O'tkan kunlar/01
Birinchi bo‘lim
1264-inchi hijriy, dalv oyining o‘n yettinchisi, qishki kunlarning biri, quyosh botqan, tevarakdan shom azoni eshitiladir...
Darbozasi sharqi-janubiyga qaratib qurilg‘an bu dong‘dor saroyni Toshkand, Samarqand va Buxoro savdogarlari egallaganlar, saroydagi bir-ikki hujrani istisno qilish bilan boshqalari musofirlar ila to‘la. Saroy ahli kunduzgi ish kuchlaridan bo‘shab hujralariga qaytqanlar, ko‘b hujralar kechlik osh pishirish ila mashg‘ul, shuning uchun kunduzgiga qarag‘anda saroy jonliq: kishilarning shaqillashib so‘zlashishlari, xoxolab kulishishlari saroyni ko‘kka ko‘targudek.
Saroyning to‘rida boshqalarg‘a qarag‘anda ko‘rkamrak bir hujra, anovi hujralarga kiygiz to‘shalgani holda bu hujrada qip-qizil gilam, uttalarda bo‘z ko‘rpalar ko‘rilgan bo‘lsa, munda ipak va adras ko‘rpalar, narigilarda qora charog‘ sasig‘anda, bu hujrada sham’ yona-dir, o‘zga hujralarda yengil tabi’atlik, serchaqchaq kishi-lar bo‘lg‘anida bu hujraning egasi boshqacha yaratilishda.
Og‘ir tabi’atlik, ulug‘ g‘avdalik, ko‘rkam va oq yuzlik, kelishgan, qora ko‘zlik, mutanosib qora qoshliq va endigina murti sabz urgan bir yigit. Bas, bu hujra bino va jihoz yog‘idan, ham ega jihatidan diqqatni o‘ziga jalb etarlik edi. Qandog‘dir bir xayol ichida o‘lturg‘uchi bu yigit Toshkandning mashhur a’yonlaridan bo‘lg‘an Yusufbek hojining o‘g‘li — Otabek.
Saroy darbozasidan ikki kishi kelib kirgach, ulardan biravi darboza yonidag‘i kimdandir so‘radi:
— Otabek shu saroyga tushkanmi?
Bizga tanish hujra ko‘rsatilishi bilan ular shu tomonga qarab yurdilar. Bu ikki kishining bittasi gavdaga kichik, yuzga to‘la, ozroqqina soqol-murtlik, yigirma besh yoshlar chamaliq bir yigit bo‘lib, Marg‘ilonning boylaridan Ziyo shohichi deganning Rahmat otliq o‘g‘lidir, ikkinchisi: uzun bo‘ylik, qora cho‘tir yuzlik, chag‘ir ko‘zlik, chuvoq soqol, o‘ttuz besh yoshlarda bo‘lg‘an ko‘rimsiz bir kishi edi. Bu yigit yaxshig‘ina davlatmand bo‘lsa ham, lekin shuhrati nima uchundir boyligi bilan bo‘lmay, «Homid xotinboz» deb shuhratlangan, kishilar Homid orqasidan so‘zlashkanda uning otig‘a taqilg‘an laqabni qo‘shib aytmasalar, yolg‘iz «Homidboy» deyish ila uni tanita olmaydirlar. Homidning Otabek bilan tanishlig‘i bo‘lmasa ham Rahmatka yaqin qarindosh— Ziyo shohichining qaynisi, Rahmatning tog‘asi.
Ular hujraga kelib kirdilar. Otabek kelguchilarni ulug‘lab qarshiladi.
— Bizni kechirasiz, bek aka, — deb Rahmat uzr aytdi, — vaqtsiz kelib sizni tinchsizladik.
Otabek ularga yuqoridan joy ko‘rsatar ekan, yoqim-liq bir vaziyatda:
— Tinchsizlamadingizlar, bil’aks quvontirdingiz-lar,— dedi, — shahringizga birinchi martaba kelishim bo‘l-g‘ani uchun tanishsizliq, yolg‘izliq meni juda zeriktirgan edi. Shu orada hujraga bir chol kirib ul ham mehmonlar bilan so‘rashib chiqdi. Bu chol Hasanali otliq bo‘lib, oltmish yoshlar chamasida, cho‘ziq yuzlik, do‘nggiroq peshonalik, sariqqa moyil, to‘garak qora ko‘zlik, oppoq uzun soqollik edi. Soqolining oqlig‘iga qaramasdan uning qaddida keksalik alomatlari sezilmas va tusida ham uncha o‘zgarish yo‘q edi.
Otabek mehmonlarni tanchaga o‘tquzib, fotihadan so‘ng Hasanalidan so‘radi:
— Tuzukmisiz, ota
— Xudoga shukur, — dedi Hasanali, — boyag‘idan bir oz yengilladim. Mazmuni is tekkan ekan.
