Jump to content

Turkistonda vaqf ishlari

From Wikisource
Turkistonda vaqf ishlari (1922)
by Munavvarqori Abdurashidxon oʻgʻli
334504Turkistonda vaqf ishlari1922Munavvarqori Abdurashidxon oʻgʻli

Turkistonda hozirg‘acha ma’lum bir yo‘lga qo‘yilmagan chatoq ishlardan biri vaqf ishlaridir. Inqilobdan beri vaqf ishlari uchun yuzlarcha komissiyalar tuzildi. Turluk loyihalar yasaldi. Lekin kutilgan bir natija chiqmadi.

Keyingi vaqtlarda vaqflarni xalq qo‘liga berish siyosati maydonga chiqdi. Buning uchun TurkSIK tomonidan bir loyiha tuzilib, qozi va mudarris qurultoyidan ham o‘tkazildi. Samarqand, Farg‘ona oblastlarida vaqf sho‘rolari tuzilib, ishga ham kirishdi. Sirdaryo oblastida ham mundan bir oy muqaddam turluk tashkilotlar tarafidan vaqf sho‘rosi uchun vakillar saylanib tegishlik o‘rtoqlarga topshirildi. Eski shahar ijroqo‘mida saylov qarornomalari oylab yotgandan so‘ngra tasdiq qilinub, muzofot ijroqo‘miga topshirganligi eshitiladir. Har holda u yerda ham yota-yota zerikgach, undan ham tasdiq qilinub, Sirdaryomizda ham vaqf sho‘rosi ishga kirishsa kerak.

Vaqf sho‘rolari ishga kirishgan bilangina kutilgan natija chiqarmi, yo‘qmi? Unisini kelgusi ko‘rsatur. Yolg‘uz hozirgacha vaqf ishlarini bu tariqa chatoq holda qoldirib kelgan ko‘p sabablarning eng kattasi vaqflarni sarf va boshqarish to‘g‘risidagi fikrlarning turlikligidir. Bir-biriga tamom teskari bo‘lgan bu fikrlar birlashmagan taqdirda vaqf ishlari tag‘in chuvolur. Har kim har tomonga qarab tortar, urishilur, so‘kishilur, natijada takror vaqflarning tog‘ kabi madrasalar bino qilishdan va ulardagi o‘quvchi va o‘qituvchilarning ta’minoti uchun qoldirgan millionlarcha vaqflaridan kutgan maqsad-muqaddaslari shu choqg‘acha bo‘lib kelganidek poymol bo‘lur. Bunchalik vaqflar, bunchalik madrasalardan xalqning maorif va madaniyati nomiga foydalanish mumkin bo‘lmas.

Boshqa mutaraqqiy islom mamlakatlarida ko‘pdan buni tushunib, bu to‘g‘ridagi ixtilofi afkorni oradan ko‘targanlar, vaqf ishlarini ma’lum bir yo‘lg‘a qo‘yib, maorif byudjetining buyuk bir qismini vaqfdan keragicha istifoda qilmoq, vaqflarning ruhlarini shodlantirmoq bo‘lsak, avvalo bu to‘g‘ridagi ixtiloflarni bir yog‘liq qilib, fikrlarni birlashtirishimiz kerakdir. Vaqf ishlari to‘g‘risida inqilobdan beri boshlucha to‘rt fikr rol o‘ynab keldi:

1-hasadchilar, 2-tafritchilar, 3-ifrotchilar, 4-mo‘tadillar fikri.

Hasadchilar kimlar? Ma’lumki, Turkiston vaqflari musulmonlar tarafidan din, maorif va madaniyatlari uchun taxsis etilub, qoldirilg‘on xos va xolis sarmoya’i milliyalaridir. Boshqa millatlar qatorida umumiy maorif-sarmoyasidan foydalanish ustiga o‘zlarining ushbu milliy sarmoyalarini ham yaxshi bir yo‘lga qo‘ya olmaslar, ehtimolki, tez ko‘tarilib (taraqqiy qilib) o‘zlarini mustamlakachilar qullig‘idan qutqarsalar. Yerlik xalqning doimo jaholatda qolub, qul bo‘lib turishlarini istagan mustam-lakachilar, albatta, buni ko‘rolmaydurlar. Hasad qilurlar. Shuning uchun qaysi yo‘l bilan bo‘lsa-bo‘lsun vaqflarni yo butunlay xazinaga olmoq va yo hech bir yaxshi yo‘lg‘a kirishga yo‘l bermasdan, hamisha chatoq bir holda qoldirish harakatida bo‘lurlar.

Vaqf ishlari durust yo‘lg‘a kira boshladimi, darrov bir chatoq chiqorib, ishni buzadilar. Bu jinoyatni to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zlari qilmasdan, yerliklardan bir necha aldangan yoki sotilgan kishilar topib, ular vositasi bilan ishlaydilar-da, lablarini yalab, «erlik ishchilarning o‘zlari shunday istaydirlar», deb ko‘zlarini lo‘q qilib qarab tura beradirlar, juda bo‘lmagan taqdirda otini «Sharq siyosati» qo‘yib, vaqflarni podshoh zamonasining butun mullolarni o‘z ixtiyorlariga qoldirish fikrini quvvatlaydirlar. Bundan maqsadlari esa bir oz vaqt shunday qoldirib, zamoni kelganda: «Qachongacha mullolar vaqfni o‘rinsiz yeb yotadirlar, buni xazinaga olmoq kerak», degan bir fikrni quvvatlab o‘tkarishdir.

