Jump to content

O‘zbek shoirlari. Cho‘lpon

From Wikisource
O‘zbek shoirlari. Cho‘lpon (1927)
Ayn
334773O‘zbek shoirlari. Cho‘lpon1927Ayn

O‘zgarishdan keyin vujudga kelgan o‘zbek adabiyoti o‘zgarish bilan barobar o‘sdi: uning keltirgan yangiliklarini, bu davrdagi intilish, tilaklarni o‘zida aks etdirib, ozmi-ko‘bmi maol – forma – materiyol tomonidan zamoniy bir shakl olmoqqa boshladi. Bir qancha yosh adabiyot xodimlari yetishdi. Bular yo‘qsullarning hayotini, mafkurasini, boshidan o‘tkazgan achchig‘-achchig‘ hollarini suratlantirish uchun urundilar. Shuni tarannum ettilar.

Yo‘qsullarni o‘rab olg‘an og‘ir sharoitlar tugadi. Madaniy qurulish bilan mashg‘ul bo‘lmoqqa boshladi. Uning og‘ir, mas’uliyatlik ijodiy ishlari boshlandi. Yangi turmushning chin asoslarini qurish, bu yo‘lda kurashish zamoni keldi.

Mana bu yerda yosh adabiyot xodimlarining ustiga yangi-yangi vazifalar tushadi. Bu yosh shoirlarimiz o‘zlarining ustlariga tushgan mana shul vazifani qisman o‘tab yotibdirlar. Ya’ni, ularning yaratg‘an asarlari, proletariat ijodchilig‘ining oynasi bo‘lmoqqa; yo‘qsullarning sinfiy tilaklarini, manfaatlarini, mafkurasini jozibador bir yo‘sunda tasvirlashga, jonlantirishg‘a boshladi.

Shunday yosh shoirlarimizdan shularni ko‘rsata olamiz: Oybek, Botir, Saodat, Lazokat, Fidoiy, Erkin, Hojar, Gʻayratiy, Rahimiy…

Shuni ham so‘ylash kerak, bular yosh bo‘lg‘anlari uchun hali kuchlik namunalar milyonlarg‘a tushunarlik badiiy shakl yarata olmadilar. Faqat bu xususda urinmoqdalar, kundan-kunga muvaffaq bo‘lmoqdalar.

Bularning bir qismi, o‘z ishlarida muvaffaq bo‘lish uchun tajribalik yozuvchilarning (Cho‘lpon, Fitrat, A.Qodiriy…) adabiyot texnikasidagi muvaffaqiyatlaridan foydalanmoqdalar, namuna o‘laroq shularni ko‘rmaqdalar va shuning munosabati bilan ba’zi yosh yozuvchilar ularning to‘g‘ri bo‘lmag‘an ta’sirlariga berilmakdadirlar.

Biz bu maqolada Cho‘lpon to‘g‘risida fikr yuritmakchimiz.

O‘zgarishgacha ham undan so‘ngg‘i shoir va adiblarimiz orasida, eng ko‘b yozuvchi, bular orasida ayrim o‘rin tutg‘uvchi shoir, shubhasiz, Cho‘lpondir. Uning ayrim o‘run qozonishig‘a sabab, eski qlassizmning tor ramkasani buzib, parchalab, uning (qlassizmning) ifodasi yo‘sunini, ommaga anglashilmaydurg‘an tilini soddalashtirib, ommaga yaqin qo‘yish uchun urinishidir. Ham mana shul sodda ifoda yo‘sunida, sodda tilda amaliy namunalar bilan bizni ta’min etishidir.

Uning tili sodda, ham turli fikr tuyg‘ularni ifoda qilishga yararliq ham nuqsonsizdir. Bu kungi o‘zbek adabiy tili, shubhasiz, Cho‘lpon tilidir. Butun adabiy yoshliq uning tilini birar o‘rnak taniydi. Unga taqlid qiladi, Cho‘lpon buning bilan taqdir etilarlik, maxtanarliqdir.

Bu kungacha, Cho‘lpon to‘g‘risida so‘zlaganlar, yozg‘anlar yaxshi tomonlari ustida turg‘anlari uchun men bu haqda so‘zni uzaytirmasdan, uning nuqson tomonlari, xususan mafkurasi, adabiy ta’siri ustida to‘xtayman.

Bu kungacha, Cho‘lpon to‘g‘risida ma’ruza o‘qug‘anlar, unga madhiya yozg‘anlar nima desa desinlar, uni bo‘yab ko‘rsatsalar ko‘rsatsinlar, biz ularga qo‘shila olmaymiz.