— Ba’zi yumushlar buyursam...
— Buyuringiz, o‘g‘lim.
— Rahmat, ota, bo‘lmasa bizga choy qaynatib bersangiz-chi.
— Xo‘b, begim.
Hasanali chiqdi. Rahmat Otabek bilan yana bir qaytib sog‘liq so‘rashqandan keyin so‘radi:
— Bu kishi kimingiz bo‘ladir, bek aka?
Otabek Rahmatning savoliga javob bermay eshikka qaradi. Hasanalini hujradan uzoqlatib so‘ngra javob berdi:
— Qulimiz. Bu so‘zdan nima uchundir Homid ajablangan edi.
— Qulingiz? — Shundog‘.
Hasanalini bolaliq vaqtida Erondan kishi o‘g‘irlab kelguchi bir turkman qo‘lidan Otabekning bobosi o‘n besh tillo barobariga sotib olgan edi. Hasanalining Otabeklar oilasida qulliqda bo‘lg‘anig‘a elli yillar chamasi zamon o‘tib, endi Otabeklar oilasining chin bir a’zosi bo‘lib ketkan. Xo‘jasi Yusufbek hojiga, ayniqsa, xo‘jazodasi Otabekka itoat va ixlosi tom bo‘lib, buning evaziga ulardan ham ishonch va hurmat ko‘rar edi. Hasanali o‘ttuz yoshliq vaqtida sotib olg‘an bir cho‘riga uylantirilgan bo‘lsa ham, ammo o‘g‘il qizlari bo‘lmag‘an, bo‘lsalar ham yoshliqda o‘lib ketkanlar. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Otabekka ixlos qo‘yib, unga o‘z bolasi kabi qarar: «O‘lganimdan keyin ruhimga bir kalima qur’on o‘qusa, bir vaqtlar Hasanali ota ham bor edi deb yodlasa, menga shunisi kifoya» deb qaror bergan va hozirdan boshlab Otabekka bu to‘g‘rida sipo-rishlar berib, undan samimiy va’dalar olib yurg‘uchi oq ko‘ngil bir qul edi.
Hasanali ustida bo‘lg‘an haligi gapdan keyin Rahmat so‘radi:
— Toshkanddan nimalar keltirdingiz, bek aka?
— Arzimagan narsalar: gazmol, qalapoy afzali va bir oz qozon.
— Marg‘ilonda gazmol bilan qalapoy afzalining bozori chaqqon, — dedi Homid.
Otabek miqrozi bilan sham’ so‘xtasini kesib tuzatdi. Orada yotsirashka o‘xshash bir hol bor, nima uchundir bir so‘zlab ikki to‘xtar edilar. Bu o‘ng‘aysiz holatdan chiqish va, so‘zg‘a ulab yuborish uchun Rahmat tirishkandek ko‘rinar edi.
— Marg‘ilonni qanday topdingiz, bek aka, xushlandingizmi, yo?.. Bu savolning javobiga Otabek ikkilangandek va o‘ng‘aysizlang‘andek bo‘ldi.
— Nima desam ekan... Marg‘ilonni har holda... xush ko‘rdim, Marg‘ilon Turkistonimizning to‘qug‘uchiliq hunarida birinchi shahridir.
Ikkilanib berilgan bu javobdan Homid bilan Rahmat bir-birlariga qarashib oldilar. Otabek bu holatni sezdi va o‘zining so‘zini kulgulikka olib izoh berdi:
— Kelgan kunimdan Marg‘iloning‘izni xushlamay boshlag‘an edim. Chunki tanishlarim yo‘q, musofirchilik bilinib qolayozg‘an edi. Endi bu soatdan boshlab Marg‘ilondan roziman, negaki, yo‘qlab kelguchi sizning kabi qadrdonlar ham bo‘lur ekan.
— Kechiringiz, bek aka, — dedi Rahmat, — men sizning Marg‘ilon kelganingizni bu kun otamdan eshit-dim.
Yo‘qsa, albatta sizni zeriktirmas edim.
— Aniqmi?
— To‘g‘ri gap, — dedi Rahmat, — otam Toshkand borg‘anlarida to‘p-to‘g‘ri sizning eshikingizga tushsinlar-da, siz saroyga tushing. Bu taraf bilan sizdan o‘pkani biz qilsaq arziydir.
— Haqqingiz bor, — dedi Otabek, — ammo bi-rinchidan, sizning havlingizni so‘rog‘lab topish menga qiyinroq ko‘rindi, undan so‘ng molimizni ortg‘an tuyakashlar shu saroyg‘a tayinlang‘an edilar.
— Har holda bu uzr emas.
