Jump to content

Nahs bosqan ekan

From Wikisource
Nahs bosqan ekan (1923)
by Abdulla Qodiriy
334235Nahs bosqan ekan1923Abdulla Qodiriy

Kashmiridan kelgan romchining oldig‘a o‘lturub:

— Qani bir baxtimizni sinab qarayliq-chi, —dedim.

— Ranjmi, g‘oyibmi, hozirmi? — deb so‘radi.

«Ko‘rning tilagani ikki ko‘zi», «Kampirning dardi g‘o‘zada» degandek, manim ham o‘ylaganim sizga o‘xshag‘an «Choti ayri, boshi yumoloq» dardisarlar emasmi, shuning uchun maqsadimni onglatdim.

— Kimdansiz? .

— Kimdan bo‘lar edim, shu ko‘rib turganingiz etaksizlardan.

— Ya’ni?

— Ya’ni, o‘zbak.

— Istiqbolimiz qalay ekan, demakchisiz-da?

— Ha, shunday, sadag‘a.

Kashmiri qur’a toshlarini yig‘ib olib ro‘mol ustiga chochdi, toshlarni yettiga bo‘lib yetti joyg‘a qo‘ydi va mulohaza bilan so‘zlay boshladi:

— Xalqingizning oshig‘i olchi, pichog‘ingiz moy ustida; xalqingiz rost ko‘chani qo‘yib, past ko‘chadan yurar ekan, ko‘plaringiz eshakka teskari minib chirmanda chalar ekansiz… to‘g‘rimi?

— To‘g‘ri, sadag‘a, — dedim.

— Bandaning boshi — Ollohning toshi, deydirlar: biringiz Abdulqafo’ vallohi azim, ikkinchingiz — shoptoli qoqi do‘st bedanam, uchunchingiz — Moniyning yasag‘an surati, to‘rtinchingiz — bo‘yni g‘avslar uchun laganbardor; shaharlaringiz xaroba, qishloqlaringiz vayrona, xalqingiz aql-hushidan begona, xotunlaringiz shinni, kattalaringiz ninni, shuning uchun bolalaringiz jinni, yigitlaringiz yuraksiz ahmoq, qizlaringiz sochi uzun-pahmoq, otlaringiz eshak, eshaklaringiz xo‘tuk..!_

— Karomat qilasiz, pochcha, dedim.

Kashmiri davom qildi:

— Toshg‘a qarang, birodar, toshg‘a: bu so‘zlarni man so‘zlamayman, tosh so‘zlaydir, toshlar! Istiqbolingiz kuppa-kunduzidek yoruq, yigirma besh yil desammikan, elli yil desammikan, har holda muddat uncha uzoq emas, pichog‘ingiz moy ustida ko‘rinadir: To‘rt tomoningiz qibla; xalqingiz tomg‘a chiqub «halala hashtu» o‘ynag‘aylar. Mustamlakachilar «Tom tepkanga besh yong‘oq — tepmaganga qo‘y qumaloq!» deb maymun o‘ynatqaylar… Istiqbolingiz juda ajib: ko‘rganlar darmonda, ko‘rmaganlar armonda, yigitlaringiz hez ochqaylar, ko‘blaringiz tabdili surat qilib eshak, ho‘kuz va maymunlashqaylar; ulamolaringizning ishlari tag‘in ham qiziq: bechoralar miyadan ajralib, lozimlarini salla qilg‘aylar va ko‘cha-ko‘ylarda vo dino vo shari’ato, deb chopishub yurgaylar…

Pol shu o‘rung‘a yetkanda ortiq chidab turolmay:

— Etar, sadag‘a! —dedim. Ko‘ngil aynab, ko‘z o‘nglarim qorong‘ilanib ketdi. Polning nazrini tashladim-da, boshim oqqan tomong‘a kalavlab ketdim. Yo‘l-yo‘lakay ko‘zimga ko‘ringan akalar endi shox chiqarib kelmakda bo‘lg‘an ho‘kuzga va goho yangi tug‘ulg‘an xo‘tukka o‘xshab ketar edilar, uyimga kirar ekanman:

— Bizni toza nahs bosqan ekan, — deb bir hovuch sovuq suv ichib yubordim…

Julqunboy

«Mushtum» — 1923 yil, 31 mart, 4-son, 2-bet


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"