Vaqf ishlari
Andijon shahar va uyezd vaqf shu’basi o‘zining chin ishlik davrini may oyining o‘rtalarida boshlag‘an edi. Shundan beri ham butun qilg‘an ishlari shahardagi vaqf mulklarini ro‘yxat qilish, uyezdning 6 mahkumiga maxsus vakillar qo‘yub, shular orqali uyezd vaqflarining ro‘yxatini ola boshlash va ro‘yxat qilinib, qo‘lg‘a kirgan mulklarini ijaraga qo‘yishdan iborat bo‘ldi. Bular tashkilot jihatidan.
Endi maorif – ilm jihatiga kelsak, uning qilg‘an ulgurji bir ishi yoz oylarida shahrimizda davom etgan ta’lim-tarbiya Qurslarig‘a ulgurji yordam qilishidur. Bu Qurs magar vaqf shu’basidan yordam olmag‘an bo‘lsa, ochilar-ochilmas yopilg‘an bo‘lur edi.
Yana shahrimizning bundan boshqa musulmon maktab va internatlarig‘a katta-katta muovanati ko‘b bo‘ldi. Maorif vajhidan bu kungacha mundan ortiq bir yordamni vaqf shu’basi qilg‘ani yo‘q, gapning rostini aytsak, qila olg‘ani yo‘q.
Chunki vaqf shu’basi hali shu choqqacha tashkilot ishini joylay olg‘ani yo‘q.
Yaqinda markaz vaqf idorasidan bir murshid kelib, shuning yordami bilan tashkilot va moliya ishlariga puxta poydevor qilindi. Endi kirimning oz-ko‘pligiga qarab maorif vajhidan ham durust narsalar ko‘rsatsa kerak.
Kirimni ko‘paytish masalasi umidli bir rangga kirgani yo‘q. Tag‘in qaytalam umidsizrak rangga kirib boradur. Shahar xo‘jalig‘i shu’basi bilan vaqf shu’basi orasida bozor janjallari bo‘lub, u janjallar ko‘brak vaqfning zarariga tamom bo‘ladur. Bunda jiddiy zo‘r va asosligina bir onglashilmasliq bor. Ayniqsa, Turkiston markaz ijroqo‘mining vaqf ishlari to‘g‘risidag‘i mashhur 173-dekreti bir qadar o‘zboshimcha tafsirlarga yo‘luqmoqdadur. Bu hol boshqa shaharlarda ham bo‘lsa kerak. Buni mutlaq, umumiy doirada hal etmak lozim.
Andijon shahar va uyezd inqilobiy qo‘mitasining qarori bilan maorif nazorati qaramog‘idag‘i beshinchi «Namuna» maktabi vaqf shu’basi ta’minotiga o‘tdi. Shu birgina maktabni yaxshi yo‘lga qo‘yub, chindan «namuna» qilmoq harakatidadur. Mudir va hay’at ta’limiya yangilandi. Ikkinchi sinfdan osha olmag‘an bu maktab uchinchi va to‘rtinchilarga ega bo‘lmoqdadur. Agarda mahalliy mablag‘ (sredstvo)ga ishonsa, mutlaq shikast-rexti qaralmay qoladurg‘an bu maktab yaxshilab tuzatdirilmakchi. Kerakli reja va chiziqlari chizilib bo‘ldi.
Maktab oldida rushdiy sinflar ochmoqqa vaqf shu’basi qaror berib qo‘ydi. Lokin muallim yo‘qligidan bu qaror haliga qolub ketaturg‘ang‘a o‘xshaydur.
Vaqf shu’basining qaramog‘ida eski maktablardan uchtasi isloh qilindi. Bularning joylari yaramas. Yaxshi joy topub ko‘chirish, eski joylarni tuzatub, yararliq holg‘a keltirish uchun ham harakat bor.
«Harakatda barakat!» – degan gap bor. Soni bormoq hisobig‘a yetmaydurg‘an Andijon maorifchilariga shundan boshqa tasalli ham yo‘q…
This work is first published in Uzbekistan and is now in the public domain because its copyright protection has expired by virtue of the Law of the Republic of Uzbekistan on Copyright and Related Rights, enacted 2006, amended 2021. The work meets one of the following criteria:
|