Jump to content

Qoraqalpog’iston Respublikasining Konstitutsiyasi

From Wikisource
Qoraqalpog’iston Respublikasining Konstitutsiyasi (1993)
291353Qoraqalpog’iston Respublikasining Konstitutsiyasi1993
Qoraqalpog’iston Respublikasining Konstitutsiyasi

MUQADDIMA

Qoraqalpog’iston Respublikasi xalqi:

inson huquqlariga va davlat suvereniteti g’oyalariga sodiqligini tantanali ravishda e’lon qilib,

hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas’uliyatni anglagan holda,

Qoraqalpog’iston davlatchiligi rivojining tarixiy tajribasiga tayanib,

demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqatini namoyon qilib,

xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan qoidalari ustunligini tan olgan holda,

respublika fuqarolarining munosib hayot kechirishlarini ta’minlashga intilib,

insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishni ko’zlab,

fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini ta’minlash maqsadida,

o’zining muxtor vakillari siymosida Qoraqalpog’iston Respublikasining mazkur Konstitutsiyasini qabul qiladi.

BIRINChI BO’LIM. ASOSIY PRINTsIPLAR

[edit]

I BOB. DAVLAT SUVERENITETI

[edit]

1-modda. Qoraqalpog’iston – O’zbekiston Respublikasi tarkibiga kiradigan suveren demokratik respublika. Davlatning «Qoraqalpog’iston Respublikasi» va «Qoraqalpog’iston» degan nomlari bir ma’noni anglatadi.

O’zbekiston Respublikasi bilan Qoraqalpog’iston Respublikasining o’zaro munosabatlari O’zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog’iston Respublikasi o’rtasida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi doirasida tuzilgan shartnomalar va bitimlar bilan tartibga solinadi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi O’zbekiston Respublikasi tarkibidan Qoraqalpog’iston Respublikasi xalqining umumiy referendumi asosida ajralib chiqish huquqiga ega.

2-modda. Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar.

3-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi o’z ma’muriy-hududiy tuzilishi masalalarini mustaqil hal qiladi, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari tizimini belgilaydi, O’zbekiston Respublikasi siyosatiga mos siyosatni olib boradi.

Qoraqalpog’iston Respublikasining hududi va chegaralari daxlsiz bo’lib, o’zgartirilishi va bo’linishi mumkin emas.

4-modda. Qoraqalpoq tili va o’zbek tili Qoraqalpog’iston Respublikasining davlat tillaridir.

Qoraqalpog’iston Respublikasi o’z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi.

5-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan o’z davlat ramzlari – bayrog’i, gerbi va madhiyasiga ega.

6-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasining poytaxti – Nukus shahri.

II BOB. XALQ HOKIMIYaTChILIGI

[edit]

7-modda. Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir.

Qoraqalpog’iston Respublikasida davlat hokimiyati xalq manfaatlarini ko’zlab va Qoraqalpog’iston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat bergan idoralar tomonidangina amalga oshiriladi.

Konstitutsiyada nazarda tutilmagan tartibda davlat hokimiyati vakolatlarini o’zlashtirish, hokimiyat idoralari faoliyatini to’xtatib qo’yish yoki tugatish, hokimiyatning yangi va muvoziy tarkiblarini tuzish Konstitutsiyaga xilof hisoblanadi va qonunga binoan javobgarlikka tortishga asos bo’ladi.

8-modda. Qoraqalpog’iston xududida istiqomat qiladigan O’zbekiston Respublikasi fuqarolari, Qoraqalpog’iston Respublikasi fuqarolarini tashkil etadi.

9-modda. Jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari xalq muhokamasiga taqdim etiladi, umumiy ovozga (referendumga) qo’yiladi. Referendum o’tkazish tartibi qonun bilan belgilanadi.

10-modda. Qoraqalpog’iston xalqi nomidan faqat u saylagan Respublika Jo’qorg’i Kengesi ish olib borishi mumkin.

Jamiyatning biron-bir qismi, siyosiy partiya, jamoat birlashmasi yoki alohida shaxs Qoraqalpog’iston xalqi nomidan ish olib borishga haqli emas.

11-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo’linishi printsipiga asoslanadi.

12-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanadi.

Hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o’rnatilishi mumkin emas.

13-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasida demokratiya umuminsoniy printsiplarga asoslanadi, o’larga ko’ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.

Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi.

14-modda. Davlat o’z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko’zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik printsiplari asosida amalga oshiradi.

III BOB. KONSTITUTsIYa VA QONUNNING USTUNLIGI

[edit]

15-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasida O’zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog’iston Respublikasining Konstitutsiyalari va qonunlarining ustunligi so’zsiz tan olinadi.

Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko’radilar.

16-modda. Mazkur Konstitutsiyaning birorta qoidasi Qoraqalpog’iston Respublikasi huquq va manfaatlariga zarar etkazadigan tarzda talqin etilishi mumkin emas.

Birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emas.

IV BOB. QORAQALPOG’ISTON RESPUBLIKASINING XALQARO VA TAShQI IQTISODIY ALOQALARI

[edit]

17-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasining xalqaro ilmiy, madaniy va tashqi iqtisodiy aloqalari O’zbekiston Respublikasining va Qoraqalpog’iston Respublikasining qonunlariga muvofiq amalga oshiriladi.

IKKINChI BO’LIM. INSON VA FUQARONING ASOSIY HUQUQLARI, ERKINLIKLARI VA BURChLARI

[edit]

V BOB. UMUMIY QOIDALAR

[edit]

18-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasining barcha fuqarolari bir xil huquq va erkinliklarga ega bo’lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar, qonun oldida tengdirlar.

Imtiyozlar faqat qonun bilan belgilanib qo’yilishi mumkin hamda ijtimoiy adolat printsiplariga mos bo’lishi shart.

19-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi fuqarosi va davlat bir-biriga nisbatan bo’lgan huquqlari va burchlari bilan o’zaro bog’liqdirlar. Fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo’yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo’yishga hech kim haqli emas.

20-modda. Fuqarolar o’z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur etkazmasliklari shart.

