Til masalasi (Hoji Muin)
I
[edit]Hozirda bizlar uchun eng muhim masalalardan biri, shubhasiz, til masalasidir. Biz Turkiston turklari ona tilimiz bo‘lg‘on turkiy til bilan birga yasharg‘a va turkiy tilimizni o‘z hayotimiz va o‘z huquqimiz bilan barobar muhofaza etarga tevishmiz.
Eski huqumat zamoninda biz turkistonlilar hukumatning rasmiy idora va maktablari nari tursin, o‘z maktablarimizda ham ona tilimizda ilm va fan o‘qumoqqa komili ixtiyorli emas edik. Chunki ul mustabid hukumatning chin muddaosi bizlarni va ham g‘ayri ruslarni ruslashturmoq bo‘lg‘onlig‘i sababli bizlarni har jihatdan qisarg‘a, ezarga tirishib tura edi.
Endi Xudog‘a shukrlar bo‘lsinkim, onday siqintiliq va shikanjalardan qutildiq. Hozirda har yerda ona tilimizg‘a so‘ylarga, ibtidoiydan o‘rta va oliy darajadagi maktablarimizda ona tilimizda tahsili ilm etmakka ixtiyorli bo‘ldiq, o‘shandoq rasmiy idoralarimizda qarornoma, tazkira va buyruqdek rasmiy kog‘ozlarimizni turkcha tilda yozarg‘a va tarqaturg‘a erklimiz. Shuning uchun endilikda shunday musoidli zamin va zamondan istifoda etib, turkiy tilimiz va adabiyotimizning takomilig‘a tirishmagimiz va turkiy tilimizning Turkistonda rasmiy hukumat tili qilurg‘a harakat etmagimiz lozimdir. Chunki muxtoriyatli Turkiston o‘lkasining 95 prusentini tashkil etgan biz, turk musulmonlarmiz. Shul sababli hozirgi zamonda turkiy tilimizni rus tili bilan huquqda barobar etarga va rasmiy hukumat tili yasarg‘a haqqimiz bordir.
G‘azetalarda o‘qug‘onimizga ko‘ra yaqinda Toshkandda bo‘lib o‘tgan bolshevik kommunistlar s’ezdida Tobulin afandi tarafindan musulmon tilini rus tili bilan huquqda barobar etmak masalasi qo‘zg‘atilg‘on. Tobulin afandi o‘z nutqinda aytgankim: «Hozirgacha rus tili rasmiy hukumat tili hisob etilib keddi. Biz muxtoriyatli Turkistonning asl egalari musulmonlar bo‘lg‘onlig‘ini xotirimizdan chiqarmasg‘a, shuning uchun alarg‘a o‘z tillarinda marom va maqsadlarini anglaturg‘a yo‘l ocharg‘a kerak, ya’ni mahalliy turkiy tilni rasmiy hukumat tili hisob etib rus tili bilan bir huquqtsa yuriturga, iste’mol etarga kerak».
Mana, ushbu muhim masalani boshlab qo‘zg‘atmoq vazifasi til egasi bo‘lg‘on biz musulmonlarg‘a lozim ekan. Bil’aks, ani qo‘zg‘atib, o‘rtag‘a otmoq sharafi boshqalarg‘a nasib bo‘ldi. Endi bizlarg‘a, xususan ish boshinda turg‘on ulug‘larimizg‘a, yoshlarimizg‘a va matbuotimizg‘a lozimdirki, fursatni o‘tkarmasdan tezdan ushbu masalaning hallig‘a tirishgaylar.
Ushbu munosabat bilan biz shuni aytib o‘tmakni tevish ko‘ramizkim, Turkistondagi musulmon sho‘rolari bilan musulmon rasmiy tashkilotlari idorasindagi barcha daftarlar bilan musulmon idoralarig‘a yuborilaturg‘on rasmiy kog‘ozlar turkiy tilinda yozilg‘ay. Ammo musulmon idoralarindan rus idoralarig‘a yuborilaturg‘on rasmiy kog‘ozlar yoninda ruscha nusxasi bilan birlikda turkcha yozilib yuborilgay. O‘shandoq rus idoralarindan musulmon idoralarig‘a yuborilaturg‘on rasmiy kog‘ozlar turkcha nusxasi ila birlikda ruscha yozilg‘ay.
Ilova suratinda ham aytamizkim, hozirda Samarqand musulmon shahar dumaxonasi bilan musulmon sho‘rosi o‘z taraflarindan musulmon idoralarig‘a yuborilaturg‘on rasmiy kog‘ozlarini faqat ruscha yozib yubormakdadirlarki, bu ish o‘z tilimiz haqinda bir jinoyatdir. Shuning uchun muhtaram sho‘ro va baladiya idorasindan o‘tinamizkim, bu masalag‘a ahamiyat berib, bu to‘g‘rida tezroq tadbir ko‘rarg‘a kirishgaylar.
«Mehnatkashlar tovushi» gazetasi, 1918 yil, 16 iyul
II
[edit]Mundan bir necha kunlar ilgari Toshkandda bo‘lib o‘tgan bolshevik kommunistlar qurultoyinda Turkiston jumhuriyatinda turkiy tilni rasmiy davlat tili etarga qaror berilganligi xabari ila barobar shul xususda g‘azetamizda bir maqola yozib va o‘shandan beri bu to‘g‘rida markaziy hukumatning buyrug‘ini kutib tura edik.
So‘ng kunlarda ushbu haqda muqaddima o‘laroq Turkiston markaziy qo‘mitasinda yuqoridagi buyruq chiqariddi.