Hasanali dasturxon yozib qumg‘on kirgizdi. Odatiy takalluflar bilan dasturxon va choyga qaraldi. Homid nonni shinniga bulg‘ar ekan so‘radi:
— Yoshingiz nechada, bek?
Otabekning labi qimirlamasdan choy quyib o‘tirgan Hasanali javob berdi:
— Bekka xudo umr bersa, bu yil hamduna bo‘lsa to‘ppa-to‘g‘ri yigirma to‘rt yoshga qadam qo‘yadilar.
— Yigirma to‘rt yoshga kirdimmi, ota? — dedi bek. — Chindan ham necha yoshga kirganimni o‘zim bilmayman.
— Yigirma to‘rt yoshga kirdingiz, bek. Homid tag‘in so‘radi.
— Uylanganmisiz?
— Yo‘q.
Hasanali Otabekning yolg‘iz «yo‘q» bilan to‘xtashiga qanoatlanmadi va bu to‘g‘rida o‘z tomonidan izohlar berishni lozim ko‘rdi:
— Bek uchun bir necha joylarga qiz aytdirmak istalingan bo‘lsa ham, — dedi, — avval taqdir bitmaganlik, undan keyin bekning uylanishka bo‘lg‘an qarshiliq-laridan bu kungacha to‘y qilolmay kelamiz. Ulug‘ xo‘ja-mizning qat’iy niyatlari bu safardan qaytg‘ach bekni uylandirishdir.
— Manimcha, uylanishdek nozik bir ish dunyoda yo‘qdir, — dedi Rahmat va Otabekka yuz o‘girdi. — Uylangach, xotining tab’ingga muvofiq kelsa bu juda yaxshi; yo‘qsa, munchalik og‘ir gap dunyoda bo‘lmas. Otabek Rahmatning bu so‘zini samimiyat bilan qarshiladi.
— So‘zingizning to‘g‘rilig‘ida shubha yo‘q, — dedi,— ammo shuni ham qo‘shmoq kerakki, oladirg‘on xotiningiz sizga muvofiq bo‘lishi barobarida er ham xo-ting‘a muvofiquttab’ bo‘lsin.
— Xoting‘a muvofiq bo‘lish va bo‘lmasliqni uncha keragi yo‘q, — dedi Homid e’tirozlanib, — xotinlarga «er» degan ismning o‘zi kifoya... ammo jiyan aytkandek, xotin degan erga muvofiq bo‘lsa bas.
Rahmat kulib Otabekka qaradi. Otabek ham isteh-zolik tabassum orasi Homidga ko‘z qirini tashladi.
— Uylanishdagi ixtiyorimiz, — dedi Rahmat, — ota-onalarimizda bo‘lg‘anliqdan, oladirg‘an kelinlari o‘g‘illarig‘a yoqsa emas, balki uning ota-onalari o‘zlariga yoqsa bas. Bu to‘g‘rida uylanguchi yigit bilan er qilg‘uchi qizning lom-mim deyishka haq va ixtiyorlari bo‘lmay, bu odatimiz ma’qul va mashru’ ishlardan emasdir. Masalan, men otaonamning yoqdirishlari bilan uylandim... ammo xotinim ota-onamga muvofiq bo‘lsa ham menga muvofiq emas, siz aytgandek, ehtimol men ham xotinimg‘a muvofiq emasdirman... So‘zingiz juda to‘g‘ri, bek aka.
Otabek Rahmatning so‘zini ixlos bilan eshitdi va «sen nima deysan?» degandek qilib Homidga qaradi.
— Jiyan, — dedi Homid Rahmatka qarab, — boshlab uylanishing albatta ota-onang uchun bo‘lib ulardan ranjib yurishingni o‘rni yo‘q. Xotining ko‘nglingga muvofiq kelmas ekan, muvofiqini olib, xotinni ikki qil. Bunisi ham kelishmasa uchunchisini ol. Xotinim muvofiq emas deb zorlanib, hasratlanib yurish er kishi-ning ishi emas. Rahmat Otabekka kulimsirab qaradida, tog‘asig‘a javob berdi.
— Xotin ko‘paytirib, ular orasida azoblanishning nima hikmati bo‘lsin? — dedi. — Bir xotin bilan muhabbatlik umr kechirmak, manimcha, eng ma’qul ish. Masalan, ikki xotinliqning bittasi sizmi? Uyingizda har kuni janjal, bir daqiqa tinchlig‘ingiz yo‘q.
— Seningdek yigitlar uchun albatta bitta xotin ham ortiqchaliq qiladir, — deb kuldi Homid. — Ko‘b xotin orasida azoblanish o‘zi nima degan so‘z? Qamchingdan qon tomsa, yuzta xotin orasida ham rohatlanib tiriklik qilasan. Men bu kungacha ikki xotin o‘rtasida turib janjalg‘a to‘ygunimcha yo‘q, ammo xotinni uchta qilishg‘a ham o‘yim yo‘q emas.