VI BOB. FUQAROLIK

[edit]

21-modda. O’zbekiston Respublikasida yagona fuqarolikning o’rnatilishiga muvofiq Qoraqalpog’iston Respublikasining fuqarosi O’zbekiston Respublikasining fuqarosi hisoblanadi.

Fuqarolikka ega bo’lish va uni yo’qotish asoslari hamda tartibi O’zbekiston Respublikasining fuqaroligi to’g’risidagi qonun bilan belgilanadi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo’lmagan shaxslarning huquq va erkinliklari xalqaro huquq normalariga muvofiq ta’minlanadi. Ular Qoraqalpog’iston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari va O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari bilan belgilangan burchlarni ado etadilar.

VII BOB. ShAXSIY HUQUQ VA ERKINLIKLAR

[edit]

22-modda. Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og’ir jinoyatdir.

23-modda. Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega.

Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas.

24-modda. Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko’rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi. Sudda ayblanayotgan shaxsga o’zini himoya qilish uchun barcha sharoitlar ta’minlab beriladi.

Hech kim qiynoqqa solinishi, zo’ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas.

Hech kimda uning roziligisiz tibbiy yoki ilmiy tajribalar o’tkazilishi mumkin emas.

25-modda. Har kim o’z sha’ni va obro’siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega.

Hech kim qonun nazarda tutgan hollardan va tartibdan tashqari birovning turar joyiga kirishi, tintuv o’tkazishi yoki uni ko’zdan kechirishi, yozishmalar va telefonda so’zlashuvlar sirini oshkora qilishi mumkin emas.

26-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasining fuqarosi O’zbekiston Respublikasining fuqarosi bo’lib, qonunda belgilangan cheklashlardan tashqari, O’zbekiston Respublikasi hududida erkin yurishga, O’zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqiga ega.

27-modda. Har kim fikrlash, so’z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega.

Har kim o’zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir.

Fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli bo’lgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin.

28-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasining barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslari fuqarolarga ularning huquq va manfaatlariga daxldor bo’lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi lozim.

29-modda. Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson hohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo’l qo’yilmaydi.

VIII BOB. SIYoSIY HUQUQLAR

[edit]

30-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o’z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar. Bunday ishtirok etish o’zini o’zi boshqarish, referendumlar o’tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish, shuningdek davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish va takomillashtirish yo’li bilan amalga oshiriladi.

Davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish tartibi qonun bilan belgilanadi.

31-modda. Fuqarolar o’z ijtimoiy faolliklarini Qoraqalpog’iston Respublikasi qonunlariga muvofiq mitinglar, yig’ilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqiga egadirlar. Hokimiyat organlari faqat xavfsizlik nuqtai nazaridangina bunday tadbirlar o’tkazilishini to’xtatish va ta’qiqlash huquqiga ega.

32-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasining fuqarolari kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga egadirlar.

Siyosiy partiyalarda, jamoat birlashmalarida, ommaviy harakatlarda, shuningdek hokimiyatning vakillik organlarida ozchilikni tashkil etuvchi muxolifatchi shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qadr-qimmatini hech kim kamsitishi mumkin emas.

33-modda. Har bir shaxs bevosita o’zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega.

Arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko’rib chiqilishi shart.

IX BOB. IQTISODIY VA IJTIMOIY HUQUQLAR

[edit]

34-modda. Har bir shaxs mulkdor bo’lishga haqli. Bankka qo’yilgan omonatlar sir tutilishi va meros huquqi qonun bilan kafolatlanadi.

35-modda. Har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko’rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir.

Sud hukmi bilan tayinlangan jazoni o’tash tartibidan yoki qonunda ko’rsatilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat ta’qiqlanadi.

36-modda. Yollanib ishlayotgan barcha fuqarolar dam olish huquqiga egadirlar. Ish vaqti va haq to’lanadigan mehnat ta’tilining muddati qonun bilan belgilanadi.

37-modda. Har kim qariganda, mehnat layoqatini yo’qotganda, shuningdek boquvchisidan mahrum bo’lganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga ega.

Pensiyalar, nafaqalar, ijtimoiy yordam boshqa turlarining miqdori rasman belgilab qo’yilgan tirikchilik uchun zarur eng kam miqdordan oz bo’lishi mumkin emas.

38-modda. Har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega.

39-modda. Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta’lim davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir.

40-modda. Har kimga ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi.

Davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishiga g’amxo’rlik qiladi.

X BOB. INSON HUQUQLARI VA ERKINLIKLARINING KAFOLATLARI

[edit]

41-modda. Davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi.

42-modda. Har bir shaxsga o’z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g’ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.

43-modda. Voyaga etmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg’iz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir.

44-modda. Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar.

===XI BOB.=== FUQAROLARNING BURChLARI

45-modda. Barcha fuqarolar Konstitutsiyada belgilab qo’yilgan burchlarini bajaradilar.

46-modda. Fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa shaxslarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar.

47-modda. Fuqarolar Qoraqalpog’iston xalqining tarixiy, ma’naviy va madaniy merosini avaylab asrashga majburdirlar.

Madaniyat yodgorliklari davlat muhofazasidadir.

48-modda. Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo’lishga majburdirlar.

49-modda. Fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va mahalliy yig’imlarni to’lashga majburdirlar.

50-modda. O’zbekiston Respublikasini va Qoraqalpog’iston Respublikasini himoya qilish – Qoraqalpog’iston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni o’tashga majburdirlar.

UChINChI BO’LIM. JAMIYaT VA ShAXS

[edit]

XII BOB. JAMIYaTNING IQTISODIY NEGIZLARI

[edit]

51-modda. Bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan Qoraqalpog’iston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat iste’molchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi.

Xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkin.

52-modda. Mulkdor mulkiga o’z xohishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi. Mulkdan foydalanish ekologik muhitga zarar etkazmasligi, fuqarolar, yuridik shaxslar va davlatning huquqlarini hamda qonun bilan qo’riqlanadigan manfaatlarini buzmasligi shart.

53-modda. Er, er osti boyliklari, suv, o’simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zahiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir.

