Jump to content

Millat masalasi

From Wikisource
Millat masalasi (1923)
by Abdulhamid Choʻlpon
334315Millat masalasi1923Abdulhamid Choʻlpon

Toshkentda qozoq-qirg‘iz shevasida chiqaturg‘an «Oq jo‘l» rafiqimiz «Turkistondagi millatlar orasini yaqinlashtirish kerak» degan sarlavha bilan bir bosh maqola yozadir.
Bu – millatlar masalasining qaytadan qo‘zg‘atilishi, sho‘­rolar hokimiyatining eski va zo‘r asoslaridan eng kattasiga yana bir martaba qaytmoq demakdir, bu qaytish kerak, lozim, zarur bir qaytishdir. Yo‘q esa, manavi NEP (yangi iqtisod siyosa­­ti)­ning «sharofati» bilan bu muhim va qiyin masala xiyla unutulub, ko‘zdan tashlanib yuborilg‘an edi. Agarda masala tugab, hal etilib, tamom bir taraf qilinib tashlang‘an bo‘lsa, mayli, lokin unday emas. Buni «Oq jo‘l» rafiqimiz ham: «Millat masalasi bitdi deganlarning gapi tagsiz, qip-qizil yolg‘on. O‘rtoq Trotskiy aytganidek, millat masalasini yechildi deb yurganlar o‘shal masalaning orasida dimiqib qolg‘an kishilardir…» – degan so‘zlar bilan bildirib o‘tadir.
Ayniqsa, bizning Turkistonda bu masalaning o‘ziga ko‘ra nozikligi bor. Buni «Oq jo‘l» yo‘ldoshimiz o‘z qarashi bilan qarab isbot qiladir. Ya’ni millat masalasida ezilganlarning ezilgani qilib ko‘chma xalqni ko‘rsatib aytadir:
«Turkistondagi xalqlarning orasida oyoqliq mol chorvasini qo‘llatib yurgan, uni tashlay olmay yo bo‘lmasa ilgari bostirib, yashnata olmay kelayotkanlar turkmanlar bilan qirg‘iz-qozoqlardir. Shuning uchun yangi iqtisod siyosati orqasida Turkistondagi boshqa xalqlarning og‘zig‘a tushub, tishiga yumshoq kelib yotkanlar ham turkmanlar bilan qirg‘iz-qozoqlar bo‘lub kelmakdadir».
Faqat shunday og‘ir bir masala to‘g‘risida yozilar ekan, ochiq-sochiq, to‘ppa-to‘g‘ri, oydek yoruq qilib yozmoq kerak edi. Holbuki, «Oq jo‘l» yo‘ldoshimiz kuchlik bir asabiyat bilan yozg‘an shu maqolasida aytmak istaganini ochib bera olmaydir. Mana quyidag‘i so‘zlarini o‘qung:
«Yangi iqtisod siyosati chiqqandan beri u yerimni unday qildilar, bu yerimni bunday qildilar deb bezillab o‘lturg‘anlar turkmanlar bilan qirg‘iz-qozoqlar bo‘lub keldi. O‘run (o‘troq)lashkan chorvasi bor, o‘zi eplik xalqlar arzon olib, qiymat sotib, yangi iqtisod siyosati natijasida turkman bilan qirg‘iz-qozoqdan foydalanishi aniq».
Bundan nima onglaymiz?
Bunday «aniqlar» ko‘b, lekin maqsad, asos aniq emas.
«Oq jo‘l» rafiqimizning: «Erlik xalqlar bir-biridan foydalanmoqchi bo‘lsa, ikkovini qo‘shub foydalanayin deb orqasida tayyorlanib turg‘an mustamlakachilar bor. Yerlik xalqlarning hammasini birday haydab, yurguzub kelgan o‘rus mushtumzo‘rlari bor», – degan so‘zlari millat masalasiga uning qarashini aniqroq ko‘rsatadir.
Turkistonda ezilgan xalqlar bor. Ezilgan sinflar bor, ezguvchi xalqlar, ezguvchi sinflar bor. Siyosatni olib borg‘anda ezguvchilar bilan ezilguvchilarni ayirib olib bormoq kerak. Firqaning so‘ngg‘i umumiy qurultoyi bu to‘g‘rida ko‘b gapirdi.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"