“Cho‘lpon kim? U kimning shoiri?” degan so‘roqqa, qisqacha qilib “Cho‘lpon butun kirlikdan ozoda bir insondir; bir shoirdir. U yo‘qsul xalqning shoiridir” deb, chiroyliq jumla bilan javob beruvchilar, unga baho qo‘yuvchilar oramizda bor.

Cho‘lponning bu kungacha yozg‘an asarlarini tekshirib chiqsaq yuqoridag‘i bahoning butunlay noto‘g‘ri ekanini anglaymiz, chunki Cho‘lpon yo‘qsul xalqning shoiri emas; u shu mafkura yo‘lida urinadir, u millatchi, vatanparast, badbin ziyolilarning shoiridir. Uning mafkurasi shularning mafkurasidir, u shu mafkura yo‘lida urunadir, talpinadir. Uni qaynatqan, unga ilhom bergan narsalar shulardir.

Uning yuraklari, tomirlari muhit – zamon ta’siri bilan tepmaydi. Boyag‘i his va mafkura bilan tepadi.

Cho‘lponning bu kungacha yozg‘an narsasi mana shu haqiqatni ochiq-oydin ko‘rsatadi, shunga shohiddir.

Tuzuk, Cho‘lponning “Tortishuv tongi”, “Qo‘zg‘alish”, “O‘tli suv”… kabi “inqilobiy” asarlari bor. U inqilobchi bo‘lib ko‘runmak istaydi(!). Faqat, shu xilda inqilobiy mavzular ustida qalam o‘ynatar ekan, chin ma’nosi bilan qizg‘inliq ko‘rsata olmaydi. Ko‘pirib, tosha olmaydi. San’atkor ko‘rinmak istab mavzuning ma’nosini qochiradi. O‘z fikrini ochiq anglatolmaydi; razmlar bilan o‘raydi; pardalaydi; o‘zi ham dovdirab qoladi.

Endi shu besh-olti she’ri bilan “Cho‘lpon yo‘qsul xalqning inqilobchi shoiri” deb aytish mumkinmi?..

Unga madhiya yozuvchilar:

Chechaklar o‘sgusi ko‘z yoshlarimdan,

Bo‘g‘unlar o‘nguvsi o‘ylashlarimdan…

degan baytni olib “u ko‘z yoshlaridan chechaklar yaratmoqchi, o‘ylashlaridan bo‘g‘unlar undirmakchi bo‘ladi”, deb uni inqilob shoiri qilib ko‘rsatmakchi bo‘ladirlar…

Faqat, u ko‘z yoshlaridan o‘sgan chechak, o‘ylashlaridan ungan bo‘g‘un nimadir?

U “Samoviy zavqlar bilan bo‘g‘ulg‘an” shoirning “tashlang‘an jandasining yaratadurg‘an jannati”ga borish uchun, “albatta o‘tilishi kerak bo‘lg‘an haq yo‘li!”ni o‘tmak uchun tayyorlaydurg‘an “idyeyal” askaridan boshqa nima bo‘la olur?

Biz shuning bilan “Cho‘lpon proletar bolalarini tarbiya qilmoqchi; tarbiyasi bilan mashg‘ul” deb hisoblaymiz-da, u yo‘qsullar shoiri deymizmi?

Cho‘lponning “Somon parcha” degan she’rini o‘qib hovliqishib “Cho‘lpon muhitning girdobida somon parchasidek oqib boraman, boshi berk ko‘chaga endi kirmayman, muhitning erkiga taslim bo‘ldim, deydir” deb, uni bolshevikka chiqarg‘an, uni bizga tilakdosh deb ko‘rsatganlar bor edi.

Shunday deguvchilarga uning:

Men endi xuddi bir somon parchasi…

Lekin (! – A.) zo‘r dengizning cheksiz qo‘ynida;

Jimgina boradir kirsiz qo‘ynimda,

Erkin ko‘piklarning allaqanchasi!

degan shu to‘rt yo‘li bilan javob byerish mumkin. U muhitning erkiga tobe’ bo‘ldim desa-da, yana “erkin ko‘piklarning allaqanchasi jimgina qo‘ynimda boradir” deyishdan toymaydi.