XIII BOB. JAMOAT BIRLAShMALARI

[edit]

54-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasida qonunda belgilangan tartibda ro’yxatdan o’tkazilgan kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, olimlarning jamiyatlari, xotin-qizlar, faxriylar va yoshlar tashkilotlari, ijodiy uyushmalar, ommaviy harakatlar va fuqarolarning boshqa uyushmalari jamoat birlashmalari sifatida e’tirof etiladi.

55-modda. Konstitutsiyaviy tuzumni kuch zo’rlik bilan o’zgartirishni maqsad qilib qo’yuvchi, respublikaning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi chiquvchi, urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy va diniy adovatni targ’ib qiluvchi, xalqning sog’ligi va ma’naviyatiga tajovuz qiluvchi, shuningdek harbiylashtirilgan birlashmalarning, milliy va diniy ruhdagi siyosiy partiyalarning hamda jamoat birlashmalarining tuzilishi va faoliyati ta’qiqlanadi.

Maxfiy jamiyatlar va uyushmalar tuzish ta’qiqlanadi.

56-modda. Davlat jamoat birlashmalarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlaydi, ularga ijtimoiy hayotda ishtirok etish uchun teng huquqiy imkoniyatlar yaratib beradi.

Davlat organlari va mansabdor shaxslarning jamoat birlashmalari faoliyatiga aralashishiga, shuningdek jamoat birlashmalarining davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatiga aralashishiga yo’l qo’yilmaydi.

57-modda. Kasaba uyushmalari xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini va manfaatlarini ifoda etadilar va himoya qiladilar. Kasaba tashkilotlariga a’zo bo’lish ixtiyoriydir.

58-modda. Siyosiy partiyalar turli tabaqa va guruhlarning siyosiy irodasini ifodalaydilar va o’zlarining demokratik yo’l bilan saylab qo’yilgan vakillari orqali davlat hokimiyatini tuzishda ishtirok etadilar. Siyosiy partiyalar o’z faoliyatlarining moliyaviy ta’minlanish manbalari haqida Jo’qorg’i Kengesga yoki u vakil qilgan organga belgilangan tartibda oshkora hisobotlar berib turadilar.

59-modda. Diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar. Davlat diniy birlashmalarning faoliyatiga aralashmaydi.

60-modda. Jamoat birlashmalarini tarqatib yuborish, ular faoliyatini ta’qiqlab yoki cheklab qo’yish faqat sud qarori asosidagina amalga oshiriladi.

XIV BOB. OILA

[edit]

61-modda. Oila jamiyatning asosiy bo’g’inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo’lish huquqiga ega.

Nikoh tomonlarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanadi.

62-modda. Ota-onalar o’z farzandlarini voyaga etgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar.

Davlat va jamiyat etim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo’lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o’qitishni ta’minlaydi, bolalarga bag’ishlangan xayriya faoliyatlarini rag’batlantiradi.

63-modda. Farzandlar ota-onalarning nasl-nasabidan va fuqarolik holatidan qat’iy nazar, qonun oldida tengdirlar.

Onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi.

64-modda. Voyaga etgan, mehnatga layoqatli farzandlar o’z ota-onalari haqida g’amxo’rlik qilishga majburdirlar.

XV BOB. OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI

[edit]

65-modda. Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to’g’riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar.

Tsenzuraga yo’l qo’yilmaydi.

TO’RTINChI BO’LIM. MA’MURIY-HUDUDIY TUZILISh

[edit]

XVI BOB. QORAQALPOG’ISTON RESPUBLIKASINING MA’MURIY-HUDUDIY TUZILIShI

[edit]

66-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullardan iborat.

67-modda. Tumanlar, shaharlar tashkil qilish va ularni tugatish, shuningdek ularning chegaralarini o’zgartirish Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi tomonidan amalga oshiriladi.

BEShINChI BO’LIM. DAVLAT HOKIMIYaTINING TAShKIL ETILIShI

[edit]

XVII BOB. QORAQALPOG’ISTON RESPUBLIKASINING JO’QORG’I KENGESI

[edit]

68-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasining Jo’qorg’i Kengesi oliy davlat vakillik organi bo’lib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi.

69-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasining Jo’qorg’i Kengesi – hududiy saylov okruglari bo’yicha ko’ppartiyaviylik asosida besh yil muddatga saylanadigan 65 deputatlardan iborat.

Saylov kuni yigirma besh yoshga to’lgan hamda kamida besh yil O’zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog’iston Respublikasi hududida muqim yashayotgan O’zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog’iston Respublikasi fuqarosi Jo’qorg’i Kengesiga saylanish huquqiga egadirlar.

Deputatlikka nomzodlar oldiga qo’yiladigan talablar qonun bilan belgilanadi.

70-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining mutlaq vakolatlari jumlasiga qo’yidagilar kiradi

1) Qoraqalpog’iston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qilish, unga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish

2) Qoraqalpog’iston Respublikasi qonunlarini qabul qilish, ularga o’zgarttirish va qo’shimchalar kiritish, Qoraqalpog’iston Respublikasining qonunlarini sharhlash

3) iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning davlat strategik dasturlarini qabul qilish

4) Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi Raisini va uning o’rinbosarini saylash

5) Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining Prezidiumini tuzish

6) Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi Raisining taklifiga muvofiq O’zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisini tayinlash va lavozimidan ozod qilish

7) Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o’rinbosarlarini, Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi a’zolarini tayinlash va lavozimidan ozod qilish, Qoraqalpog’iston Respublikasi vazirliklarini, davlat qo’mitalarini hamda boshqa davlat boshqaruv organlarini tuzish va tugatish

8) Qoraqalpog’iston Respublikasining Konstitutsiyaviy nazorat qo’mitasini saylash, Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi raisi va uning o’rinbosarlarini, Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudining raisi va uning o’rinbosarini saylash va ozod etish.

9) chiqarib tashlandi.

10) Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi Prezidiumining taqdimiga muvofiq O’zbekiston Respublikasi Bosh prokurori bilan kelishilgan holda Qoraqalpog’iston Respublikasining Prokurorini tayinlash va lavozimidan ozod qilish

11) chiqarib tashlandi.

12) xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining qarorlarini to’xtatib qo’yish va bekor qilish

13) ma’muriy-hududiy tuzilish masalalarini qonun yo’li bilan tartibga solish

14) respublika va mahalliy davlat hokimiyati organlari tizimini hamda vakilliklarini belgilash

15) Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashining taqdimiga binoan Qoraqalpog’iston Respublikasining davlat byudjetini va uning ijrosi bo’yicha hisobotlarni tasdiqlash

16) Qoraqalpog’iston Respublikasining davlat mukofotlari va faxriy unvonlarini ta’sis etish

17) Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi va mahalliy vakillik organlariga saylov tayinlash Markaziy saylov komissiyasini tuzish

18) O’zbekiston Respublikasining oliy davlat hokimiyati va boshqaruv organlari hujjatlarining O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi haqida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga takliflar kiritish

19) parlament nazoratini va ushbu Konstitutsiyada nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.

71-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kenegesining faoliyati Qoraqalpog’iston Respublikasi Konstitutsiyasida va Jo’qorg’i Kengesning Reglamentida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

72-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kenegesining yig’ilishi jami deputatlarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirdagina vakolatli hisoblanadi.

73-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi va uning organlaring majlislariga Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va uning o’rinbosarlari, vazirlar, davlat qo’mitalarning raislari, boshqa davlat boshqaruv organlarining rahbarlari, Qoraqalpog’iston Respublikasi Konstitutsiyaviy nazorat qo’mitasining raisi, Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining raisi, Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudining raisi, Qoraqalpog’iston Respublikasi Prokurori qatnashishi mumkin.

74-modda. Vakillik muddati tugagach, Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi yangi chaqiriq Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi ish boshlagunga qadar o’z faoliyatini davom etadi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining saylovdan keyingi birinchi yig’ilishi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovdan keyin ikki oydan kechiktirmay chaqiriladi.

75-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengashida qonunchilik tashabbusi huquqiga Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining deputatlari, Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog’iston Respublikasi Konstitutsiyaviy nazorat qo’mitasi, Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi, Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudi, Qoraqalpog’iston Respublikasi Prokurori ega.

76-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi qonunlar, qarorlar va boshqa hujjatlar qabul qiladi. Qonunni qabul qilish uchun Jo’qorg’i Kenges deputatlarining ko’pchilik ovozi talab etiladi.

Qoraqalpog’iston Respublikasining qonunlari Jo’qorg’i Kengesi tomonidan qabul qilinib qonunda belgilangan tartibda rasmiy e’lon qilingach, yuridik kuchga ega bo’ladi.

77-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi qonun loyihalarini tayyorlash ishlarini olib borish, Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesiga havola etiladigan masalalarni dastlabki tarzda ko’rib chiqish va tayyorlash, qonunlarning va Jo’qorg’i Kengesning boshqa qarorlarining ijrosini nazorat qilib turish uchun deputatlar orasidan qo’mitalar va komissiyalar tuzadi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi zarur bo’lgan taqdirda doimiy hamda muvaqqat ishlovchi deputatlik, taftish va boshqa komissiyalarni tuzadi.

Qoraqalpog’iston Respublikasining Jo’qorg’i Kengesi qo’mitalari va komissiyalarining vakolatlari va ish tartibi qonun bilan belgilanadi.

78-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi deputatlariga belgilangan tartibda ularning deputatlik faoliyati bilan bog’liq bo’lgan xarajatlar qoplanadi. Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesida doimiy ishlaydigan deputatlar o’z vakolatlari davrida boshqa haq to’lanadigan lavozimni egallashlari va tadbirkorlik faoliyati bilan shug’ullanishlari mumkin emas.

79-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining deputati daxlsizlik huquqidan foydalanadi. U Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, hibsga olinishi yoki sud tomonidan beriladigan ma’muriy jazoga tortilishi mumkin emas.

XVIII BOB. QORAQALPOG’ISTON RESPUBLIKASI JO’QORG’I KENGESINING RAISI

[edit]

80-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining Raisi Qoraqalpog’iston Respublikasi Rahbari va eng yuqori lavozimli shaxsidir.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining Raisi Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi tomonidan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining roziligi bilan Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining deputatlari orasidan yashirin ovoz berish yo’li bilan Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining vakolati muddatiga saylanadi.

81-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi Raisi

1) Qoraqalpog’iston Respublikasining qonun chiqaruvchi va ijro qiluvchi oliy hokimiyat organlarining bahamjihat ishlashini ta’minlaydi

2) respublikadagi ishlarning ahvoli haqida va boshqa muhim masalalar yuzasidan Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesiga ma’ruzalar taqdim etadi

3) O’zbekiston Respublikasining qonunlarini va Oliy Majlisning boshqa qarorlarini, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va boshqa hujjatlarini hayotga tadbiq etishni tashkil qiladi Qoraqalpog’iston Respublikasi qonunlari va Jo’qorg’i Kenges qarorlari bajarilishining nazorat qilinishini tashkil etadi

4) Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesiga Jo’qorg’i Kengesi Raisining o’rinbosarini, Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kenges qo’mitalari va komissiyalarining raislarini saylash uchun nomzodlarni taqdim qiladi

5) O’zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesiga Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi lavozimiga nomzod tavsiya qiladi

6) Tuman va shahar hokimlarini va ularning o’rinbosarlarini, keyinchalik tegishli xalq deputatlari Kengashlarining tasdig’i bilan tayinlaydi va lavozimidan ozod qiladi

7) Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesiga Jo’qorg’i Kenges Prezidiumi bilan kelishilgan holda Qoraqalpog’iston Respublikasi Konstitutsiyaviy nazorat qo’mitasining raisi va a’zolari lavozimiga nomzodlar taqdim etadi

8) Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesiga O’zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining xulosasi asosida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining roziligi bilan Qoraqalpog’iston Respublikasi sudining raisi va uning o’rinbosarlari, Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudining raisi va uning o’rinbosari lavozimlariga nomzodlar taqdim etadi

9) Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesiga Jo’qorg’i Kenges Prezidiumi bilan kelishilgan holda Qoraqalpog’iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo’mitasining raisi lavozimiga nomzod taqdim etadi

10) Jo’qorg’i Kenges muhokamasiga qo’yiladigan masalalarni tayyorlashga umumiy rahbarlik qiladi, Jo’qorg’i Kengesning yig’ilishini chaqiradi, qo’mitalar va komissiyalarning raislari bilan birgalikda uning kun tartibiga kiritiladigan takliflarni shakllantiradi

11) Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining va uning Prezidiumining ishini tashkil etadi, uning yig’ilishlariga rahbarlik qiladi, Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi va uning Prezidiumi tomonidan qabul qilingan Qoraqalpog’iston Respublikasining qonunlari va boshqa hujjatlarini imzolaydi, Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi qo’mitalari va komissiyalarining faoliyatini yo’naltirib va muvofiqlashtirib turadi

12) Qoraqalpog’iston Respublikasining davlat mukofatlariga va Qoraqalpog’iston Respublikasining faxriy unvonlariga taqdim etadi

13) sudlangan fuqarolarni avf etish haqida masala qo’zg’aydi

14) qonun loyihalarining va davlat hayotidagi boshqa muhim masalalarning umum xalq muhokamasini tashkil qiladi

15) harakatdagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining Raisi o’z vakolatiga tegishli masalalarni Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi Prezidiumining muhokamasiga taqdim etish huquqiga ega.

82-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining Raisi o’z vakolatiga tegishli masalalar yuzasidan farmoyishlar chiqaradi.

83-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining Raisi Qoraqalpog’iston Respublikasi Konstitutsiyalarini va qonunlarini buzgan taqdirda Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi tomonidan chaqirib olinishi mumkin. Chaqirib olinishi to’g’risidagi qaror Qoraqalpog’iston Respublikasi Konstitutsiyaviy nazorat qo’mitasining xulosasi hisobga olingan holda, Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi jami deputatlarining uchdan bir qismi tashabbusi bo’yicha Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi deputatlari umumiy sonining eng kamida uchdan ikki qismining ko’pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi Raisi shaxsiy arizasi, shuningdek betobligi va boshqada sabablarga bog’liq o’z vazifalarini bajara olmagan hollarda o’z vakolatini to’xtatishi mumkin. Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi Raisining vakolatini to’xtatish haqidagi qaror Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi deputatlari umumiy sonining ko’pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.

Bu holda ikki oy muddat ichida Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi yangi Raisining saylovi o’tkaziladi.

XIX BOB. QORAQALPOG’ISTON RESPUBLIKASI JO’QORG’I KENGESINING PREZIDIUMI

[edit]

84-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining faoliyatini tashkil qilish va boshqa vakolatlarini amalga oshirish uchun Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining Prezidiumi tuziladi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining Prezidiumining tarkibiga Jo’qorg’i Kenges Raisi, uning o’rinbosari, Jo’qorg’i Kenges qo’mitalari va komissiyalarining raislari, Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesidagi partiyalar guruhlarining rahbarlari kiradi.

85-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining Prezidiumi:

1) Jo’qorg’i Kenges sessiyasining kun tartibi va ish tartibi bo’yicha takliflar tayyorlaydi;

2) Jo’qorg’i Kenges qo’mitalari va komissiyalarining amalga oshirayotgan ishlari haqida bildirishlarni hamda Qoraqalpog’iston Respublikasi qonunlari va Jo’qorg’i Kenges qarorlarining bajarilishi bo’yicha axborotlarni tinglaydi;

3) qonun loyihalari bo’yicha ishning rejalashtirilishini tashkil etadi;

4) Jo’qorg’i Kenges Raisining taklifi bo’yicha qonun loyihalari va boshqa hujjatlarni dastlabki muhokamadan o’tkazadi;

5) Jo’qorg’i Kenges sessiyasida deputatlarning kiritgan takliflari va mulohazalarini tahlil qiladi hamda ular yuzasidan tegishli qarorlar qabul etadi;

6) Qoraqalpog’iston Respublikasi davlat mukofatlari bilan mukofatlaydi va Qoraqalpog’iston Respublikasining faxriy unvonlarini beradi;

7) Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining sessiyalari o’rtasidagi davrda Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining taqdimiga binoan Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o’rinbosarlarini va Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashining a’zolarini tayinlaydi hamda lavozimlaridan ozod etadi, Qoraqalpog’iston Respublikasi vazirliklarini, davlat qo’mitalarini va boshqa davlat boshqaruv organlarini tuzadi hamda tugatadi, keyinchalik mazkur masalalar haqidagi qarorlarni Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining tasdig’iga kiritadi;

8) Qoraqalpog’iston Respublikasi sudlarining sudyalari, shuningdek, tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining raislari va sudyalarin tayinlaydi va ozod etadi;

9) Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesiga O’zbekiston Respublikasi Bosh prokurori bilan kelishilgan holda Qoraqalpog’iston Respublikasining prokurori lavozimiga nomzod taqdim etadi;

10) sessiyalar o’rtasidagi davrda Jo’qorg’i Kenges deputatini qonun bilan belgilangan holda va tartibda javobgarlikka tortish, shuningdek ish beruvchining tashabbusiga ko’ra u bilan mehnat shartnomasini to’xtatishga rozilik beradi;

11) Jo’qorg’i Kengesning faoliyatiga va deputatlarning o’z vakolatlarini samarali amalga oshirishlariga aloqador masalalarni ko’rib chiqadi;

Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining Prezidiumi o’z vakolatlariga doir masalalar yuzasidan qarorlar chiqaradi, ular belgilangan tartibda e’lon qilinadi.

XX BOB. QORAQALPOG’ISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR KENGAShI

[edit]

86-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi – Qoraqalpog’iston Respublikasi hukumati – Qoraqalpog’iston Respublikasi davlat hokimiyatining oliy ijro etuvchi-boshqaruvchi organidir.

