O'tkan kunlar/03
Saroy tinch uyquda, tun yarim. Hasanali hujraning uzun burama qulufini ochibichkariga sham’ yoqdi va bekning to‘shagini yozib uning kirib yotishini kutib turdi. Ammo Otabek nima uchundir tez kira bermadi. Hujra eshigini ochilg‘anidan, sham’ yoqilib, o‘rin yozil-g‘anidan go‘yo xabarsiz kabi ustung‘a suyalg‘ancha qotib turar edi.
— O‘rningizni yozdim, bek.
Otabek bu so‘z bilan hujraga kirdi va borib to‘shagi yonig‘a o‘lturdi. Hasanali bekning yeshinib yotishini kutib turar, chunki uni yotquzib yoqilg‘an sham’ni o‘zi bilan narigi hujraga olib chiqmoqchi edi. Biroq Otabek to‘shagi yonig‘a o‘lturdida, yana o‘ylab qoldi... Otabek bir necha kunlardan beri Hasanalining ko‘ziga boshqacha ko‘rinar edi.
Hasanali Otabekda shu kungacha ko‘rilmagan qiziq bir holatka besh-olti kundan beri ajabsinib yurar edi. Hasanalini ajabsindirgan holat ham bekning shuning singari xayol ichida barchani unutib qo‘yishi va boshqa ishlarga e’tibor va parvosizligi edi. Hasanali bekning hozirg‘i ipidan-ninasigacha bo‘l-g‘an qiziq holini uzoq kuzatib turdi. Lekin Otabek xayol surishdan zerikmasa ham Hasanali kuzatishidan zerikdi.
— Menda yumushingiz yo‘qmi?
Otabek bu gapni onglamadi shekillik, Hasanalining yuziga ko‘tarilib qaradi-da, yana ko‘zini bir nuqtag‘a tikib qoldi. Bu holatdan Hasanalining andishasi ortib, bekning bunchalik angravlanishig‘a qanday ma’no berishini ham bilmas edi. Otabek shu holda tag‘in qanchag‘achadir o‘lturdi, nihoyat uyqudan uyg‘ong‘an kishidek so‘chib o‘zini
kuzatkuchiga qaradi:
— Chiqib yotmaysizmi?
— Menda yumushingiz yo‘qmi?
— Nima yumushim bo‘lsin, sham’ni ham olib keting.
Hasanali sham’ni olib, o‘z hujrasiga chiqdi. Uning hujrasi Otabekning bilan bir qatorda bo‘lib, gazmol, poyafzal va shuning singari mollar ila to‘lg‘an va Otabekdan boshqa, alohida hujrada turishi ham shu mollarni saqlab yotish uchun edi. Hasanali o‘rnini yozar ekan «tavba» deb qo‘ydi.
Yuqorida so‘zlang‘anidek, Otabekdagi bu holatni biror haftalardan beri payqasa ham hozirgidek andishaga tushmagan va bunchalik diqqat etmagan edi. Xo‘ja-zodasidagi bu holat uni har turlik mulohazalarga olib keta boshladi. To‘shagi ustiga o‘lturib, oq soqolini o‘ng qo‘li bilan tutamlab o‘ylar edi: savdo to‘g‘risida biror xato qildimi, Ziyo shohichinikida taomdan tuzukroq to-tinmadi, biror og‘rig‘i bormikan... Musofirchiliqda og‘risa... Ammo bu mulohazalarining bittasiga ham o‘zi qanoatlanmadi. Zero savdo to‘g‘rilari undan yashirin emas, og‘rig‘anda ham albatta shikoyat eshitar edi.
O‘ylab-o‘ylab bir narsaga ham aqli yetalmagach, o‘rnidan turib toqchada yonib turgan sham’ni o‘chirdi. Hujra orqa-o‘ngni ajratib bo‘lmasliq qorong‘ilandi. Qo-rong‘ida turtinib hujra eshigiga keldi-da, avaylab g‘ijirlatmay eshikni ochdi va sekingina tashqarig‘a bosh chi-qarib saroyni kuzatdi. Kishi yo‘qliqqa qanoat hosil etib, mahsichan oyog‘ini ohista qo‘yib Otabek hujrasining yonida to‘xtadi, saroyni yana qarab chiqdi. Saroy qopqorong‘ i, tinch uyquda, ammo bu tinchlikni saroy ot-xonasidagi otlarning kart-kurt xashak chaynashlari va atrofdagi xo‘rozlarning qichqirishlarig‘ina buzar edilar. Hasanali sekingina daricha ostig‘a yotib hujra ichiga quloq soldi. Hujra ichi tinch edi. Oradan uchto‘ rt daqiqa fursat o‘tib hujradan ship etkan tovush eshitmadi. Tag‘in bir necha daqiqa quloq uzmay turib, so‘ngra o‘rnidan qo‘zg‘almoqchi bo‘lg‘an edi, ichkaridan «ufff» degan ixrash eshitdi. Hasanalining quloqlari tikkayib o‘rnidan turdi, ko‘zi olalang‘an edi.