Cho‘lpon xayolparastdir. Chunki millatchilar, ziyolilar va shu mafkurani qabul qilg‘anlar uchun xayoldan shirin, xayoldan lazzatlik narsa yo‘q. Shunga o‘xshash Cho‘lpon ham ming qabat ko‘klarda yuradi. U yerda “husni mutlaq”ni (bu so‘z mistisizm atamasidir) axtaradi, har haqiqatni xayol ko‘zi bilan ko‘radi. Shundan zavq oladi. Bu haqiqatni o‘ziga so‘ylasangiz tezda sizga shoirona bir xitob bilan, hech tortinmasdan “Yanglishasiz!” deydir va:

Siz deysizkim, men ko‘klarni o‘ylaymen,

Yer betiga sira nazar solmaymen!

Yanglishasiz: men ko‘klarga berkingan

Yer qizidan xayolimni olmaymen…

deb, uzundan-uzoq falsafa sotmoqqa boshlaydi. Yana undan “yer qizi” nima deb so‘rasangiz “g‘oyai a’molim – idyeyalim” deb javob beradi.

Ko‘klarda “jinnilarcha hovliqib” yurishda ba’zan charchaydi, faqat yerga tushkisi kelmaydi; undan lazzat olmaydi. Mabodo, allaqaytib yerga tushgundek bo‘lsa o‘zini haqoratlar, safolatlar, tubanliklar ichida his etadi. Ko‘nglining kishanlar bilan bog‘lang‘anini ko‘radi. Tezda ko‘ngliga xitoban:

Ko‘ngil! Sen munchalar nega

Kishanlar birla do‘stlashding?

…………………………………..

deb yerda yurishdan chidami tugaydi-da, “Bas endi!” deydi.

Yetar bas, chekdan oshqandir,

Bu qarg‘ish, bu haqoratlar…

na’masini o‘qib ko‘kka uchadi. Yerga tushgan onlarida juda qattiq millatchi bo‘lib ketadi. Chunki bu safolatga, tubanlikka sabab bo‘luvchi ajnabiylarni ko‘radi. Ular ruslardan iboratdir. Ruslarni hech qanday guruhga, qavmga ajratmaydi. Butun ruslar uning nazarida mustamlakachilardir. “Og‘ir tojning zaharlik o‘qlari (ruslar – A.) vatanda – vatanda istaganlarini qilmoqdalar”, deb yig‘laydi. Umidsizlanadi.

Cho‘lpon inqilobdan rozi, faqat ruslardan, ruslarning vatanda qolishlaridan rozi emas. U milliy jumhuriyatlarga, unda ketmaqda bo‘lg‘an ishlarga o‘zicha ma’no beradi, fikr yuritadi.

Uning fikrini anglamoq uchun “Qushning hadigi” degan she’rini o‘qush yetadi. Bu she’r ramzimiyunlarcha (simvolizm) yozilg‘ani uchun qorong‘i, kinoyalidir.

Uning fikricha: “inqilob natijasida ozod bo‘ldiq. O‘zimizga maxsus maskan (uya)ga ega bo‘ldiq. Lekin undan foydalana olmadiq. Jilovimizni yana o‘shal mustamlakachilarning qo‘lig‘a tutquzdiq. Maskanimiz, ko‘b zehniyat (hiylakorliq) sarf qilib mashinada qo‘yilg‘an. Don yegali unda kichik teshiklar bor. Biz ana shunga aldang‘anmiz”, deydi. Buni yana ochikroq qilib “Cho‘lponning muhiblaridan” Vadud afandining tili bilan aytsak: “Biz ruslarning qo‘lida o‘yinchoqmiz. Maskav buyurg‘andan so‘ng har narsani qilishg‘a majburmiz” bo‘lib chiqadi. “Qush hadigi”ning ma’nosi mana shundan iborat!

Tuzuk, millatchi ziyolilar (ayni zamonda Cho‘lpon ham) og‘ir tojning ag‘darilmog‘ig‘a sevinadirlar. Faqat, og‘ir tojning “zaharlik o‘qi”ni (ruslar – A.) hali vatanning ko‘ksida ko‘radirlar. O‘ch olish uchun vatanda “yovlarni yo‘q qilg‘unday bir zamongi kuchning (Temur, Chingiz zamonasidagi kuch) yo‘qlig‘idan qayg‘iradirlar. Vatanda o‘zlarining fikrdoshlari qolmag‘anidan yonib, to‘kiladirlar.

Cho‘lpon, mana shul millatchilik, vatanchilik tuyg‘ulari bilan, “o‘tmishning u porloq xotiralari” uchun yashaydi; millatchi burjua -ziyolilarining mafkurachisidir, shu mafkura uning ilhom qaynog‘idir.