87-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi tomonidan tuziladi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi iqtisodiyotning, ijtimoiy va ma’naviy sohaning samarali faoliyatiga rahbarlikni, O’zbekiston Respublikasi qonunlari va O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining boshqa qarorlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlari, Qoraqalpog’iston Respublikasi qonunlari va Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining boshqa qarorlari, Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi Prezidiumining qarorlari ijrosini ta’minlaydi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Qoraqalpog’iston Respublikasi davlat boshqaruv organlarining, shuningdek tumanlar va shaharlar hokimlarining hujjatlarini to’xtatadi, bekor qiladi.

88-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashini Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi Raisining taqdimiga muvofiq O’zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Jo’qorg’i Kenges tomonidan tayinlanadigan Rais boshqaradi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi o’z lavozimi bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tarkibiga kiradi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi

1) hukumatning faoliyatiga boshchilik qiladi va uning o’z vakolatlarini samarali amalga oshirishi uchun chora-tadbirlar ko’radi

2) Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesiga, sessiyalar o’rtasidagi davrda esa Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining Prezidiumiga Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o’rinbosarlarini va Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashining a’zolarini tayinlash hamda lavozimidan ozod qilish uchun nomzodlar taqdim qiladi

3) Vazirlar Kengashi Raisining o’rinbosarlari o’rtasida vazifalarni taqsimlaydi va keyinchalik uni Vazirlar Kengashining Prezidiumida tasdiqlatadi

4) Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesiga, sessiyalar o’rtasidagi davrda esa Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kenges Prezidiumiga Qoraqalpog’iston Respublikasining vazirliklarini, davlat qo’mitalarini va boshqa davlat boshqaruv organlarini tuzish hamda tugatish yuzasidan takliflar kiritadi

5) Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining Raisiga tumanlar, shaharlar hokimlarini va ularning o’rinbosarlarini tayinlash va lavozimlaridan ozod qilish to’g’risida nomzodlarni taqdim etadi

6) Vazirlar Kengashi va uning Prezidiumining majlislariga raislik qiladi

7) Vazirlar Kengashi faoliyatida kollegiallikni ta’minlaydi

8) Vazirlar Kengashi va uning Prezidiumining majlisida ko’rib chiqishni talab etmaydigan davlat hamda xo’jalik boshqaruvining ba’zi masalalari yuzasidan qarorlar qabul qiladi

9) o’z huquqi doirasida qonun bilan belgilangan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

89-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasining Vazirlar Kengashi Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi oldida mas’ul va unga hisob beradi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi o’z faoliyati haqida Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kenges oldida har yili kamida bir marta hisobot berib turadi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi yangidan saylangan Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kenges oldida o’z vakolatlarini zimmasidan soqit qiladi.

90-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi O’zbekiston Respublikasi qonunlari va O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining boshqa qarorlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Qoraqalpog’iston Respublikasining qonunlari va Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining boshqa qarorlari, Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi Prezidiumining qarorlari asosida hamda ularni ijro etib, Qoraqalpog’iston Respublikasining barcha hududida ijro qilinishi shart bo’lgan qarorlar va farmoyishlar chiqaradi.

91-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi vakolatlari, uning ish tartibi, Qoraqalpog’iston Respublikasining boshqa davlat organlari bilan Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashining munosabatlari Qoraqalpog’iston Respublikasining qonuni bilan belgilanadi.

XXI BOB. MAHALLIY DAVLAT HOKIMIYaTI ASOSLARI

[edit]

92-modda. Tumanlar va shaharlarda (tumanga bo’ysununadigan shaharlardan tashqari) hokimlar boshchilik qiladigan xalq deputatlari Kengashlari hokimiyatning vakillik organlari bo’lib, ular davlat va fuqarolarning manfaatlarini ko’zlab o’z vakolatlariga taalluqli masalalarni hal etadilar.

93-modda. Mahalliy hokimiyat organlari ixtiyoriga qo’yidagilar kiradi

qonuniylikni, huquqiy tartibotni va fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash

hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlantirish

mahalliy byudjetni shakllantirish va uni ijro etish, mahalliy soliqlar, yig’imlarni belgilash, byudjetdan tashqari jamg’armalarni hosil qilish

mahalliy kommunal xo’jalikka rahbarlik qilish

atrof-muhitni muhofaza qilish

fuqarolik holati aktlarini qayd etishni ta’minlash

normativ hujjatlarni qabul qilish hamda Qoraqalpog’iston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunchiligiga zid kelmaydigan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.

94-modda. Mahalliy hokimiyat organlari O’zbekiston Respublikasi qonunlarini va O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining boshqa qarorlarini, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlarini, qarorlarini va farmoyishlarini, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlarini, Qoraqalpog’iston Respublikasi qonunlari va Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining boshqa qarorlarini, Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi Prezidiumining qarorlarini, Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashining qarorlarini va farmoyishlarini hayotga tadbiq etadi, respublika va mahalliy ahamiyatga molik masalalarni muhokama qilishda qatnashadilar.

Yuqori organlarning o’zlariga berilgan vakolat doirasida qabul qilgan qarorlari qo’yi organlar ijro etishi uchun majburiydir.

Xalq deputatlari Kengashlari va hokimlarning vakillik muddati – besh yil.

95-modda. Vakillik va ijroiya hokimiyatini tegishliligiga qarab tuman va shahar hokimlari boshqaradi.

96-modda. Tuman, shahar hokimlari va ularning o’rinbosarlari Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining taqdimiga muvofiq Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining Raisi tomonidan tayinlanadi, lavozimidan ozod qilinadi va xalq deputatlari tegishli Kengashlari tomonidan tasdiqlanadi.

97-modda. Tuman va shahar hokimlari o’z vakolatlarini yakkaboshchilik asoslarida amalga oshiradilar va o’zlari rahbarlik qilayotgan organlarning qarorlari va faoliyati uchun shaxsan javobgardirlar.

Tuman va shahar hokimi tegishli xalq deputatlari Kengashiga tuman va shahar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotlar taqdim etadi, ular bo’yicha xalq deputatlari Kengashi tomonidan tegishli qarorlar qabul qilinadi.

