O'tkan kunlar/18
... Bu kun soat o‘n ikkida Otabek ila qutidorning isyon-chiliq gunohi bilan dorg‘a osilishlarini jarchi shaharga xabarlab yurar va xalq og‘zida Otabeklarning emish-memish hikoyalari edi.
Homid ila birgalashib kirgan mirshabni qo‘rboshi tashqarig‘a chiqmoqg‘a buyurdi-da, Homidni o‘lturishka imladi.
Qo‘rboshi nimanidir so‘zlamoqchi bo‘lsa ham, negadir uning tili osonlik bilan harakatka kelmas va o‘zi ham bir turlik o‘ngg‘aysizliqda edi. Nihoyat qo‘rboshi o‘ziga bir turlik jasorat berdi:
— Bobolar: «Dunyoniki miri kam ikki» deganlar, — dedi, — to‘g‘risi ham shundog‘: o‘zingni yuz yoqg‘a ursang ham tiriklikning yana bir boshqa yamog‘i chiqib turadir...
Tuyg‘un Homid qo‘rboshining nima maqsadi borlig‘ini payqadi:
— To‘g‘ri so‘zlaysiz, taqsir, — dedi, — dunyoniki hamisha mirikam ikki, shu yetishmaslik balosidan to‘yib, ba’zi vaqtlarda kishining dunyodan chiqib ketkusi kelib qoladir. Yaxshikim, dunyoda oshna, og‘ayni degan kimsalar bor... Agar shular bo‘lmasachi, kishi allaqachon dunyodan chiqib ketadir. Shuning uchun men og‘aynilarni ko‘zlarim ustida tutaman, ularni muhtojliq chog‘larida ko‘rsam, o‘zimni garav qo‘yib bo‘lsa ham ehtiyojdan chiqarishg‘a tirishaman.
Qo‘rboshi tizasi ustiga ko‘ndalang qo‘yg‘an qilichi-ning ikki tarafidan bosib, bir qo‘zg‘alib qo‘ydi:
— Bali, bali, mulla Homid, munday og‘aynilarning sadaqasi ketsang ham arzir, — dedi tomoqlarini qirib qo‘ydi. — Shu kunlarda o‘g‘ilchalarning yoshi yetib, sunnati nabiyunani bajo keltirish taqozo etadir... To‘y keraklaridan ko‘pini tadorik qilg‘an bo‘lsam ham, yetishmagan yerlari ham ko‘b. Shuni sizning kelishingiz oldida o‘ylab o‘ltirar edim...
— Bek aka, — dedi Homid va tusiga yasama kulish chiqardi, — siz achchig‘lansangiz ham aytay: beklar zoti kishiga sira ham oshna bo‘lmas ekanlar. Ayniqsa siz hamon o‘zingizning beklig‘ingizga borib, istig‘nongizni eskicha olib borasiz... Boshingizda shunchalik qayg‘ingiz bo‘lur emish-da, bir og‘iz menga aytmas emishsiz?
— Yo‘q, yo‘q, mulla Homid, — dedi, — bu yoqda gap bor: hukumat xizmatida turg‘aningdan keyin yuz yoqning mulohazasini qilar ekansan...
— Tuzik, bek aka, ammo manim oshnachilig‘im tamom boshqachadir, — dedi Homid va yonchig‘ini chiqarib bir qo‘lidan ikkinchi qo‘lig‘a oltinlarni sanab tushira berdi. Qo‘rboshining ko‘zi oltinlar ustida o‘ynab bular barakasida qiladirg‘an sunnat to‘yisini, Marg‘ilon beklari oldida ortdiradirg‘an obro‘sini o‘ylamoqda edi. Oltinlardan yigirmatasi ajratilgach, sanoqqa ishonmay ko‘rib turg‘anim tushmi, deb uyqusiradi. Homid oltinlarni uzatdi, — mana, bek aka, bu arzimagan oltin xolis oshnalig‘imizning bog‘lanishidir, yana yetmagani bo‘lsa qarab turmasmiz.
Qo‘rboshi titrab, qaxshab oltinlarni joyladi. Homiddan nihoyatda xursand edi:
— Xo‘sh, mulla Homid, endi bu kungi hangamalardan so‘zlashayliq, — dedi bek. — Pochchangiz ila jiyaningizning bu ishka oralashib qolg‘anlari yomon bo‘ldi-da. Bu so‘zdan Homidning yuziga qayg‘irish alomati chiqdi va e’tibor bilan qo‘rboshining og‘zig‘a qaradi.
