Maktab imtihonlari to‘g‘risida
Eski Toshkent maktablarida imtihon boshlandi.
Imtihonning umumiy natijasi to‘g‘risida hali tugal ma’lumot oling‘ani yo‘q, shunday bo‘lsa-da uning bir necha kunlik ta’siroti – ko‘b yaxshi va quvonchliqdir. Har maktabning imtihoni, o‘qug‘uchi bolalarning otalari va yaqin qarindoshlaridan boshqa, mahalla-ko‘ydan ham aholini ko‘pgina jalb etmakdadir.
Imtihon yaxshi bo‘lg‘andan keyin, otalarg‘a, qavm-qarindosh va mahalla-ko‘yga, albatta, yaxshi ta’sir etar. Bu ta’sirning natijasida tabiiy, xalq bilan maktab, yana ochig‘roq qilib aytganda bilim olg‘uchi bilan bilimni berguvchi orasida issig‘liq, samimiyat hosil bo‘lur. Xalq maktabga issig‘ ko‘z va ishonch bilan, cho‘chimasdan qaray boshladimi, maktabning muvaffaqiyati ta’min etildi, demakdir.
Bunda “ishonch”ning vazifasi ulug‘dur. “Ishonmasliq” – buzg‘unliq va zavolning katta va muhim omilidir. Xalq maktabdan bir narsa chiqishig‘a mahkam ishonmog‘in kerk. Bir narsa chiqmayturg‘an maktablar ishonmag‘an xalqni “zavolga mahkum degan “yangi olifta” (djentelmen) yigitlar”imiz noma’qul buzoqning go‘shtini yebdirlar… Xalq, ko‘bchilik qulog‘ bilan eshitib emas, ko‘z bilan ko‘rubgina ishonadir. Bu uning ruhiy holati, unga tan berish kerak. Shuning uchun-da xalqda bizning yangi maktablarimizga qarshi bir ishonch, bir iymon tug‘dirmoq kerak. Imtihonlarning bir necha kunlik ta’siridan, kelgusi o‘qush-o‘qutish ishimiz uchun chiqarg‘an natijalarimning bir muhim joyi-da shudir.
Hali qiz maktablarimizning hammasida imtihon bo‘lub o‘tmagan. Faqat, 1-2 tasidagina bo‘lub, hozirda davom etmakdadir. Hammasini ko‘rmasdan turub tugal, to‘la va uzul-kesil bir narsa aytib bo‘lmaydir. Shunday bo‘lsa ham ishning boshlanishi imo qilmoqdadirkim, qiz maktablarimiz er maktablarimiz qatorida tekis keta olmag‘anlar, hatto ko‘pgina ketda qolg‘anlar. Buni hayotimizning umumiy vaziyatidan ko‘rmak xato bo‘lsa kerak. Negakim, qiz maktablarimiz erlarnikiga qarag‘anda ozroq bo‘lsalar ham, mavjudiyatlari vajhidan sira qolishqanlari yo‘q. Unlarga ham, umuman er maktablari qadar ahamiyat berilgan. U holda kasal qaydadir? Kasalni men bir nuqtada ko‘raman: qiz maktablarining ichki ketishlariga o‘tkur ko‘z bilan qaralmag‘an. Ya’ni: ta’lim hay’atini tallab qo‘yish, uning ma’lumotini ortdirish, uni – o‘zbek qizining ruhig‘a va ehtiyojig‘a fidokor qilib yetishdirish yo‘lida oz ishlangan.
Bunga diqqat etilmagi kerak.
Ham: imtihonning natijasi va undan oling‘an ta’sir o‘lka doirasida anglashilmog‘i va anglatdirilmog‘i lozim.
A.Sulaymon
“Turkiston” gazetasi,
1923-yil, 19-aprel.
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|