Jump to content

Shodmarg

From Wikisource
Shodmarg (1917)
by Abdulla Qodiriy
334265Shodmarg1917Abdulla Qodiriy

Kichik feleto‘n

Mulla Karim Hojining yoshi yetmish yoshlarda edi. Yoshliqda boshiga ko‘b jabr-jafolar tushmish, dunyodagi hamma azoblarni tortmish edi.

Balki siz «Mulla Karim Hoji juda kambag‘al bo‘lg‘an ekan, shuning uchun faqirlik azobini, ochlik jafosini tortg‘andir», deb o‘ylarsiz. Yo‘q, Karim Hoji kambag‘al emas edi. Juda boy bo‘lmasa ham, besh-o‘n ming oqchasi, o‘n-o‘n besh botmon sholikor va bir qo‘rasi, yana bular ustiga xatmi kutub ham qilg‘an, zamonadan xabardor, musulmonlarning foyda zarariga tushunuvchi edi.

Endi mendan «O‘ziga yetarlik dunyosi, xatmi kutub qilg‘an, zamonadan xabardor bo‘lsa, nima uchun jabr-jafo chekkan?» — deb so‘rarsiz, albatga. Mulla Karim Hojining jafo chekuviga haligi zamonadan xabardorligi, musulmonlarning foyda-zarariga tushunuvchiligi edi. Mulla Karim Hojining qisqacha tarjimai holi mana bu:

Bir vaqt mulla Karim Hoji oxundning shahrida qozi saylovi bo‘lg‘an edi (bu vaqt qirq yoshlarida edi). Savdogar qozilar ellikboshilarga va hokimlarga minglab, yuzlab pora tiqib, qoziliqni sotib olg‘ach, bizning Karim Hoji qozi bo‘luvchilar ila etishgan va ularga «Xoinlar, zolimlar, zolim yordamchilari!» deb qichqirg‘an edi.

Qozi bo‘luvchilar nafsoniyatka ketib, yuqori hukumatka mulla Karim oxund ustidan: «Siz — hukumat, zolim ekansiz, biz — qozilar, sizlarning xoin yordamchingiz ekanmiz, shahrimiz mullalaridan mulla Karim oxund, siz—hukumatimizni «Zolim» va bizlarni «Zolim yordamchilari» deb atadi. Jazosini beruvingiz marjudir. Mundoq hukumatka qarshi kishilarning yo‘q qiluvingizni o‘tinamiz», deb ariza berdilar. Hukumat bu arizani ko‘ruvi bilan darrov jandarma yuborib, Mulla Karim oxundni turmaga oldirdi. To‘g‘ri so‘zlik jazosini tortib, so‘rovsiz, nesiz, ikki oy yotdi, uch oy yotdi, to‘rt oy yotdi. Beshinchi oyda so‘roq bo‘ldi. Karim oxund to‘g‘ri so‘zlik o‘ldig‘idan so‘ng:

— Hukumatni zolim debsan, — deb so‘ragan savoliga:

— Juda to‘g‘ri dedim, chunki hukumat jamoatning saylag‘an kishisini jamoat ishiga kiritmaydilar, o‘z tilovincha ish yuritadir.

Jamoat biror foyda-zararni ajratuvchini saylovga qaror bersa, darrov hukumat va hukumat bo‘rilari sapchiydilar. Munday hukumatni takroro «Zolim» va hukumat tarafidan qo‘yilgan ma’murlarni «Zolim yordamchilari» deyman, — dedi. Sud o‘lim jazosini buyursa ham, ba’zi suddagilar devona va telbalikka qaror berib, o‘n besh yil katr jazosi ila kifoyalandilar.

Oy o‘tdi, yil o‘tdi. Mulla Karim oxund dunyoda ko‘rmag‘an azoblar va jafolarni tortdi. Va hamisha Alloh taolodan zolimlarning jazosini tiladi. O‘n besh yilni azob-uqubat, hasrat va bolalarining firoqida o‘tkazib, jamoat ishina aralashmaslik vazifasi ila vatanina qaytdi. Bolalarni yonida ko‘bda turmadi. Haj niyatida safar qildi. Muqaddas ziyorat joylarida Alloh taolodan zolimlarning jazosini tiladi. Hajdan ham qaytdi. Jamoatka aralashmaslik vazifasi o‘ldug‘indan, zolim hukumat zulmidan hammaslaklari ila birlikda shikoyatlanuv ila kifoyalandi. Mundan so‘ng hukumat jafosina ilinmadi. Ilinganda ham Qora to‘raga (pristav) o‘rnidan turib, ta’zim qnlmag‘ani uchun uch oy turmada yotg‘an edi.

Endi chetdangina hukumat zulmiga, musulmonlarning ezilganlariga, shu zolim hukumat ish boshida turar bo‘lsa tez vaqtlarda musulmonlarning inqirozga yuz to‘tuvlarina chin-chindan achinib, kuyinib zolimlar haqig‘a duoyi badlar ila kifoyalandi.

Bu zolim adolatsizlik mulla Karim Xojini jabr-jafo, hasrat, afsus ila qartaytirdi, yoshi yetmishga yetdi.

Har kun o‘g‘li bozordan qaytg‘anda yangi xabarlar so‘rovchi bo‘lg‘anliqdan bu kun ham yangi xabarlar so‘radi. O‘g‘li suyungan tusda: — Suyunchi bering ota! Xalq va askar bir bo‘lib, hukumatni o‘rindan tushirgan, hamma ish xalq qo‘liga o‘tkan, eski hukumat ma’murlari o‘rindan tushirilib, qo‘lga oling‘an, ministrlar ham hibs etilg‘an, podsho ham qamalg‘an, hurriyat e’lon qiling‘an, dedi. Mulla Karim ota:— Hurriyat?! — dedi, orqasiga yiqildi. O‘g‘illari yuziga suv sepdilar. Lekin ul hushsiz emas edi, balki shodmarg bo‘lg‘an edi.

Abdulla Qodiriy

«Najot» 1917 yil, 21 mart, 2-son, 3-bet


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"