Mana bu firqani biz hasadchilar, mustamlakachilar, deb ta’bir etamiz. Inqilobdan beri vaqf ishlari shul firqaning habis fikrlariga qurbon bo‘lib keldi. Keyingi, TurkSIK loyihasi ila shoyad bu firqaning fikriga ehtimom berilgan bo‘lur, deb umidlanamiz.

Tafritchilar kimlar? XIX asrning boshlaridan to Rusiya inqilobigacha bo‘lgan bir muddatda Turkiston madrasalarining tarixini va bundan bo‘lgan ta’lim-tadris yo‘llarini, vaqflarda bo‘lgan suiiste’mollarini va yetish-tirgan shogirdlarini bir daraja nazardan kechirilsa, ko‘nglida andak milliy va diniy his bo‘lgan har kishining ko‘zidan beixtiyor yosh oqadir. Bu xususda hozirgacha ko‘p yozildi, so‘zlandi, takror tafsillab o‘ltirmakni luzumi yo‘q, faqat shunigina aytish mumkinki, so‘ng asrlarda ko‘p madrasalarimiz diniy va dunyoviy ulamolardan tamom tozalanib, xolis ilmsizlar yetkuzaturgan bir tanbalxona holiga kelgan edi. O‘tganda Buali, Forobiy, Taftazoniy kabi hakimlar va olimlar yetishdirgan Turkiston madrasalari keyingi kunlarda tuzukroqbir mudarris yoxud imom ham yetishtira olmayturgan bir holga tushgan edi. Hozirda mavjud ba’zi durustroq mudarris va imomlarimiz ersa madrasalarning tartibliligi soyasida emas, madrasalarning tartib va qonuniy xorijda o‘zlarining qilg‘on xususiy tashabbus va g‘ayratlari orqasidagina favqulodda zakolari soyasidagina yetishgandirlar.

Vaqf to‘g‘risida shunday bir fikr borki, vaqflarni ilgaridek har bir madrasaning o‘ziga berib va har bir madrasaga ikki-uch mudarris belgilab, ularning shogirdlari bo‘lsun-bo‘lmasun, madrasa vaqfini bohuzur yeb yotishlariga pul berilsun emish. Shunday bo‘lg‘on taqdirda tadrijan shogird ham yig‘ilar emish hamda vaqfning shartiga va sharoitiga muvofiqbo‘lar emish, qisqasi, Nikolay zamonida madrasalar va vaqflar qanday idora qilingan bo‘lsa va nimalar o‘qitilgan bo‘lsa, hozirda ham shunday bo‘lsun emish. Isloh-mislohdan hech bir og‘iz ochilmasun emish.

Bu fikrning boshida turuvchilar har kimga ma’lum, biz bularni tafritchilar va infishochilar, zamondan xabarsiz, xalqni qorong‘uda qoldirg‘uvchilar, deymiz.

Hasadchilar ila tafritchilar ba’zi moddalarda birlashib ham ketarlar. Faqat hasadchilar bilib va tafritchilar aldanib birlashurlar.

Ifrotchilar kimlar? Hasadchilarning siyosati habisasiga tushungan va tafritchilarning jaholat va taassubidan kuyganlardan bir fikr kelib chiqodurki, bular «Qo‘y, bu madrasalaringdan va bu mullolaringdan hech bir umid yo‘q. Modomiki, vaqflar o‘z ixtiyorimizga berildi, xalq nazariga bir necha madrasalarni liqillatib qo‘yaylik-da, vaqf badallari ila bir necha ibtidoiy maktablarni tarbiya qiloylik. Bizning hayotimiz va najotimiz shul maktablarg‘a bog‘likdir, eskini har qancha yamasang-da, eski, eskini yamab ovora bo‘lub o‘tirgandan ko‘ra, butun tashlab, yangisining harakatida bo‘lgan yaxshi, deydirlar. Biz bularni ifrotchilar, uzoqni ko‘ra olmag‘uchilar, yangi qilib beraman deb uhdasidan chiqolmay, xalqni eskidan ham mahrum etib, yalang‘och qoldiruvchilar, deb ta’bir etamiz. Mo‘tadillar kimlar? Bu haqda kelar sonda.

«Haqiqat» jurnali, 1922 yil, 2-son


This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
  • It is an anonymous or pseudonymous work and 50 years have passed since the date of its publication
  • It is a posthumous work and 70 years have passed since the date of its publication
  • It is another kind of work, and 70 years have passed since the year of death of the author (or last-surviving author)
  • It is one of "official documents (laws, resolutions, decisions, and etc.), as well as their formal translations; official symbols and marks (flags, emblems, orders, banknotes, and etc.); works of popular art"