Hokimlarning va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining faoliyatini tashkil qilish, ularning vakolat doirasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarini saylash tartibi qonun bilan belgilanadi.

98-modda. Hokim o’ziga berilgan vakolatlar doirasida tegishli hududdagi barcha korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, birlashmalar, shuningdek mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo’lgan qarorlar qabul qiladi.

99-modda. Shaharchalar, qishloqlar va ovullarda, shuningdek ular tarkibidagi mahallalarda hamda shaharlardagi mahallalarda fuqarolarning yig’inlari o’zini o’zi boshqarish organlari bo’lib, ular raisni (oqsoqolni) saylaydi.

O’zini o’zi boshqarish organlarini saylash tartibi, faoliyatini tashkil etish hamda vakolat doirasi qonun bilan belgilanadi.

XXII BOB. QORAQALPOG’ISTON RESPUBLIKASINING SUD HOKIMIYaTI

[edit]

100-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi.

101-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi sud tizimi Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi, Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudi, fuqarolik ishlari bo’yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudlari, jinoyat ishlari bo’yicha tuman va shahar sudlari, tumanlararo, tumanlararo iqtisodiy sudlari va tumanlararo ma’muriy sudlardan iboratdir.

Sudlarni tashkil etish va ularning faoliyat ko’rsatish tartibi qonun bilan belgilanadi.

Favqulodda sudlar tuzishga yo’l qo’yilmaydi.

102-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi sudi fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy sudlov ishlarini yuritish sohasida oliy sud hokimiyati organi hisoblanadi.

103-modda. Chiqarib tashlandi.

104-modda. Chiqarib tashlandi.

105-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi ma’muriy sudi ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan shikoyat va arizalar bo’yicha ma’muriy nizolarni ko’rib chiqish sohasida oliy sud hokimiyatining organi hisoblanadi hamda tumanlararo ma’muriy sudlarning sud faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga ega.

106-modda. Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga bo’ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo’l qo’yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo’ladi.

Sudyalarning daxlsizligi qonun bilan kafolatlanadi.

Sudyalar senator, davlat hokimiyati vakillik organlarining deputati bo’lishi mumkin emas.

Sudyalar siyosiy partiyalarning a’zosi bo’lishi, siyosiy harakatlarda ishtirok etishi, shuningdek ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to’lanadigan boshqa biron-bir faoliyat turi bilan shug’ullanishi mumkin emas.

Sudya vakolat muddati tugagunga qadar sudyalik vazifasidan qonunda ko’rsatilgan asoslar bo’lgandagina ozod etilishi mumkin.

107-modda. Hamma sudlarda ishlar ochiq ko’riladi. Ishlarni yopiq majlisda tinglashga qonunda belgilangan hollardagina yo’l qo’yiladi.

108-modda. Sud hokimiyati chiqargan hujjatlar barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiydir.

109-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasida sud ishlarini yuritish qoraqalpoq tilida, o’zbek tilida yoki muayyan joydagi ko’pchilik aholi so’zlashadigan tilda olib boriladi. Sud ishlari olib borilayotgan tilni bilmaydigan sudda qatnashuvchi shaxslarning tarjimon orqali ish materiallari bilan to’la tanishish va sud ishlarida ishtirok etish huquqi hamda sudda ona tilida so’zlash huquqi ta’minlanadi.

110-modda. Ayblanuvchi himoyalanish huquqi bilan ta’minlanadi.

Tergov va sud ishini yuritishning har qanday bosqichida malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi. Fuqarolarga, muassasa va tashkilotlarga yuridik yordam berish uchun advokatura faoliyat ko’rsatadi. Advokaturani tashkil etish va uning ish tartibi qonun bilan belgilanadi.

XXIII BOB. SAYLOV TIZIMI

[edit]

111-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi fuqarolari vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, o’z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesiga, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – oktyabr oyining uchinchi o’n kunligining birinchi yakshanbasida o’tkaziladi. Saylovlar umumiy, teng va to’g’ridan-to’g’ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo’li bilan o’tkaziladi. Qoraqalpog’iston Respublikasining o’n sakkiz yoshga to’lgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar.

Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas.

Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, shuningdek og’ir va o’ta og’ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydi. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to’g’ridan-to’g’ri yoki bilvosita cheklashga yo’l qo’yilmaydi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi fuqarosi bir vaqtning o’zida ikkidan ortiq davlat hokimiyati vakillik organining deputati bo’lishi mumkin emas.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesiga saylovni va Qoraqalpog’iston Respublikasi referendumini tashkil etish va o’tkazish uchun Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi tomonidan faoliyatining asosiy printsiplari mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilikdan iborat bo’lgan Qoraqalpog’iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tuziladi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi o’z faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi va o’z faoliyatida Qoraqalpog’iston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Qoraqalpog’iston Respublikasining saylov to’g’risidagi hamda referendum to’g’risidagi qonunlariga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining a’zolari xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining tavsiyasi bo’yicha Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi tomonidan saylanadi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining raisi komissiya a’zolari orasidan Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi Raisining taqdimi bo’yicha komissiya majlisida saylanadi.

Saylov o’tkazish tartibi qonun bilan belgilanadi.

XXIV BOB. KONSTITUTsIYaVIY NAZORAT

[edit]

112-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasida Konstitutsiyaviy nazoratni Qoraqalpog’iston Respublikasining Konstitutsiyaviy nazorat qo’mitasi amalga oshiradi.

Konstitutsiyaviy nazorat qo’mitasi Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi tomonidan siyosat va huquq sohasidagi mutaxassislar orasidan Konstitutsiyaviy nazorat qo’mitasi raisi, uning o’rinbosari hamda qo’mitaning a’zolari tarkibida saylanadi. Konstitutsiyaviy nazorat qo’mitasiga saylangan shaxslarning vakolat muddati – besh yil.

Konstitutsiyaviy nazorat qo’mitasi raisining, rais o’rinbosarining va a’zolarining o’z vazifalarini deputatlik mandati bilan birga qo’shib olib borishlariga yo’l qo’yilmaydi.

