoq, dini islomimiz tarafindan buyurulgon har birimizni eng birinchi muhim burchimizdur. Janob payg‘ambarimizni eng suygan odatlari va sahobai kiromga eng ulug‘ vasiyatlari takror-takror buyurgon taklifi muboraklaridur. Bu xususda hadisi sharif istagan kishilar «Ming bir hadis» kitoblarina boqsun edi. Sad hayf, hazor afsuski, bizi xalq bundog‘ amali pur saodatdan butun-butun bexabardurmiz.

Jum’a bayrami iqlimimizda bor. Yana, afsuski, u milliy va diniy bayramga butun xilof aksdur.

Chunonchi, bog‘larga chiqub o‘ynamoq, qarta o‘ynamoq, go‘daklarimiz esa tuxum va pildiroq o‘ynamoq, ulamo va ag‘niyo va kosiblarimiz esa bori qorun to‘ydurmoq, birovlarni mazammat va g‘iybat qilmoq, hosil, hammasi fisq va nomashru’ ishlarga sargardon va og‘ishtalikdan iboratdur. U milliy bayrammi, u jum’ai ehtiromimi, u rasuli sallallohu alayha vassallamga payravlikmi, balki din buyruqlariga butun xiyonat va jinoyatdur. Mana biz boqaylik vatanimizdagi ajnabiylardan bir qismigina yahudiylarga, shanba kun bo‘ldimi ko‘zimizga biror do‘kon ochuq ko‘runmas yoki biror bir yahudiyni bir ish va xizmatga bog‘lanub turganin ko‘rmas, hatto qo‘llariga aqcha-da ushlamoq shariatlarida harom emish, ko‘chalarda beshlab-o‘nlab yururlar, bir-birlariga mehmonga borurlar. To‘p-to‘p bo‘lub mehmonxonalarda majlis qururlar. Diniy va milliy kamchiliklarin kengash qilurlar. Beva-bechoralarini himoya uchun chalishurlar.

Mana shuning uchun shahrimizga kechagina yirtuq liboslarga o‘ralub kelub, boylariga osh tashub yoki bir yashukni bo‘ynig‘a osub yurgan, «mullo mushi», ertaga ko‘ramizki, ovro‘pacha kiyingan, bir ot, rezinoviy aroba, rastadan olti-etti do‘kon bir bo‘lub, 12 gazlik zo‘r viveska qo‘yilgan «Manufakturi mushi Xayyum Suyunov» yozilgan oldida oq sallalik vatan o‘g‘li, vatan savdogari, musulmon farzandi, qo‘li ko‘ksida iltijo, rijo: «Boy aka, xo‘jayin, xudo xayr bersun». Ho‘qand shahrining eng qadrlik o‘rta quruq katta imorat bog‘lariga ko‘zing tushar, «Kimniki?» degan savolga «Mushi Xayyum Suyunovniki» degan javobni eshitarsan. Oh, dersan, iching pishar, jigaring kabob bo‘lur. Mana bular na uchun mundog‘ tez yetushurlar. Boylarimizga «Boy aka», xo‘jayin bo‘lurlar. Shoyad buni yaxshi biluvchi fahm va idroki yetuvchilar bordur. Lekin maataassuf biluvchi va idrok etuvchilarga qarshu «Biz juhudmi?» deb o‘t ustiga namakob yeurtuvchilar-da, bor. Bu ham bo‘lsa, xayrsizlik, jum’a muammosiga donishsizlikdandir.