«Ulug‘ Turkiston» rafiqimizning yozg‘onig‘a ko‘ra, 8nchi avg‘ustda Markaziy Turkiston komitetining binosinda Turkiston musulmonlari uchun davlat tili tayin etguvchi komissiyasining Znchi yig‘ilishi bo‘lg‘on. Sulkin taxti rayosatinda rus va musulmon jamoat xodimlarining ishtiroki ila yasalg‘on bu majlisda «Turkiston musulmonlari uchun davlat lisoni turkiy tili bo‘lur» deb qat’iy qaror chiqarilg‘on. Shuning ila barobar o‘rnig‘a qarab bu tilda o‘zbek, qozoq ham turkman shevalarindan birisi oldin tutilur degan bir talab ham kirguzilgan. Turkiy tilning hukumat mahkamalarinda, po‘chta, teleg‘rof, bank, xazinaxona va boshqa shunday davlat muassasalarining qayusinda voqe ravishda imloga qo‘yilmog‘i haqinda loyiha tuzmak ishi Ko‘charboyev bilan S. Liqushin afandilarg‘a tobshurulg‘on. Bu loyihaning hozirlanib tamom bo‘lishi bilan turkiy tili Turkiston uchun davlat lisoni etilib farmon chiqarilur va butun mahkamalarda bu tilda ariza, kog‘oz va teleg‘romlar qabul etarga amr berilur ekan.
Ushbu yaxshi xabar biz Turkiston musulmonlarini bir yoqtsan qancha shodlantirsa ham, ikkinchi yoqdan ko‘b qiyinliqlar oldinda shoshtirib qo‘yur. Chunki turkiy tilimiz davlat tili bo‘lib, Turkiston jumhuriyatindagi barcha hukumat musulmonlarig‘a kirguzilganda bu o‘rinlarda yetisharliq mirzo va tarjimonlar til bilmaydirki, muning uchun zo‘r mushkulot oldinda shoshib qolurmiz. Hozirgi mirzolarimiz bo‘lsalar, o‘zlari turk o‘g‘li turk bo‘lib turkiy tilning qoidalarini va yoki imloni bilmaydirlarkim, bularning yozg‘on va yozaturg‘on narsalari umum va ko‘cha tilindan ozgina tafovutlidir. Munga ilova, bu so‘ng yillarda (boxusus Rusiya inkilobidan keyin) bizning mirzolar orasinda yomon bir odat joriy bo‘la boshladiki, bular turkiy tilimizga ruscha so‘zlar qo‘shib yozaturg‘on bo‘ldilar. Ruscha o‘qug‘on ziyoli va tarjimonlarimizga kelganda, bular (aksariyat ila) ruscha va turkchani yaxshi bilmaganliklari sababli tarjimalari ochiq va durust chiqmaydi. Bulardan ruschani yaxshi bilaturg‘onlari turkchani durust bilmaydirlar.
Biz turkcha qoidalarni bilmaganlari uchun hozirgi mirzo va tarjimon birodarlarimizni ayblay olmaymiz, alar bu to‘g‘rida ma’zurdirlar. Chunki alar va bizlarning hech qaysimiz muntazam maktablarda o‘qub chiqmag‘on. Til qoidalarining ta’limi muntazam maktablarda bo‘ladir-ki, munday maktablar hanuz Turkistonimizda ochilg‘on emas. Hozirgacha davom etib kelgan yangi maktablarimizda bo‘lsa turkiy tilimizning sarf va nahvi o‘qutila boshlag‘oni yo‘q. Bizning turkiy tilimiz ishlanmag‘on bir til bo‘lib, muning sarf va nahvig‘a oid hanuz biror turli risola bosilib chiqg‘on emas. Bizning muallim afandilarimiz til qoidalarini yaxshi bilmaydirlarki, ushbu kungacha ba’zilari tarafindan yozilg‘on maktab kitoblarindan ma’lumdir.
Xulosa, bir tarafdan tilimizning hanuz ishlangan bir holg‘a kelmaganligi, ikkinchi tarafdan bu kungi ishlarimizg‘a yetisharlik miqdorda til bilaturg‘on mirzo va tarjimonlarning topilmaslig‘i masalasi biz Turkiston xalqini og‘ir va qiyin bir vaziyatda qoldiradirki, muning taxfifi uchun biror turli tadbir va chora ko‘rmakimiz lozimdir.
Bizning fikrimizcha, bu mushkilotning bir daraja oldini olmoq va o‘z oramizdan yaxshi mirzo va tarjimonlar yetishtirmoq uchun hozirdan boshlab Turkiston o‘lkasidagi har bir shaharda hukumat hisobindan til kurslari ochilsun. Bu kurslar ikki sho‘badan iborat bo‘lub, birinchi sho‘basinda hozirgi mirzolarimiz bilan mirzolikka havaskor kishilarg‘a turkiy til qoidalari va daftardorliq usullari o‘rgatilsun. Ikkinchi sho‘basinda hozirgi tarjimonlarimiz bilan tarjimonlikka havaskor odamlarg‘a turkcha va ruscha tillari va tarjima etmak usullari o‘rgatilsun. Mundan so‘ng shunday kurslardan mirzolikka yoki tarjimonlikka shahodatnoma olib chiqg‘on kishilargina xidmatga olinsunlar.
Mana ushbu tadbirni ixtiyor etgan taqtsirdagina biz yuqorida aytilgan qiyinliqlardan bir daraja qutulg‘on bo‘lurmiz.
«Mehnatkashlar tovushi» gazetasi, 1918 yil, 20 avgust
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|