Jump to content

O'tkan kunlar/05

From Wikisource
O'tkan kunlar (1926)
by Abdulla Qodiriy
05. Kiroyi kuyaving shundog' bo'lsa
334814O'tkan kunlar — 05. Kiroyi kuyaving shundog' bo'lsa1926Abdulla Qodiriy

Poyafzal bozori va uning burchagidagi havli... O‘qug‘uvchi albatta bu havlining egasi bilan tanish chiqar. Ko‘rimsiz, chirk bosib qorayg‘an, juda ko‘b xizmat qilib keksaygan, ochib-yopqanda anvo’i — turlik dodi-faryod qiladirg‘an, bunda sanalg‘an sifatlarini bir yerga jamlab natija chiqarg‘anda «sharti ketib, parti qolg‘an» bir darbozaning ostonasidan uch-to‘rt qadam ichkariga kirilsa Buxoro zindonlaridan birini his etilur va qorong‘u yo‘lakning nihoyatidagi yorug‘liqqa tomon oshiqilur. Qoqilib-suqilib yo‘lak zindonidan qutiling‘ach bir ulug‘ ariq yoqasig‘a, o‘rdadek havliga chiqilur va rohat tin olinur. Havlining kun chiqarida kun botishig‘a qaratib soling‘an, uncha maxtarliq bo‘lmasa ham ammo zamonasining olding‘i binolaridan hisoblang‘an bir ayvon bilan bir uyga ko‘z tushadir. Sahn va binolar kishi zotidan bo‘sh, shuning uchun bu havli oilaning tashqarig‘i qismi — mehmonxona ekanligi onglashilur. Sahnning tun va kun botar jihatlari kichkina hujralar bilan o‘ralg‘an va bu hujralarning barcha eshiklari yopiq va qulflang‘an holda bo‘lib mollar bilan bandligi va uy egasining davlatlik kishi bo‘lg‘anlig‘i bilinur. Havlining janub tarafi do‘konlar orqasi, ammo katta tup gilos yog‘ochlari qoplab yotadirlar.
Endi biz tashqari havlini qo‘yib mehmonxonaning yonidan ichkariga kiramiz. Ichkari havlining yo‘lagi ham nargisidek usti va bag‘ri yopiq — qorong‘u, yo‘lakning nihoyatiga borib o‘ngga yurilsa axtaxonaga, chapka yurilsa birinchi martaba kirganimizdek ulug‘ bir havliga chiqarmiz. Havlining to‘rt tarafi turlik ehtiyoj binolari bilan va to‘rdagi binoning ikki biqini katta uylar bilan o‘ralg‘an bo‘lib, shu ikki uyning orasig‘a o‘lturgan koshinkor va naqshin chorxari ayvon bu havlining birin-chi martaba ko‘zga chalinadirg‘an ortiqliqlaridandir. Shu chorxari ayvonning o‘rta bir yerida, ustiga atlas ko‘rpalar yopilg‘an tanchaning to‘rida devorga suyanib, avrasiga qora movut sirilgan sovsar po‘stin kiyib bir kishi o‘ltu-radir. Bu kishi bilan ikkinchi martaba tanishib o‘lturmaymiz, chunki, bu odam o‘qug‘uchi bilan tanishqan — Mirzakarim qutidor. Tanchaning ikki biqinida ikki xotin: bulardan bittasi ichidan atlas ko‘ynak, ustidan odmi xon atlas guppi kiygan, boshig‘a oq dakanani xom tashlag‘an, o‘ttuz besh yoshlar chamaliq go‘zal, xush bichim bir xotin. Yuzidan muloyimlik, eriga itoat, to‘g‘riliq ma’nolari tomib turg‘an bu xotin qutidorning rafiqasi — Oftob oyim, ikkinchisi yetmishlardan o‘tkan bir kampir.