Yo‘q, biz emdigina juhudlardan o‘rganub, haftadan bir kunni bayramga saylab, yangidan taqlid qilamiz, demaymiz. Alhamdulilloh, summi alhamdullilloh, asri saodatdan beri boshlanub, xonliklarimizi axiri vaqtigacha amalda tutub kelgan «jum’a» ismi bila ulug‘ bayramimiz bor. Lekin shunchalik yuqorida aytub o‘tdigimizcha, diniy va milliy kamchiliklarimiznigina kengashuv ishlari tobora yo‘qolub, o‘rnig‘a boshqa kirdorlar o‘run tutub qolgan, xususan, Rusiya hukumatiga o‘tganda, yana siyosat egovi bila butun egovlanub, boshqacha turli-turli buzuqchiliqlarni ermak qiluvga majburiyat ko‘rulgan. Mana, u zamon, u siyosatlar ham bitirildi. Istibdod, zulm va monelar ko‘tarildi. Emdi yana qayta-boshdan birlashub ittifoqlashub, o‘lka asri saodatdagi majlisi diniy va milliy bayramlarimizi joriy qilmoqg‘a kenglik bir zamon keldi. Emdi bizlar, yuqorida aytub o‘tdig‘imizcha, jum’a kunlari do‘kon, maktab va madrasalarimizi to‘xtatub, har yerda to‘planub, milliy majlislar qurub, diniy kamchiliklarimizi katta-kichiklar kengashub, bir-birimizi qo‘llashub, istiqbolimizi taraqqiy va taxolisi uchun kerak bo‘lgan zaruriyotni olg‘a surmakda davom qilsak, oz fursatda bechoralarimiz davlatga erishur. Avomlarimizi o‘zlari bo‘lmasa ham avlodi ilm, ma’rifat, hunar va sanoat kabi dunyoviy va oxiraviy saodatlarga yetushur. Zillat va jaholat kabi umrlik ofatlar boshimizdan ko‘tarilur. Ajnabiyga nafs uchun sotulgan musulmonlarimiz qulliqdan ozod bo‘lur. Har bir maqsad, har bir tilak va orzusiga har kim yetar. Mana biz bu vaqtda o‘zimizning huquqimizga xo‘ja bo‘la olamiz. Janobi Rasul agar sallavlohu alayha va sallamning sahobai kiromlarning ruhlari bizdan xushnud bo‘lgon bo‘lurlar. Lekin nodon avom xalqi orasiga bir bid’atni naqadar ijro qilmoq oson bo‘lsa, diniy bir amalni taratmoq ming-ming chandon ortuq mushkul va mashaqqatdur. Mushkul va mashaqqat, deb turamizmi? Yo‘q, bilgonimiz bilmagonimizga tushunturamiz, tashviq qilamiz. Buning bila bo‘lmas ekon, jiylonlarimiz orqali rasta oqsoqollarini choqirturub, do‘kondorlarga tushunduruvni, haftalik jum’a bayrami kuni jamiyati xayriyatga yuboriluvini iltimos etamiz. «Voizlarni chaqirturub, ulug‘-ulug‘ guzarlarda, jomelarda jum’a bayrami xususida va’zlar aytduramiz. Shogirdlar uchun, muallimlarga madrasa talabalari uchun muhtaram mudarrislarimizga murojaat etamiz. Mana, bir oz mashaqqatni yoshlar o‘z ustimizga olamiz. Diniy va milliy ulug‘ muborak bu bayramimizi oz fursatda rasm-odatga kiritamiz. So‘ngra jum’a kuni ishdan to‘xtalgon xalqimiz qoyga borur, o‘ylar-o‘ylar, albatta, jamiyati xayriyaga borur. Biz bu to‘g‘ruda elning o‘z voizini qo‘lga oluvimiz hikmatdir. Bu bayram soyasinda biz avvalg‘i ittifoq va ittihodimizga yengillik ila yetisha olurmiz. Ba har hol bizlar milliy kamchiliklarimiz o‘rnin to‘ldiruv uchun eng ulug‘ bir kuchga muhtoj ekanmiz, mumkin qadar bu diniy ulug‘ bayramni olg‘a surub, xalqimizi to‘planuvg‘a jamiyati hayriyaga majburiyatsiz keluvg‘a va’z tinglatuv uchun vaqtini bog‘latmoqg‘a odat qildiruv kerakdur. Mana, biz shuning uchun jurnalimizi bosh maqolasini «Jum’a bayrami»dan boshladik. Shoyad maslakdoshlarimiz-da, bizim bu qosir fikrimizi bo‘shga hisoblamaslar. («Xutba» xususinda kelajak nomerda izoh verilur.)

«Kengash» jurnali, 1917 yil, 1-son


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"