— Sizga taraf yo‘q, tog‘a.
Homid mag‘rur bir tusda Otabekka qaradi. Otabek uning so‘zidan kulimsiragan edi. Hasanali palovg‘a urnash uchun tashqariga chiqdi. Otabek mehmonlarga choy quyib uzatdi. Homidning haligi so‘zidan keyin oradag‘i bahs kesilgan edi. Uchovlari ham bir narsaning xayolini surgandek ko‘rinar edilar. Bir necha vaqt shu holda qolishib Rahmat tog‘asidan so‘radi:
— Mirzakarim aka qizini erga berdimi, eshitdingizmi?
Bu savoldan nima uchundir Homidning chehrasi buzildi va tilar-tilamas javob berdi:
— Bundan xabarim bo‘lmadi. Gumonimcha, bermagandir.
Rahmat so‘zdan chetda qoldirmas uchun Otabekni ham orag‘a oldi:
— Bizning Marg‘ilonda bir qiz bor, — dedi, — shundog‘ ko‘hlikki, bu o‘rtada uning o‘xshashi bo‘lmas, deb o‘ylayman.
Homid bir turlik vaziyatda yer ostidan jiyaniga qaradi. Tog‘asining holidan xabarsiz Rahmat so‘zida davom etti:
— Shahrimizda Mirzakarimboy otlig‘ bir savdogar kishi bor, bu shuning qizidir. Balki siz Mirzakarim akani tanirsiz, u bir necha vaqt Toshkandda qutidorliq qilib turg‘an ekan?
— Yo‘q... Tanimayman.
Homidning yuzidagi boyag‘i holat yana ham kuchlanib go‘yo toqatsizlang‘andek ko‘rinar edi, Rahmat davom etti:
— Uning havlisi poyafzal rastasining burchagidagi imoratdir. O‘zi davlatmand bir kishi; Toshkand ashroflarining ko‘blari bilan aloqador bo‘lg‘anliqdan balki otangiz bilan tanish chiqar.
— Ehtimol, — dedi Otabek va nima uchundir g‘ayri-ixtiyoriy bir tebrandi. Uning yuzida bir o‘zgarish va vujudida bir chayqalish bor edi. Undagi bu o‘zgarishdan Rahmat xabarsiz bo‘lsa ham, ammo Homid uni yer ostidan ta’qib etar edi. Bu ta’qib Otabekdagi haligi o‘zga-rishni payqabmi yoki tasodifiymi edi, bu to‘g‘rida bir mulohaza aytish, albatta mumkin emas. Yana bir necha vaqt jim qoldilar.
— Endi biznikiga qachon mehmon bo‘lasiz, bek aka?
Rahmatning bu so‘zi bilan Otabek xayolidan bosh ko‘tardi:
— Xudo xohlag‘an vaqtda bo‘larmiz...
— Yo‘q, bek aka, — dedi Rahmat, — siz aniqlab bir kunni tayin qilingiz, biz bu yerga sizni taklif qilg‘ali kelganmiz.
— Ovora bo‘lmoqning nima zarurati bor?
— Bunda ovora bo‘lish degan narsa yo‘q. Iloji bo‘lsa sizni bu saroydan havlig‘a ko‘chiramiz. Hozirga bir kunni tayin qilib bizga mehmon bo‘ling-chi... Otam sizning bilan o‘lturishib Toshkand ahvolotini so‘zlash-makka mushtoqdirlar.
— Bu saroydan sizlarnikiga ko‘chishim og‘ir, — dedi Otabek, — ammo otangizning ziyoratlariga borishg‘a har qachon hozirman.
— Sog‘ bo‘ling, bek aka, boradirg‘an kuningizni ta-yin qila olasizmi? — Ma’lumingiz, kechalari bo‘sh bo‘laman, shuning bilan birga otangiz qaysi vaqtni ixtiyor qilsalar ijobat etishdan o‘zga choram bo‘lmas.
— Salomat bo‘lingiz, — dedi Rahmat, — shuni ham sizdan so‘rayin: o‘lturishka begona kishilar ham aytilsa mumkinmi, ozor chekmasmisiz? Chaqirilg‘anda ham o‘zimizga yaqin va ahl kishilar bo‘lur, masalan, Mirzakarim qutidor kabi.
Bu vaqt Otabekning tusiga ham haligidek o‘zgarish chiqdi ersada, lekin sezdirmaslikka tirishib javob berdi:
— Manim uchun farqsiz.
Oshdan so‘ng mehmonlar bilan xayrlashib chiqdilar.