Konstitutsiyaviy nazorat qo’mitasiga saylangan shaxslar bir vaqtning o’zida hujjatlari qo’mita nazoratida bo’lgan organlar tarkibiga kira olmaydi.

Konstitutsiyaviy nazorat qo’mitasiga saylangan shaxslar o’z majburiyatlarini bajarishda mustaqildirlar va faqat Qoraqalpog’iston Respublikasi Konstitutsiyasiga bo’ysinadilar.

113-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi Konstitutsiyaviy nazorat qo’mitasi

1) Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi topshirig’i bilan unga Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesida ko’rib chiqishga taqdim qilinayotgan Qoraqalpog’iston Respublikasi qonunlari loyihalari va boshqa hujjatlarning Qoraqalpog’iston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi to’g’risida xulosa beradi

2) Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi deputatlarining kamida beshdan birining, Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi Raisining takliflari bilan Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi tomonidan qabul qilingan qonunlarning va boshqa hujjatlarning Qoraqalpog’iston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi to’g’risidagi xulosani Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesiga taqdim etadi

3) Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining topshirig’iga binoan unga Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi Prezidiumi qarorlarining va Jo’qorg’i Kenges Raisi farmoyishlarining Qoraqalpog’iston Respublikasi Konstitutsiyasiga hamda qonunlariga muvofiqligi to’g’risidagi xulosasini taqdim etadi

4) Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining topshirig’i, Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi deputatlarining kamida beshdan birining, Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi Raisining takliflari asosida Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashining qaror va farmoyishlarining Qoraqalpog’iston Respublikasi Konstitutsiyasiga hamda qonunlariga muvofiqligi to’g’risidagi xulosasini Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesiga taqdim etadi.

Shuningdek, Konstitutsiyaviy nazorat qo’mitasi o’z tashabbusi bilan Qoraqalpog’iston Respublikasi oliy davlat hokimiyati va boshqarish organlari hujjatlarining Qoraqalpog’iston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga muvofiqligi to’g’risidagi xulosasini taqdim etishga haqlidir.

Qo’mitaning xulosasi faqat Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining barcha deputatlarining uchdan ikki ovozi bilan qabul etilgan Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining qaroriga binoan bekor qilinishi mumkin.

Qoraqalpog’iston Respublikasi Konstitutsiyaviy nazorat qo’mitasini tashkil etish va uning ish tartibi Qoraqalpog’iston Respublikasining Konstitutsiyaviy nazorat to’g’risidagi qonuni bilan belgilanadi.

XXV BOB. PROKURATURA

[edit]

114-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi hududida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni Qoraqalpog’iston Respublikasi prokurori va unga bo’ysunuvchi prokurorlar amalga oshiradi.

115-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasining prokurori O’zbekiston Respublikasining Bosh prokurori bilan kelishilgan holda Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi tomonidan tayinlanadi va ozod etiladi.

Tuman va shahar prokurorlari Qoraqalpog’iston Respublikasi prokurorining taklifiga muvofiq O’zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan tayinlanadi va ozod etiladi.

Qoraqalpog’iston Respublikasi prokurorining, tumanlar va shaharlar prokurorlarining vakolat muddati – besh yil.

116-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi prokuratura organlari o’z davlat vakolatlarini har qanday davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslardan mustaqil holda, faqat qonunga bo’ysunub amalga oshiradilar.

Prokurorlar o’z vakolatlari davrida siyosiy partiyalarga va siyosiy maqsadlarni ko’zlovchi boshqa jamoat birlashmalariga a’zolikni to’xtatib turadilar.

Prokuratura organlarini tashkil etish, ularning vakolatlari va faoliyat ko’rsatish tartibi qonun bilan belgilanadi.

117-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi hududida jinoyatchilikka qarshi kurash bo’yicha tezkor-qidiruv, tergov va boshqa maxsus vazifalarni mustaqil ravishda bajaruvchi xususiy kooperativ tashkilotlar, jamoat birlashmalari va ularning bo’linmalarini tuzish hamda ularning faoliyat ko’rsatishi ta’qiqlanadi.

Qonuniylik va huquqiy tartibotni, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilishda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga jamoat tashkilotlari va fuqarolar yordam ko’rsatishlari mumkin.

XXVI BOB. MOLIYa VA BYuDJET

[edit]

118-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasining byudjeti respublika va mahalliy byudjetlardan iborat.

119-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi davlat byudjetining daromad va xarajatlarini respublika hamda mahalliy byudjetlarga taqsimlash Qoraqalpog’iston Respublikasi qonunlari bilan belgilanadi.

OLTINChI BO’LIM. KONSTITUTsIYaGA O’ZGARTIRISh KIRITISh TARTIBI

[edit]

120-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasining Konstitutsiyasiga o’zgartirishlar Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kenges jami deputatlarining kamida uchdan ikki qismidan ko’pchiligi tomonidan qabul qilingan qonunlar va Qoraqalpog’iston Respublikasining referendumi bilan kiritiladi.

121-modda. Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi Konstitutsiyaga o’zgartirishlar hamda tuzatishlar kiritish to’g’risidagi qonunni tegishli taklif bo’lganidan keyin olti oy mobaynida qabul qilishga haqli. Agar Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi Konstitutsiyaga o’zgartirish kiritish to’g’risidagi taklifni rad etsa, taklif bir yil o’tgandan keyingina qayta kiritilishi mumkin.


Public domain in U.S.
Public domain in U.S.
This work is in the public domain in the U.S. because it is an edict of a government, local or foreign. See § 313.6(C)(2) of the Compendium of U.S. Copyright Office Practices, 3rd ed. 2014 (Compendium (Third)) . Such documents include "legislative enactments, judicial decisions, administrative rulings, public ordinances, or similar types of official legal materials."

These do not include works first published by the United Nations or any of its specialized agencies, or by the Organization of American States. See Compendium (Third) § 313.6(C)(2) and 17 U.S.C. § 104(b)(5).


A non-American governmental edict may still be copyrighted outside the U.S. Similarly, the above U.S. Copyright Office Practice does not prevent U.S. states or localities from holding copyright abroad, depending on foreign copyright laws and regulations.

English | español | français | italiano | 日本語 | +/−