Qo‘rboshi davom etdi:
— Bu ikki begunohning qamalishlarig‘a ham o‘sha yaramas sabab bo‘ldi. Yo‘qsa ularni qamoqqa olishg‘a qushbegi buyurmas edi. Ammo kechagi qushbegiga so‘zlag‘an so‘zingiz Otabek ila qayin otasini o‘limga mahkum qilganidek, pochchangiz ila jiyaningizni bir qadar oqlaydilar. Shuning uchun men borg‘an so‘ng bo‘ladirg‘an hukm majlisida ehtimol qarindoshlaringizni qutqazishg‘a muvaffaq bo‘lurman. Har holda qarindoshlaringizning qattig‘ jazo tortishlari shubhalikdir, siz payqadingizmi, yo‘qmi kecha men jarchig‘a bu kungi osilg‘uchilarni Otabek ila Mirzakarim bo‘lg‘anlig‘ini ta’yinlagan edim.
— Marhamatingizga qulluq, — dedi Homid, — ammo shundog‘ bo‘lsa ham qarindoshlarim to‘g‘risida xavfdaman... Buning boshqacharog‘ bir ebini topib bo‘lmasmikin?
Boyag‘i mukofotlar qo‘rboshini chinlab bosh og‘ri-tishg‘a majbur etar edi. Bu to‘g‘rida ul ancha o‘ylab oldi:
— Kecha qushbegi oldida Otabeklarni qay ravishda ayblab so‘zlag‘an edingiz, tag‘in bir eshitib ishning rejasini olay-chi?
— Qushbegiga so‘zlag‘anim shunday edi — «Otabek aytdi: endi bizning Toshkand xalqi qipchoqlarning jabru zulmi va tadbirsiz idorasi ostida yotib juda to‘ydi. Boshlab Toshkanddan qipchoq balosini yo‘qotish uchun Azizbek va otam boshliq isyonga tayyorlandilar. Shu maqsadda Marg‘ilon og‘aynilarini ham qipchoqlarg‘a qarshi oyoqlandirmoq uchun meni bu yerga yubordilar. Biz tokay qipchoqlar qo‘l ostida ezilamiz va bir hovuch dalatoblarg‘a bosh egamiz, dedi. Otabekning bu so‘ziga qutidor va Akram hojilar qo‘shilishib, unga bu yo‘lda yordamlashmakchi bo‘ldilar. Ammo men bo‘lsam bu gapka qarshi tushib: sizlarning bu fikrlaringiz yanglishdir, biz uch yil bo‘yi janobi O‘tabboy qushbegining qo‘l ostlarida yashab hech bir zulm ko‘rmadik. Shu holda hukumat ustiga iqdomimiz kufroni ne’mat bo‘lur, dedim. Otabek menga qattig‘ so‘zlar aytdi. Pochcham ila jiyanim bo‘lsa manim fikrimda edilar, ammo uyimizga kelgan mehmon, deb ularga ochiq qarshilik qilmadilar. Bu majlisdan keyin men bir necha vaqt Otabek va yo‘ldoshlarining qonlari to‘kilmasin, deb bu gapni ichimga solib yurdim. Biroq Toshkandda Azizbek va Yusufbek hojilar isyoni boshlang‘andan so‘ng, o‘zimning bu ishimni hukumatimiz uchun xiyonat bilib, qo‘rboshi janoblariga xabar berdim. O‘zimning sodiqona bu xizmatim evaziga janoblaridan ojizona o‘tinchim shulki, bu sirni sizlarga bildirguvchi men bo‘lg‘anlig‘imni o‘zlaridan boshqa kimarsa bilmasin, hatto muttahamlar ham sezmasinlar» — mana, faqirning Otabeklarni ayblashim va qarindoshlarni oqlashim xulosasi shundan iboratdir.
— Barakalla, — dedi qo‘rboshi, — sizning bu gapla-ringiz juda ham o‘rinlik tushkan, men ishonamankim, Ziyo aka bilan Rahmat qutulurlar.
— Buni nimaga suyanib aytasiz?
— Suyanchig‘ingiz ma’lum, — dedi qo‘rboshi, — qushbegiga Otabek ila qutidorni osmoq fikrini bergan bu so‘z, pochchangiz bilan jiyaningizni nuchuk qutqarmasin.
— Pochcham bilan jiyanim ilgarigi so‘roqda qanday javob bergan edilar, buni xotirlay olasizmi?
— Ularning javoblari kechagi sizning oqlashingizg‘a sira ham qarshi kelmaydir. Chunki ular majlisda bunday so‘z bo‘lmadi, deb tondilar. Bu ersa o‘z uylariga kelgan mehmonlarni rioya qilishlari bo‘lib chiqadir-da, yana ish sizning oqlashingizg‘a yopishib keladir.
Homid tag‘in bir mulohazaga tushkan edi. Uning bu holini kuzatib turg‘an qo‘rboshi:
— Endi ortiq o‘ylamangiz, mulla Homid, — dedi, — orada siz qo‘rqarliq hech bir ish yo‘q.