Oftob oyimning onasi — Oysha bibi. O‘choq boshida qo‘polg‘ina, qirq besh yoshlar chamaliq yana bir xotin choy qaynatib yuradir. Bu xotin ersa oilaning cho‘risi — To‘ybeka. Biz bular bilan tanishishni shu yerda qoldirib ayvonning chap tarafidagi daricha orqalik uyga kiramiz, ham uyning to‘riga soling‘an atlas ko‘rpa, par yostiq quchog‘ida sovuqdan erinibmi va yo boshqa bir sabab bilanmi uyg‘oq yotqan bir qizni ko‘ramiz. Uning qora zulfi par yostiqning turlik tomonig‘a tartibsiz suratda to‘zg‘ib, quyuq jinggila kiprak ostidag‘i timqora ko‘zlari bir nuqtag‘a tikilgan-da, nimadir bir narsani ko‘rgan kabi... qop-qora kamon, o‘tib ketkan nafis, qiyig‘ qoshlari chimirilganda, nimadir bir narsadan cho‘chigan kabi... to‘lg‘an oydek g‘uborsiz oq yuzi bir oz qizilliqg‘a aylangan-da, kimdandir uyalg‘an kabi... Shu vaqt ko‘rpani qayirib ushlagan oq nozik qo‘llari bilan latif burnining o‘ng tomonida, tabi’atning nihoyatda usta qo‘li bilan qo‘ndirilg‘an qora xolini qashidi va boshini yostiqdan olib o‘lturdi. Sariq rupoh atlas ko‘ynakning ustidan uning o‘rtacha ko‘kragi bir oz ko‘tarilib turmoq-da edi. Turib o‘lturgach boshini bir silkitdi-da, ijirg‘anib qo‘ydi. Silkinish orqasida uning yuzini to‘zg‘ig‘an soch tolalari o‘rab olib jonso‘z bir suratka kirgizdi. Bu qiz suratida ko‘ringan malak qutidorning qizi — Kumushbibi edi.
Kumushbibi bir necha kundan beri sovuq havo tegdirib, bosh og‘rig‘i va ko‘z tinishka o‘xshash og‘rig‘lardan shikoyat qilib yurar, shuning uchun onasi «tinch uxlasin, ortiq urinmasin» deb bu kun namozga ham uyg‘otdirmag‘an edi. Kumush, kiyinib uydan chiqdi, To‘ybeka tomonidan hozirlanib berilgan issig‘ suv bilan yuzini yuvdi. Uyiga kirib artinib, tuzatingach ayvonga chiqdi. Ayvondagilarga salom berib otasining yonig‘a kelib o‘lturdi.
Qutidor qizini kuzatdi:
— Tuzikmisan, qizim?
— Yo‘q, otajon, boshim hamon og‘rib turadir.
Qutidor qizining peshonasini ushladi:
— Ey-ha, Kumush, hali issig‘ing bor, — dedi. — O‘zingni teja qizim, o‘rningni qalin qilib burkanib yot, terlasang yorisharsan, qizim. To‘ybeka, Kumushning choyini oqlab ber-chi.
Oftob oyim erining so‘zini kuchlab tushdi:
— Issig‘i bor, yuzi ham qizarib bo‘rtib turibdir.
O‘zining ruhsiz tovushi bilan Oysha buvi ham gapka aralashdi.
 — Nax kechasi bilmapsiz, nax meni qo‘rqitib enka-tenkamni chiqardi. Isitmasi aralash allanuchka so‘zlarni aytib chiqdi...
Kumushbibi yalt etib buvisiga qarab qo‘ydi.
— O‘sha harorati g‘arizaniki hammasi, — dedi qutidor. — Men bu kun birar hakimdan so‘rab qaraychi... Ol qizim, shu piyoladagi choyingni ich-chi, — dedi va tag‘in bir qayta qizini kuzatdi.
Choyni ichib bo‘lg‘andan keyin qutidor fotiha o‘qub o‘rnidan turdi:
— Men senga aytib qo‘yay, Kumush, — dedi turar ekan qutidor Oftob oyimg‘a, — bu kunga bir mehmon aytkan edim. Cho‘ringni chiqarib mehmonxonani tozalat. Anovi yangi qoplag‘an ko‘rpalaringni ber, tanchaga o‘shani yopsin. Katta gilamni ham chiqar, uyingda mevalaring bor edimi?
— Bor.
— Bor bo‘lsa yaxshi. Bir ozdan so‘ng et olib kirguzarman, varaqi pishirib qo‘yingiz. Oftob oyim varaqi pishirishdan u kungi mehmon-ning uncha-muncha kishi bo‘lmag‘anlig‘ini bildi.
— Qanaqa mehmon edi?
— Sen tanimassan, toshkandlik bir yigit, tag‘i shu yerda-gi uch-to‘rtta og‘aynilar.
Tuzikmi, aytkanlarimni uqdingmi?
— Uqdim-uqdim.
Kumushbibi otasining so‘ziga iltifot qilmadi. Qutidor do‘koniga jo‘nag‘andan keyin Oftob oyim To‘ybekani mehmonxonag‘a buyurdi va o‘zi xamir qilishg‘a o‘lturdi.