— Bek og‘riq, — dedi ko‘ngildan va jazmlanib hujra eshigiga yurib keldi. Eshikni ochib Otabek yonig‘a kirmoqchi edi. Eshikni itarishka borg‘an qo‘lini qoldirib «balki og‘riq emasdir» deb to‘xtaldi. Yana kiraymi, yo‘qmi, deb ikkilanib turg‘andan keyin yurib, o‘zining hujrasiga keldi. Ammo Otabek to‘g‘risidagi tashvishi boyag‘idan o‘n qayta ortqan edi. Yeshinib uxlarg‘a yotqan bo‘lsa ham bekning xususi uni ko‘z yumg‘ali qo‘ymadi. Bek to‘g‘risida har turlik xayollarga bormoqda edi. Yusufbek hojining «O‘g‘lim yosh, sen dunyoning issiq-sovug‘ini tatig‘an va manim ishongan kishimsan. O‘g‘limning har bir holidan xabar olib turish sening vazi-fangdir», deb ta’kidlashi, Otabekning onasi — O‘zbek oyimning yoshliq ko‘z bilan: «Seni xudoga, Otamni senga topshirdim!» — deb yolborishlari, zorillashlari uning quloqlari ostida takrorlang‘andek bo‘lar edilar. Uxlab ketalmadi. Ko‘ynakchan egniga choponini yopinib o‘rnidan turdi, hujradan chiqib Otabek darichasi ostig‘a yana kelib o‘lturdi.
Tun ayoz, izg‘iriq yel to‘rt tarafka yugurib jon achitmakchi bo‘lar edi. Hasanali yarim yalang‘och holda junjayib daricha ostida, izg‘iriq quchog‘ida o‘lturar erdi. Ul yegan sovug‘ig‘a iltifot etmas, vujudini izg‘iriqqa topshirib, fikrini hujra ichiga yuborg‘an edi.
Hujra ichiga bir muncha quloq solib o‘lturgandan keyin, uzun tin olib boshini tirqishdan uzdi, Otabekning pishillab uxlag‘an tovshini eshitib bir darajada tinchlandi. Vasvasadan ariyozg‘an bo‘lsa ham o‘rnidan qo‘zg‘almadi, nima uchundir tag‘in ham sovuqqa junjib o‘ltira berdi. Oradan yana bir necha daqiqa fursat o‘tib, Hasanali tamom tinchlandi, ham turib ketmakchi bo‘ldi va shu holatda ichkaridan uyqusirash eshitdi:
— «Qora ko‘zlari, kamon qoshlari...»
— A-a-a, — dedi Hasanali va qaytadan qulog‘ini tirqishg‘a olib bordi. Endi uning butun borlig‘i quloq bo‘lib aylangan, o‘zini unutib barcha diqqati hujra ichiga oqg‘an edi.
O‘rtadan ko‘b fursat o‘tmadi, boyag‘i uyqusirash yana takrorlandi:
— «Oy kabi yuzlar, kulib boqishlar, cho‘chib qochishlar... Uff».
Hasanali uchun birinchida onglashilmay qolg‘an ma’nolar bu keyingi gap bilan yeshildi. Hasanali endigi o‘lturishni ortiqcha topib o‘rnidan turdi, hujrasiga kirar ekan, boshini chayqab o‘zicha so‘zlandi:
— Bek oshiq!
O‘rni ustiga choponini yopdi-da, ko‘rpasi ichiga kirib o‘lturdi va «chindan oshiqmi?» degan savolni ko‘nglidan kechirdi. Tanish bo‘lmag‘an bir shaharda kimning bo‘lsa ham qizig‘a uchrashsin, besh-olti kun ichida bu yanglig‘ uyquda ham... masalaga bu jihat bilan qarab bekning ishqig‘a ishongusi kelmas edi. Ammo ikkinchi tomondan qulog‘i ostida bekning o‘z og‘zidan eshitilgan— «kulib boqishlar, cho‘chib qochishlar...» jumlalari takrorlang‘andek bo‘lib xo‘jazodasidagi bir necha kunlik o‘zgarishka muhabbatdan boshqa hodisa, deb ma’no beralmas edi. Bu ikki turlik masalalarning o‘ng-tersini aylandirib muhokama qildi va o‘lchadi. Hasanalining o‘zi tarozuning ishonmasliq pallasida bo‘lsa ham — «kulib boqishlar, cho‘chib qochishlar» hamon quloqlari ostida takrorlanar edilar. Tun tong otarg‘a yaqinlashg‘an, uning uyquliq miyasi hech bir turlik bu muammoni yesha bilmas edi. Ko‘b o‘ylasa ham bir qarorg‘a kela olmadi. Ammo ertaga bekning o‘zini sinab ko‘rmakchi bo‘lib ko‘zi uyqug‘a ketdi.