Biz Cho‘lponning bu kungacha yozg‘an asarlarini daraja-daraja tekshirib ko‘rsak, unda boyagi tuyg‘uning inkishofini ko‘ramiz. Shuning uchun uni, boyag‘i ziyolilar juda sevadirlar. Uning asarlarida ruhlari uchun oziq topadirlar. Ham unga “buyuk xalq shoiri” unvoni beradirlar.

Chunki, Cho‘lpon xalqni hech qanday sinfga ajratmasdan:

Endi har nafasda yana kuyamen,

Faqat majnun bo‘lib elni sevamen,

Unga hurmat bilan bo‘yun egamen,

Boshimni “u” uchun dorg‘a qo‘yamen…

deydi. Ular shu xalq unvoni ostida, xalqning bir parchasi o‘laroq o‘zlarini ko‘ralar. Shuning uchun sevinalar, shuning uchun Cho‘lponga boyag‘i haqni beralar.

Xalqni hech qanday qatlamg‘a ajratmasdan “xalq uchun yonaman” deyish, men “millatchiman” deyishdan iboratdir. Shu niqobning ostida ish ko‘rish, boylarning eski odatlaridir, ularning maqsadlariga muvofiqdir. Qisqasi, Cho‘lpon boylar, millatchi ziyolilarning mafkurachisidir. Shularning shoiridir. Shularning ishtahasini keltiradurg‘an ruhiy oziq beradi. Asarlari shularning qarashlarini, manfaatlarini, mafkurasini aks etdirgan oynadir. O‘n milyo‘nlarcha yo‘qsulni unutadir.

Endi kelaylik Cho‘lponning bag‘ishlagan adabiy ta’siri ustiga.

Har bir asarning ta’siri bo‘lg‘ani ma’lum. Cho‘lpon asarlari ko‘brak maktablarga tarqalg‘ani uchun maktablardagi she’r havaskorlari his etmasdan, buning ta’siriga bermaqdalar.

Ul bu sohada yoshlarni o‘z mafkurasi ta’siriga olib, millatchilik, vatanchilik hislarini payvand qilmoq maqsadiga, qisman, muvaffaq bo‘lmoqdadir.

Buni isbot qilish uchun yosh o‘quvchilarning yozg‘an parchalaridan misollar keltiramiz.

Bir o‘qug‘uvchi “Ilm” degan she’rida Cho‘lpong‘a o‘xshab shu so‘zlarni aytadi:

Vatanim gulini uzganlar toqsin-da,

Ko‘zimdan qonli yosh yerlarga oqsinmi?

Millatim tosh tishlab yerlarda yotsin-da,

“Boyqushlar” hoholab tepadan boqsinmi?

Yana: texnikum o‘quvchilaridan biri “Bezdim” nomliq she’rida:

Yashamoq sirrini nimadir, bilmayman,

Turmushni endi man nazarga ilmayman…

deb Cho‘lponning badbinligini ko‘rsatidir.

Yana biri:

Hayot, jahonlarga nafrat saqlayman,

Go‘zallar, go‘zallar bitsin… yoqlayman..

deb umidsizlikka tushadir.

Yana biri Cho‘lponning simvolistliq ta’siri bilan tumanli, kinoyali, ham badbinona “Chinliq” degan tizmasida yozadi:

“O‘zligim” ufqida qong‘a bo‘yalib,

“Turmush quyoshi”ning ranglari so‘ldi.

Darvish asosiga o‘zlik suyanib,

Ko‘ziga yosh olib, qayg‘ig‘a to‘ldi.

* * *

Yo‘l soldi turmushning vaxshiy cho‘liga,

Uchradi yo‘lida o‘lim do‘lig‘a…

Nafratlar yubordi “o‘ng” ham “so‘liga”

Ma’noli iljayib “chinliqni” bo‘ldi…

Bundan boshqa Cho‘lpong‘a iyarib ishqdan, xayoldan, qoshlardan, ko‘zlardan… bahs etuvchilar bor bo‘lsalar ham ulardan misol olishni lozim ko‘rmadik.

Yuqoridag‘i misollar Cho‘lponning yoshlarg‘a qanday adabiy ta’sir qilg‘ani xususida ochiq fikr bera oladirlar. Shuning uchun so‘zni ko‘b cho‘zmaymiz.

So‘zning oxirida shuni ham aytish kerakkim, Cho‘lponning asarlari bostirilar ekan, uni qattiq tahlil qilib, kuchli senzuradan o‘tkazib muvofiqlarini bosish kerak.

Kelasi maqolamizda “O‘tkan kunlar” ro‘mani to‘g‘risida fikrlar yuritamiz.

“Ayn”

“Qizil O‘zbekiston” gazetasi 1927-yil 14-fevral.


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"