Kumushbibi xomush edi. Bir narsa to‘g‘risida o‘ylarmidi yoki bosh og‘rig‘isi kuchlikmidi, har holda namozshom gul kabi yopiq edi. Qarshisida o‘lturg‘an buvisining o‘tkanketkandan qilg‘an hikoyalariga erinibgina quloq berar va ko‘nglini ochish uchun aytilgan qiziq so‘zlarga iljayish bilan javoblanar edi.
Kumushbibi o‘zining bir soatcha vaqtini shu ko‘yi kechirdi, so‘ngra o‘rnidan turib kichkina latif oyoqla-rig‘a otasining yaqindag‘ina olib bergan qala kavshini kiydi va oshxona yumishi bilan qorishib yotqan onasi-ning oldig‘a bordi.
Kumushbibi endi o‘n yettini qo‘yib o‘n sakkizga qadam bosqanliqdan bo‘yi ham onasig‘a yetayozg‘an, ammo jussasi onasig‘a ko‘ra to‘laroq edi. Onasining yumishig‘a bir oz qarab turg‘anidan keyin tashqarig‘a tomon ketdi. Ayvonning bir chetidan mehmonxonada gilam to‘shab uringan To‘ybekaga qarang‘an bo‘ldi-da, ayvonning o‘rta ustuniga kelib suyandi. Endi boyag‘ig‘a qarag‘anda bir oz yengillangansumon, jon olg‘uchi qora ko‘zlari harakatlana boshlag‘an, bo‘g‘riqqan qizil yuzlari ochilinqirag‘an edilar. Ayvon ustuniga suyang‘ach, qora qiyig‘ qoshlarini chimirib ko‘cha yo‘lak tomong‘a qaradi, bir oz qarab turdi-da, ayvondan yerga tushib yo‘lak tomong‘a, ariq bo‘yig‘a ketdi.
Suv bir do‘konning ostidan chiqib, bu havlida uch-to‘rt quloch chamasi ochiq havoda oqar va ko‘prik-tom ostig‘a ketar edi. Kumushbibi ariq bo‘yidan bir o‘rinni ko‘zladi-da, sakrab narigi yuziga o‘tdi va cho‘nqaydi. Uning ko‘zlari mulo-yimg‘ina suv ustiga og‘dilar. Ariqning musaffo tiniq suvi yovoshg‘ina oqib kelar, Kumushbibining qarshisig‘a yetkanda go‘yoki, uning ta’zimi uchun sekingina bir charx urib qo‘yar, o‘z ustida o‘lturgan sohiraning sihriga musaxxar bo‘lg‘an kabi tag‘i bir kattaroq doirada aylangach, ohistag‘ina ko‘prik ostig‘a oqib ketar edi. Ariq suvining nihoyatsiz bu harakatini uzoq ko‘zdan kechirib o‘lturg‘ach, qo‘l uzatib suvdan oldi va yuzini yuvdi. Uning yuzini o‘pib tushkan suv tomchilari bilan ariq harakatka kelib chayqaldi, go‘yoki suv ichida bir fitna yuz bergan edi... Ikkinchi, uchinchi qaytalab yuz yuvishda bu fitna tag‘i ham kuchaydi...
Nozik oyoqlar toldilar shekillik, sadaf kabi oq tishlarini bir-ikki qaytalab chaydi, ariq bo‘yini va uning suvlarini tashlab ketdi. Boyag‘ig‘a qarag‘anda anchagina yengillanib ichkariga kirdi, harakatlari ham bir muncha o‘zgargan edi. Oysha buvi undagi bu o‘zgarishdan so‘yindi:
— Yengil tortdingmi, qizim?
— Shukur...
— Endi ortiq urinma qizim, tinch o‘ltur.
 * * *
Qish kunlari bir tutam, «ha, deguncha» kech bo‘ladir. Bu kun ham «ha deguncha»ga ham qolmay kech bo‘lg‘an, mehmonlarning kelishkaniga yarim soatlab vaqt o‘tkan edi. Qutidor mehmonlarni ixlos va samimiyat bilan kutar, ziyofat quyuq-suyuqlari bilan to‘lato‘ kis davom etar edi. To‘ybeka ichkari bilan tashqarig‘a yugurib dasturxon yangilar, choy tashir edi. Xizmat tugalayozg‘andan keyin To‘ybeka o‘zining sovub qolg‘an oshini yemak uchun Oftob oyimlar yonig‘a o‘lturdi.
So‘zdan so‘z chiqib Oftob oyim To‘ybekadan so‘radi:
— Mehmonlar qanaqa kishilar ekan, tanidingmi?