Homid nimadir aytmakchi bo‘lar edida, o‘ng‘aysiz-lanib to‘xtar edi. Bir kuni qayta og‘zini jo‘plab qarasa ham yana so‘zlay olmadi. Qo‘rboshi uning bu holidan xabar topdi:
— Gapuring, gapuring, munda yot kishi yo‘q.
Qo‘rboshining bu so‘zi daldasida Homid jasorat-landi:
— Bu kun hukm majlisida pochcham ila jiyanim so‘zlaridan yanglishib ketsalar nima bo‘ladir?
— Nega yanglishsinlar, ular bilganlaridan ortiqni albatta so‘zlamaslar. O‘lim degan narsa ko‘z o‘ngiga kelib to‘xtag‘andan keyin Otabekdek mehmonlar rioyasi ko‘ngildan yuvilur, so‘zning to‘g‘risini aytishka majbur bo‘lurlar va ish ham sizning ayblash, oqlashlaringiz ruhiga kelib to‘xtar.
Homid yana ham o‘ngg‘aysizlanib tushdi, o‘zining ichki sirriga shu choqg‘acha tushuna olmag‘an qo‘rboshig‘a la’natlar o‘qur ekan:
— Ayblash, oqlash so‘zlarimning ruhini siz bir yoqqa qo‘yabering-da, ishning ichki tomonini mulohaza qiling, qo‘rboshi aka, — dedi.
Xoin ila sotilg‘an ko‘zlar to‘qnashdilarda, bir-birisidan ma’no olishdilar va oraga bir necha daqiqa so‘zsizlik, jimjitlik kirdi. Qo‘rboshi chindan ham bu o‘ringacha Homidning ichki sirriga muttali’ bo‘lmag‘an, qo‘lig‘a kirgan oltinlarni ham yolg‘iz uning qarindoshlarining qutilishlari yo‘lidagi choychaqalar, deb bilar edi. Ammo endi ilgari va hozirda kissaga tushkan oltinlarni Otabek ila qutidorning qon baholari ekanligini sezib vijdoni to‘lqinlanayozdi va mutaraddid bo‘ldi. Qo‘rboshi-ning bu holi Homidni ma’lum ikki yo‘l ustida qoldirgan edi. Bu ikki yo‘l ustida qolgan Homid sarosima edi. O‘zini jahannamga yuborish va najotka chiqa-rish ixtiyori qarshisidag‘i bekning qo‘lida edi. Unga tez-tez qarar va hol tili bilan unga yana ko‘b oltinlar va’da qilar edi. Bu va’dalarni Homidning yuzidan o‘qug‘an qo‘rboshi — «ikki kishining xun baholari!» qichqirmoqqa bo‘lgan vijdon sadosini eshitib o‘lturmadi:
— Endi bunga qarshi qanday yo‘llar ko‘zlaysiz?
Homid o‘zining najot tomonig‘a og‘ishqanini sezib entikdi:
— Qushbegiga qilg‘an ayblash, oqlash yo‘llarimni pochcham ila jiyanimga tushundirish kerak, deb o‘ylay-man.
— Tushundirsak, tag‘in yaxshi.
— Rahmat, bek aka, undog‘ bo‘lsa vaqt qochirmasdan ularning yonlarig‘a tushib, to hukm vaqtig‘acha uqdira olasizmi?
— Mumkin, o‘zingiz tushsangiz yana yaxshi.
Homid boshini chayqadi:
— Otabek ila qutidorlarninggina emas, hatto pochcham ila jiyanimning ham manim bu ishlarda ishtirokim borlig‘ini bilmasliklari kerakdir.
— Ma’qul. Ammo bunda sizning maqsadingizg‘a qarshi bir gap borkim, hukm chog‘ida qushbegi sizni yo‘qlasa nima bo‘ladir? Bu taqdirda ular sizning bu ishni omili bo‘lg‘anlig‘ingizni bilmaslarmi?
Masalaning bu tomoni ham Homid uchun yomon edi. Farishtadek sof holda qolmoqchi bo‘lg‘an Homidning bu hol sirrini ochar, yuzidagi niqobini olishg‘a, raqiblar ila yuzma-yuz kelishka majbur etar edi:
— Hukm majlisida bo‘lmaslig‘imni uhdangizga ololmaysizmi?
— Uhdaga olmoq qiyin, — deb bosh chayqadi qo‘rboshi, — ammo bu bir ehtimolginadir, chunki, qushbegining bir narsaga qaror bergach, ortiq tekshirib o‘lturadirgan odati yo‘qdir.
Homid uzoq o‘ylab turmadi, yuzidagi sovuq bir o‘zgarish ichida:
— Mayli, basharti yuzlashmoqqa to‘g‘ri kelganda ham men hozir, — dedi, shundan so‘ng ajralishdilar.