— Nax siz yosh mehmonni ko‘rmabsiz, dunyog‘a kelmabsiz, — dedi To‘ybeka o‘ngu ters osh chaynab, — bir chiroylik, bir aqllik, tag‘in o‘zi hammadan yuqorida o‘lturadir; hali yigirma ham bormag‘andir, mo‘ylabi ham endigina chiqa boshlag‘an... Nax bizga kuyav bo‘ladigan yigit ekan, — dedi va Kumushka qarab kulib qo‘ydi. Bu so‘zdan Oftob oyim ham kulimsirab qizig‘a qaradi:
— Ana, Kumush, sen eshitdingmi, opangning so‘zini, To‘ybeka senga er topqan, sen bo‘lsang boshim og‘riydir deb yotasan.
Kumushbibining sezilar-sezilmas kulimsirashidan yoqutdek irinlari ostidagi sadafdek oq tishlari ko‘rinib ketdi ersa-da, biroq uning bu holi tezlik bilan tundliqqa alishindi.
— Qolg‘an xizmatlaringizning bittasi endi menga er topish edi.
To‘ybeka Kumushning tundlanishini elamadi:
— Ey... singlim, hali sen bilmaysan, — dedi, — u yigitni bir ko‘rgin-da, hu, deb
ketabergin... sen tugil, shu yoshim bilan menim ham unga tekkim keldi, — dedi va xaholab yubordi.
Kumushbibi chirt etib yuzini To‘ybekadan o‘girdi.
— Tezroq tegib qoling.
— Koshki edi tegalsam, — dedi To‘ybeka, — men uning bir tukiga ham arzimayman. Ammo sen bo‘lsang uning bilan tenglashar eding. «Teng-tengi bilan, tezak qopi bilan».
Xa-xa-xa!..
To‘ybekaning shuningdek hangomalari boshqa vaqtlarda Kumushni yaxshigina kuldirsa ham hozir unga yotishib kelmadi shekillik, achchig‘lang‘an ko‘yi yotish uchun uyiga kirib ketdi. Oftob oyim «bachcha-machchadir» deb o‘ylag‘an edi. Shuning uchun bu to‘g‘rida so‘z ochmadi.
— Tashqaridan xabar olingizchi, opa, — dedi Oftob oyim, — choy kerak bo‘ldimikin.
To‘ybeka nari-beri oshini yeb tashqarig‘a chiqib ketdi. Oradan daqiqa vaqt o‘tkan yo o‘tmagan edi, hovliqib ayvonga keldi:
— Tuf-e, qurib ketsin jonim chiqib ketdi-ya!
Bir soatdan beri joynamozdan qo‘zg‘almay tasbih ag‘darib o‘lturgan Oysha buvi To‘ybekani boshdan-oyog‘ kuzatib yana ishiga mashg‘ul bo‘ldi. Oftob oyim iltifotsizgina kulimsirab tanchadan so‘radi:
— Nima bo‘ldi, nega muncha qo‘rqish?
To‘ybeka damini rostlab ustunning tegiga o‘lturdi:
 — Pochchamdan dasturxonni olib qoqish uchun gilosning yonidan o‘tarmanmi, allakim baloga turtinib ketdim. Qo‘rqqanimdan oz qoldiki, dodlab yuborsam... Chamasi mehmonlarg‘a qarab turg‘an ekan.
— Kimbalo ekan?
— Qorong‘uda yaxshi ajratolmadim, tusini g‘ira-shira anovi qora Homidg‘a o‘xshatdim. Tag‘i umi-boshqami— xudo bilsin, shatir-shutir qildi-da, chiqib ketdi.
 * * *
Qutidor mehmonlarni jo‘natib yotish uchun yeshinar ekan, Oftob oyim so‘radi:
— Chiroylik yigit, aqllik yigit, deb maxtiy-maxtiy To‘ybekaning ichagi uzildi, u kim edi?
— Mehmonimiz o‘sha edi, — dedi qutidor, — toshkandlik Yusufbek hoji otlig‘ yaqin oshnamning o‘g‘li.
— To‘ybekaning maxtag‘anicha bormi, o‘zi?
— Bor, — dedi qutidor va g‘italandi, — xudo kishiga o‘g‘il bersa shundayini bersin-da.
Oftob oyim kula-kula To‘ybekaning Otabek to‘g‘ri-sida so‘zlagan gaplarini va Kumush bilan bo‘lg‘an mojarosini so‘zlab chiqdi. Qutidor ham kulgidan o‘zini to‘xtatolmas ekan:
— Tentagingning aqli balo, kiroyi kuyaving shundog‘ bo‘lsa, — dedi.